
«Liverpul» tarixidagi eng yosh debyut qilgan futbolchi hozir tovuq sotmoqda. Sterlinglan ham uzoqqa borishi taxmin qilingan futbolchining qulashi!
Agar “Liverpul”ga anchadan beri muxlislik qilsangiz, 10 yil avval “Enfild”ning bo‘lajak yulduzi deb atalgan Jerom Sinkleyrni unutmagansiz. 2011 yilda “qizillar” uni “Vest Bromvich” akademiyasidan o‘zi tomonga og‘dirib olgan, kelajakda Angliya futbolining yangi yulduzi bo‘lishi haqida matbuot bong urgan edi. Uning Mersisayddagi ilk yillari chog‘ida hatto Rahim Sterlingdan ham iqtidorliroq ekanligiga hech kimda shubha yo‘q edi.
14 yoshidayoq U16 jamoasida o‘zini ko‘rsatgan yigit 18 yoshgacha futbolchilar tarkibida 4 ta o‘yinda ishtirtok etadi. Avvaliga kam gol kiritganiga qaramay, hujumchi barcha murabbiylarda iliq taassurot qoldiradi. Yillar o‘tgani sari u tengqurlari ichidan ajralib chiqishni boshladi. O‘sha davrda mo‘jiza sodir bo‘ldi. Jamoaga endigina kelgan Brendan Rojers Liga kubogining 3-bosqichidan o‘rin egallagan o‘yin uchun qaydnomani e’lon qildi. Unda Jeromning ism-sharifi bor edi. Raqib esa, “Vest Bromvich!” Sinkleyr bahsning 81 daqiqasida o‘yinga qo‘shildi va klub tarixidan o‘rin egalladi. U 16 yoshu 250 kunlik paytidayoq “Liverpul” safidagi debyutini o‘tkazgandi.
Afuski, mo‘jiza qayta sodir bo‘lgani yo‘q. Uni tezda o‘smirlar jamoasiga qaytarib yuborishdi. Bir nechta jarohatlarni inobatga olmasa, Jerom tengqurlari orasida ajralib turishda davom etdi. Hatto, UEFA Chempionlar ligasining yoshlar o‘rtasidagi musobaqasida 6 bor raqib darvozasini ishg‘ol etishni ham uddaladi. Shunga qaramay, asosiy jamoada uni ko‘rishni hech kim istagani yo‘q. Natijada, hujumchi 2015 yilda ijara asosida “Uigan” bilan shartnoma tuzdi. Barcha unda o‘zini ko‘rsatish imkoni paydo bo‘ldi deb o‘ylagan edi, ammo yarim yil ichida atigi 1 o‘yin. Qo‘shimchasiga, surunkali jarohat va ijarada o‘tgan omadsiz yarim yil.
Ortga qaytgach, murabbiylar shtabi hujumchiga imkon berdi. “Chelsi”ga qarshi bahsda Sinkleyr maydonda atigi 20 daqiqa harakat qildi. Ketma-ket omadsizlikka qaramay, uning “yosh, iqtidorli” maqomi hech qaerga yo‘qolib qolgani yo‘q. Shu bois, futbolchiga “Bormunt”, “Uotford” singari jamoalardan qiziqish bo‘ldi. “Liverpul” bir necha millionlik takliflarning barchasini rad etdi. Afsuski, oradan 6 oy o‘tib, Sinkleyr “Enfild”ni erkin agent sifatida tark etdi. Futbolchi “Uotford” bilan shartnoma imzoladi. Achinarlisi shundaki, forvard keyingi 5 yil davomida yangi jamoasi uchun bor-yo‘g‘i 9 uchrashuvda ishtirok etdi, xolos.
Adog‘i yo‘q ijaralar 2021 yilga kelibgina yakuniga etdi. “Uotford” bilan kelishuv yakuniga etdi. Shu erga kelganda, Jeromning professional karerasiga ham yakun yasaldi. Ko‘p o‘tmay, qahramonimiz “Oksford Yunayted”da faoliyatini qayta tiklamoqchi bo‘ldi, biroq yana omadsizlik. E’tiborlisi shundaki, Jerom katta futboldan uzoqlashganiga qaramay, Yurgen Klopp uni ko‘p bora qo‘llab-quvvatlab turdi. Keyinroq, Niderlandiyaga yo‘l olgan yigitni hatto professional futbolchiligiga ishonishmadi. Bu gap-so‘zlardan so‘ng Sinkleyr chidab turolmadi. U o‘zini ham, futbolni ham ortiqcha azoblashni istamadi. Butsalarini mixga ildi-qo‘ydi. Tamom.
2022 yilning iyul oyida u karerasi davomida jamg‘argan barcha pullariga “Morley's” brendining bir nechta filiallarini sotib oldi. Ya’ni, qovurilgan tovuq go‘shti sotiladigan tamaddixonalar egasiga aylandi. Hozir, futbolda omadi kelmagan yigit yaxshigina ishbilarmon bo‘lib ketgan emish. Vaholanki, futbol uni juda iliq kutib olgan edi…
Fikrlar