"Liverpul" Salohga o‘rinbosar uchun 100 milliondan ko‘proq pul sarflashi mumkin
"Liverpul" tarkibni kuchaytirish maqsadida yuqori saviyadagi yangi futbolchilarga sarmoya kiritishga tayyor. Bu haqda Caught Offside xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, mersisaydliklar 33 yoshli vinger Muhammad Salohga uzoq muddatli o‘rinbosar sifatida ko‘rsatilayotgan "Bavariya"ning 23 yoshli qanot hujumchisi Maykl Olisega qiziqish bildirmoqda.
Ta’kidlanishicha, nemis grandi Frantsiya terma jamoasi futbolchisi uchun taxminan 87 million funt sterling (100 million evro) talab qilishi ehtimoli yuqori. Ammo Angliya chempionati klublari bilan muzokaralar foydaliroq shartlar asosida olib borilishi mumkinligi haqida og‘zaki kelishuv mavjud.
Olise 2024 yilning yozida "Kristal Pelas"dan nemis grandiga o‘tdi. Bu vaqt ichida hujumchi barcha musobaqalarda 59 ta o‘yinda maydonga tushib, 24 ta gol va 23 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Futbolchining klub bilan amaldagi mehnat shartnomasi 2029 yilning yoziga qadar mo‘ljallangan. Transfermarkt portalida keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, futbolchining bozor narxi 100 mln evroni tashkil etadi.
Fikrlar