
"Lokomotiv" rasman Diyor Turopov bilan xayrlashdi va "Navbahor"ga o‘tganini e’lon qildi
Ma’lumki, “Lokomotiv” klubining iqtidorli yarim himoyachisi Diyor Turopov jamoasini o‘zgartirdi. Endilikda “Loko” ushbu futbolchining ketganini rasman tasdiqladi. Klub matbuot xizmati bu borada quyidagicha xabar qildi:
“Diyor Turopovga barchasi uchun rahmat!
2017 yildan beri “Lokomotiv” sharafini himoya qilib kelgan yarim himoyachi Diyor Turopov jamoamiz safini tark etdi.
Yozgi transfer oynasida Diyor Turopov “Loko”dan “Navbahor”ga o‘tgani haqida muxlislar xabar topib ulgurgan bo‘lsa kerak.
Diyor Turopov 2017 yilning 5 yanvar kuni “Lokomotiv” bilan shartnoma imzolagandi. O‘tgan besh yarim yil ichida o‘z o‘yini bilan “temiryo‘lchilar” mehrini qozona oldi va jamoamizning etakchi futbolchilaridan biriga aylandi.
Diyorjon Turopov “Loko”dagi davr mobaynida O‘zbekiston milliy chempionati doirasida 111 ta bahsda maydonga tushishga muvaffaq bo‘ldi. Shuningdek, O‘zbekiston Kubogi musobaqasi bilan Osiyo Chempionlar ligasida ham jamoamizga yaqindan yordam berdi. Endilikda Turopov faoliyatini boshqa klubda davom ettiradi.
“Lokomotiv” PFK besh yarim yillik hamkorlik uchun Diyorjon Turopovga minnatdorchilik bildiradi hamda yarim himoyachining keyingi faoliyatida omad tilaydi".
Fikrlar