"Levchenko meni boshqatdan kashf qildi" yoxud Umar Adhamzoda "Neftchi"da qoladimi yoki legionerga aylanadimi?

  • 13 dekabr, 2023, 12:25
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Bu yil Superligada 5-o‘rinni band etgan “Neftchi” klubida kelajagi porloq, iqtidorli futbolchilar yig‘ilgan.

Tecno

Jumladan, 25 yoshli o‘yinchi Umar Adhamzoda ko‘pchilikda iliq taassurot qoldirdi. Himoyada ham, yarim himoyada ham foydali o‘yin ko‘rsatib, murabbiylarning ishonchini qozongan futbolchiga bugungi kunda talabgorlar bisyor. Futbolchi Superligada 24 ta uchrashuvda 3 ta gol urdi. O‘zbekiston Kubogida esa 3 ta bahsda raqiblar darvozasiga 2 ta to‘p kiritdi.

Sports.uz jurnalisti Adhamzoda bilan bog‘lanib, qator savollarga javoblar oldi.

- Dastlab yakunlangan mavsum haqidagi taassurotlaringiz bilan o‘rtoqlashsangiz.

- Ajoyib, yuqori kayfiyatda o‘tdi. Faqat ozgina omad etishmadi. Bundan ham yuqoriroq o‘rinni olishimiz mumkin edi. Nasibaga yarasha 5-o‘rinni oldik. O‘tgan yili 9-o‘rinni egallagandik. Bu yil jamoamizda o‘sish bo‘ldi. Vitaliy Levchenko qo‘li ostida “Neftchi” ancha shakllandi. Biz chempionlik uchun kurashdik. To‘g‘ri, aytganimdek, omadimiz kelmadi, duranglarimiz ko‘payib ketgandir. Baribir ham yaxshi mavsum o‘tkazdik, deb o‘ylayman.

adxamzoda3

- Muxlislar “Neftchi”dan sovrindor bo‘lishini kutishgandi. Sizningcha, nima etishmadi?

- Ta’kidlab o‘tganimdek, omad etishmadi. Oxirgi turda “Navbahor”ga qarshi uchrashuvda shamollab qolganim bois o‘ynay olmadim, o‘yinni stadionda kuzatdim. Yigitlar harakat qilishdi, kurashdi, medallardan birini egallashni barcha xohladi. Ko‘rgan bo‘lsangiz, bizda golli imkoniyatlar ko‘p bo‘ldi, urolmadik. 5-o‘rin nasib qilgan ekan.

- Ko‘pchilikni Umar Adhamzoda yangi mavsumni qaerda o‘tkazadi, degan savol qiziqtiryapti. Bunga qanday javob bergan bo‘lardingiz?

- Hozir noma’lum. Meni “Neftchi” bilan bir yillik shartnomam bor. Ko‘ramiz. Muzokaralar olib borilyapti. Sizga palonchi klubda o‘ynayman yoki legioner bo‘lishim mumkin, deb aniq ayta olmayman. Agar yangilik bo‘lsa, o‘zimni instagramimda yoki Sports.uz da e’lon qilamiz. Hamma narsa bo‘lishi mumkin. Oldimda legionerlikka aylanish varianti ham turibdi. Barchasini o‘ylayapman. Klubimni o‘zgartirishim yoki qolishim mumkin.

adxamzoda1_1

- “Paxtakor”ni sizga qiziqayotganligi qanchalik rost?

- Bor, yo‘q emas. Aytyapman-ku, hali hech nima aniq emas. “Paxtakor”ga o‘tishim yoki legionerga aylanishim yo “Neftchi”da qolishim borasida hech nima ayta olmayman. Yana qaytaraman: “Neftchi” bilan shartnomam bor. Shunga qaramay, muzokaralar olib borilyapti. U yog‘ini vaqt ko‘rsatadi.

- Legioner sifatida sizga qaysi mamlakat klublaridan takliflar bo‘layotganini ayta olasizmi?

- Bir-ikkita bor, anig‘ini ayta olmayman. Evropa emasu, Osiyo jamoalaridan qiziqishlar bo‘lyapti.

adxamzoda2

- O‘zingizga qolsa, nima qilardingiz? “Neftchi”da qolarmidingiz yoki boshqa jamoada o‘zingizni sinab ko‘rish ishtiyoqingiz kuchlimi?

- “Neftchi”ga hurmatim baland. 4 yildan beri shu jamoada to‘p suraman. Men uchun eng asosiysi, o‘sish. Oldinga qarab intilishga harakat qilyapman. Agar o‘xshab qolsa, legioner bo‘lib to‘p surish istagim bor. O‘zimizni futbolda o‘ynadim, ko‘rdim. Endi yanada kuchliroq chempionatga borib o‘ynamoqchiman. Iloji bo‘lsa, Evropada to‘p surmoqchiman. Bo‘lmasa Osiyoning kuchliroq chempionatlariga bormoqchiman. Faoliyatimda yangi sahifa ochish va o‘sish niyatidaman. Shu bilan birga milliy terma jamoada o‘ynash maqsadim ham bor.

- Levchenko qo‘li ostida qanchalik o‘zgardim va o‘sdim, deb ayta olasiz?

- Vitaliy Levchenko kelganida “Neftchi”da pozitsiyam umuman boshqa edi. Keyin esa o‘zim uchun yangi qirra ochdim. Demak, meni hali yana ochilmagan qirralarim bor. Levchenko meni boshqatdan kashf qila oldi, deb o‘ylayman.

adxamzoda4

- “Neftchi” safida bu yil siz uchun yoqimli va yoqimsiz o‘yinlar sifatida qaysilari yodingizda qoldi?

- Anchagina uchrashuvlarimiz yoqimli bo‘ldi. Masalan, chempion bo‘lgan “Paxtakor”ni uyida ham, o‘z maydonimizda ham taslim qildik. “Navbahor” bilan o‘yin, uyimizda “Nasaf”ni yutganimiz yoqimli edi. Eng yoqmagani “Buxoro” bilan 2:2 hisobida durang qayd etganimiz bo‘ldi. Umumiy olganda, “Neftchi” uchun mavsum yaxshi o‘tdi. O‘tgan yili tushib ketish arafasidagi klubni chempionlikka talashishini hech kim kutmagandi, o‘zim ham. O‘tgan yili 9-o‘rinni olib ligada qoldik. Keyingi yili bular chempionlikka da’vogarlik qiladi, deb hech kim o‘ylamagandi. O‘ylaymanki, ishonchni oqladik. “Neftchi” yana avvalgi mavqeiga qaytdi, hamma klubga ishonch bildiryapti. Keyingi yili endi bundan ham katta maqsadlar qo‘yiladi. Hamma jamoamizni nimalarga qodirligini ko‘rdi.

Shuhratbek Jo‘raev.   

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!