
"Lokomotiv"ga qarshi o‘yin "qahramoni" uchrashuvdan so‘ng nimalar dedi?
Superliganing 3-turidan o‘rin olgan "Turon" hamda "Lokomotiv" jamoalari o‘rtasidagi o‘yin bo‘lib o‘tdi. Mazkur bahsda jamoalar 2:2 hisobida jangovar durangga imzo chekdi. Mezbonlarning 2-goliga mualliflik qilgan va qo‘pol xatoga yo‘l qo‘yib, jamoasini qiyin ahvolda qoldirgan Vladislav Kasminin o‘yindan keyin SPORTS.uz saytiga intervyu berdi.
"Birinchi o‘rinda shuni ta’kidlab o‘tishni xohlardimki, jamoa rahbariyati qisqa muddatda Superligada raqobatlasha oladigan kuchli jamoa tuza oldi. Nafaqat tarkib kuchaytirildi, balki stadion yangicha ko‘rinishga keltirildi. Muxlislarimiz ham bizni yolg‘izlatib qo‘ymayapti, ularga ham minnatdorchilik bildiraman.
O‘yinga keladigan bo‘lsak, uchrashuvni yaxshi boshladik. Tezkor ikta gol kiritdik va o‘zimiz xohlagan narsaga erishdik. Keyinchalik hisobni ushlashga harakat qildik. Chetlatishgacha bo‘lgan vaqtda raqib hech qanday imkoniyatga ega bo‘lmadi. Qo‘pol xatoyim sababli jamoa qiyin ahvolda qoldi. To‘g‘risi, o‘sha vaziyatda bir futbolchini nazorat qildim, lekin orqamdagi o‘yinchini ko‘rmagandim. Qo‘limni baland ko‘targandim, to‘p yo‘nalishi o‘zgarib ketdi, yakunda o‘zingiz ko‘rdingiz... Albatta, birinchi o‘rinda muxlislardan uzr so‘rayman. Biz g‘alaba qozonishni istagan edik, biroq chetlatish o‘yinni bo‘zib qo‘ydi. Bizda yaxshi jamoa va murabbiy bor. "Turon"ni katta g‘alabalar oldinda kutmoqda", - deydi himoyachi.
Fikrlar