
"Lokomotiv" Timur Kapadzeni munosib kuzatib qo‘ydi
Bugun klub qarorgohida “Lokomotiv” PFK rahbariyati jamoa a’zolari bilan uchrashib, yakuniga etgan mavsum haqida o‘z fikrlarini bildirdi va keyingi rejalar borasida kichik yig‘ilish tashkil etildi.
Bu mavsum “temiryo‘lchilar” uchun oson o‘tmadi. O‘ziga xos sinovli yil bo‘ldi, desak yanglishmaymiz. Jamoa ayniqsa birinchi davradan keyin murakkab holatga tushib qolgandi. Shu bois vaziyatni o‘nglash hamda jamoani yuqori o‘rinlarga ko‘tarish maqsadida ikkinchi davra oldidan murabbiylar shtabiga Timur Kapadze taklif etildi.
Ikkinchi davrani Andrey Miklyaev-Timur Kapadze juftligi qo‘l ostida o‘tkazgan “Lokomotiv” ijobiy natijalar qayd etdi. Bunda albatta Timur Tohirovichning mehnati katta ekanini aytmasak bo‘lmaydi. Shu sababli bugungi yig‘ilishda Kapadzge klub rahbariyati tomonidan ehtirom ko‘rsatildi.
Yosh murabbiy uchun kechagi bahs “Lokomotiv” murabbiyi sifatida oxirgi o‘yin bo‘ldi. Endilikda Timur Tohirovich bor e’tiborini O‘zbekiston U-19 terma jamoasiga qaratadi. Xabaringiz bor, kelasi yili mart oyida U-19 Osiyo chempionati O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadi va yoshlar terma jamoamizni mazkur musobaqaga Timur Kapadze tayyorlaydi.
“Lokomotiv” PFK Timur Tohirovichga chuqur minnatdorchilik bildirgan holda kelgusi ishlariga omad tilaydi. Umid qilamizki, O‘zbekiston U-19 terma jamoasi ushbu mutaxassis qo‘l ostida o‘z maqsadiga erishib, U-20 jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritadi, - deyiladi klub matbuot xizmati tarqatgan xabarda.
Fikrlar