
Lukaku biribir “Chelsi”dan ketadi!
“Chelsi” hujumchisi Romelu Lukaku jamoadoshlariga klubdan ketishga qaror qilganini ma’lim qildi, deb xabar bermoqda, Ispaniyaning AS nashri.
Manbaning ta’kidlashicha, 28 yoshli belgiyalik futbolchi “Inter”ga qaytib bormoqchi.
Xabaringiz bor, “Chelsi” rahbariyati bosh murabbiy Tomas Tuxel istagi bilan o‘tgan yozda Lukakuni 97,5 million funt evaziga transfer qilgan edi. Italiya chempionatida to‘purarlik qobiliyatini namoyish qilib kelgan hujumchi Angliya premer-ligasiga o‘tganidan keyin gol urishni unitib qo‘ydi.
Bir necha oy muqaddam Lukaku “Chelsi”dagi ahvolidan norozi ekani va jamoadan ketishi haqida intervyu bergani anchagina mojarolarga sabab bo‘lgandi. Keyinroq uzrini so‘ragan Romelu baribir fikridan qaytmagan ko‘rinadi.
“Inter” bu hujumchini qaytarish uchun katta summa to‘lashga tayyor emas. Tomonlar o‘zaro kelishuvga erishgan taqdirda milanliklar Lukakuni ijaraga olishi mumkin bo‘ladi xolos.
Lukaku joriy mavsumda barcha turnirlarda 34 ta uchrashuvda qatnashib, raqiblar darvozasiga 12 ta to‘p kiritdi va ikkita golli pas oshirdi. Solishtiradigan bo‘lsak, Romelu o‘tgan mavsumda “Inter” safida 44 ta o‘yinda 30 gol va o‘nta assist muallifi bo‘lgan va milanliklarning 11 yillik tanaffusdan so‘ng Italiya chempioni bo‘lishiga hissa qo‘shgandi.
Fikrlar