
Mag‘lubiyatsiz seriya qayd etayotgan Mirafzal Axtamov nega UFC ga o‘tmadi? Jangchimiz Sports.uz ga intervyu berdi
25 yanvar kuni BAA ning Dubay shahrida PFL ning navbatdagi turniri bo‘lib o‘tadi. E’tiborlisi, unda mag‘lubiyatsiz seriya qayd etayotgan hamyurtimiz Mirafzal Axtamov (8-0-1) mazkur promoushendagi o‘zining debyut jangini o‘tkazadi. Vakilimizga anglyalik Mayk Tompson (7-2) raqiblik qilishi rejalashtirilgan.
Bo‘lajak bahs oldidan MMA jangchimiz saytimizga intervyu berdi.
- Sizni hamma UFC ga o‘tishingizni kutayotgan edi. Lekin yakunda PFL+Bellator bilan shartnoma imzoladingiz. Nega bunday bo‘ldi?
– Oxirgi jangimdan keyin menga 77 kg da TUF ( The Ultimate Fighter) reality show va 70 kg da Bellator+PFL dan taklif tushdi. Jamoam bilan maslahatlashib, Bellator+PFL tashkilotini tanladik. Bunga sabab TUF da bitta yuqori vaznda jang qilishim kerak edi, bu esa tavakkal. Agar yaxshi jang ko‘rsata olmasam, UFC bilan sharnoma imzolash imkoniyatini yo‘qotaman, deb o‘yladim. Bo‘lajak bahslarda 3-4 ta g‘alaba qilsam, UFC ga yaxshi shartnoma bilan qo‘shilish imkoniyatiga ega bo‘laman.
– Keyingi rejalar PFL+Bellator da qolib, chempionlikni qo‘lga kiritishmi yoki rekordni yaxshilab, UFC ga o‘tishmi?
– Hozircha bo‘lajak jangimga yaxshi tayyorlanib, g‘alaba qilgandan keyin PFL yoki Bellator kamariga harakat qilaman.
– Sizni vazn toifangiz - 70 kg da raqobat UFC dagidek kuchli. Bu raqobatga qanday qaraysiz?
– Bilaman, 70 kg da ham Bellator+PFL da UFC dagi kabi top jangchilar bor. Biroq mana shu ergacha etib keldik. Kamarni olib, O‘zbekiston bayrog‘ini baland ko‘tarish asosiy maqsadimiz. Bu uchun mehnat qilyapmiz. Raqib kim bo‘lishining ahamiyati yo‘q. Hammasiga tayyormiz.
– Bo‘lajak raqibingiz Mayk Tompsonni eng kuchli jihati va eng ojiz jihati nimada?
– Raqibim haqida aytadigan bo‘lsam, uning ba’zasi boks va kikboks hisoblanadi. U to‘satdan hujumga o‘tishi noqulay tomoni, deb o‘ylayman. Kuchsiz jihati shundaki, uning kurash va sabmishnlarga qarshi turishi qiyin.
Fikrlar