"Lokomotiv"ning maqsadi qanday? Klub kimlarga tayanadi? Yangi bosh murabbiy bilan suhbat

  • 16 dekabr, 2021, 21:13
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Mikael Sekeyradan keyin “Lokomotiv” klubiga yangi mavsumda kim bosh murabbiylik qilishi dolzarb masalaga aylanib qolgandi. Rahbariyat esa chempionatning oxirgi turidagi “Nasaf” bilan uchrashuvda Denis Korostichenkoni “Loko”ning vaqtincha bosh murabbiyi etib tayinlashgandi.

Tecno

O‘shanda “temiryo‘lchilar” Qarshidan g‘alaba bilan qaytgandi. Buni qarangki, jamoa mutasaddilari yangi mavsum uchun yakunda Korostichenkoni rasman bosh murabbiy etib tayinladilar.

Bungacha ikkinchi murabbiy sifatida ishlab kelgan Denis Vladimirovich uchun faoliyatida yangi bosqich boshlandi. U rasman “Lokomotiv” bosh murabbiyiga aylanidan so‘ng Sports.uz muxbiriga intervyu berdi.

- Denis Vladimirovich, “Lokomotiv” klubi bosh murabbiyi etib tayinlanganingiz bilan tabriklaymiz. Barchasi qanday yuz berdi?

- Samimiy tabrik uchun katta rahmat! Umuman olib qaraganda, “Lokomotiv”da 2019 yil boshida Timur Kapadzening taklifi bilan paydo bo‘lganman. O‘shanda men yoshlar jamoasida ish boshlagandim. Shundan so‘ng, oradan ma’lum vaqt o‘tgach, U-19 terma jamoasida yordamchi murabbiy vazifasida ham ishladim. Timur Kapadzedan ish jarayonida ko‘p narsa o‘rgandim. Men uni O‘zbekistondagi eng yaxshi murabbiylardan biri deb hisoblayman. Garchi, Kapadze ancha yosh bo‘lsa ham unda katta tajriba bor. Birga ishlash chog‘ida boya aytib o‘tganimdek, ko‘p narsani aynan undan o‘rgandim. O‘tgan yili “Lokomotiv” murabbiylar shtabida qolib, jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha ishladim va Mikael Sekeyraga ko‘maklashdim. O‘zingizga yaxshi ma’lumki, o‘tgan mavsum tugashiga atigi bir tur qolganida Sekeyra oilaviy sabablarga ko‘ra uyga ketib qoldi. Shunda rahbariyat, To‘labek Akramov meni vaqtincha bosh murabbiy vazifasiga tayinladi. Mavsum tugaganidan keyin rahbariyat bosh murabbiy vazifasi uchun nomzodlar ustida (ularning orasida men ham bor edim) ishladi. Oxir-oqibat mutasaddilar mening nomzodimda to‘xtashni ma’qul topishdi. O‘zaro muzokaralardan keyin mana shunday qaror qabul qilindi.

denis6

- Siz Superligada ilk bor bosh murabbiylik qilasiz. 35 yoshli murabbiy uchun bu katta tavakkal emasmi?

- Ehtimol, bu xuddi siz aytgan kabi mendek yosh murabbiy uchun tavakkalona qadamga o‘xshasa kerak. Ammo boshqa tomondan olib qaraganda, zimmamga mana shunday zalvorli vazifada ishlash menga o‘zgacha zavq berishiga aminman.

denis1

- “Lokomotiv”da oldingizga qanday vazifa qo‘yildi?

- “Lokomotiv” rahbariyati har doim klub oldiga yuqori maqsadlarni qo‘yib keladi. Binobarin, yangi mavsum uchun ham jamoa oldiga katta vazifalar qo‘yilishi tayin. Shak-shubhasiz, yangi mavsumda “Lokomotiv” katta maqsadlar sari kurashadi. Shuningdek, biz o‘z maktabimizda tarbiyalanayotgan yoshlarga alohida e’tibor berishni ham maqsad qildik. Shunday yoshlarni asta-sekinlik bilan asosiy klubga jalb etmoqchimiz. Istaymizki, iqtidorli yoshlar asosiy jamoa o‘yiniga tezroq kirishib keta olishsin. O‘ylaymanki, bizda iste’dodli yoshlar talaygina. Aynan ular yaqin kelajakda “Lokomotiv” tarkibining o‘zagini tashkil qilishlari mumkin. Qolaversa, klub rahbariyati bilan tarkibni asta-sekinlik bilan yoshartirish rejasini ishlab chiqqanmiz va shunga asosan maqsad sari qadamba-qadam odimlab boramiz.

denis3

- Akmal Shorahmedov klubda jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha murabbiyga aylandi. Uni siz taklif qildingizmi?

- Ha, Akmalni “Lokomotiv”ga men taklif qildim! Men Shorahmedovni “Bunyodkor”dagi faoliyati orqali yaxshi bilaman. O‘tgan mavsum uning uchun futbolchilik faoliyatidagi oxirgisi bo‘lishini, keyinchalik murabbiylik kursida o‘qish niyati borligidan xabar topgandim. Shu bois vaqtni paysalga solmay Akmalni “Lokomotiv”ga taklif qildim (u jamoada jismoniy tayyorgarlik va fizioterapiya bo‘yicha ish olib boradi). Aytishim kerakki, u shu yo‘nalishlarda ishlashni va ushbu sohalarga qiziqishi borligini bildirdi. Endi Akmal asosan futbolchilarning jismoniy tayyorgarligi borasida ishga kirishadi.

denis

- Tarkibda o‘zgarishlar bo‘lyapti. Bu boradagi yangiliklarni ayta olasizmi?

- Ha, bunday holat har mavsum nihoyasiga etganidan keyin istalgan jamoada yuz beradi. Bundan boshqacha bo‘lishi ham mumkin emas. O‘zingiz aytib o‘tganingizdek, kimningdir shartnomasi nihoyasiga etgan, kimlargadir esa boshqa klublar takliflar yuborgan bo‘lishi aniq. Tabiiyki, biz murabbiylar rahbariyat bilan maslahatlashgan holda bunday vaziyatni nazorat qilamiz va birgalikda kerakli to‘xtamga kelamiz.

denis2

- Jamoamizning qishki tayyorgarlik rejasi qanday?

- Hozircha sizga shuni ayta olishim mumkinki, jamoa a’zolari bilan 20 dekabrda to‘planishga kelishib olganmiz. Shundan keyin jamoa a’zolariga yangi yil bayramini o‘tkazib olishlari uchun javob beramiz. Kelgusi yil boshidan esa futbolchilar ortga qaytishadi va biz yangi mavsumga tayyorgarlik ko‘rish ustida ish boshlaymiz.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!