
“Manchester Siti” qimorga pul tikishda ayblangan yulduzni oladi
Braziliya terma jamoasi va “Vest Xem” klubi o‘yinchisi Lukas Paketa futbolchilik faoliyatidagi eng katta jazodan qutilib qoldi.
Mashhur o‘yinchi 2022-2024 yillar davomida bir necha uchrashuvlarda, xususan, “Lester”, “Aston Villa”, “Lids Yunayted” va “Bornmut”ga qarshi o‘yinlarda atayin sariq kartochka olishda ayblangan edi.
Paketaning aybi isbotlangan taqdirda uni umrbod diskvalifikatsiya qilish chorasi qo‘llanilishi aytildi. Biroq so‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, o‘yinchidan qimorga pul tikish bo‘yicha barcha ayblar olib tashlandi va u oqlandi.
TBR Football nashrining ma’lum qilishicha, o‘yinchi atrofidagi vaziyatni kuzatib turgan “Machnester Siti” Lukas Paketani olish variantiga qaytdi. Aslida “shaharliklar” 2023 yili braziliyalik yarim himoyachini qariyb 92 million evroga transfer qilish bo‘yicha kelishib olgandi. Ammo o‘yinchiga ayblov e’lon qilinishi ortidan bu xarid bekor bo‘ldi.
Endi manchesterliklar yana 27 yoshli o‘yinchiga xaridor bo‘lmoqda. Lekin bu gal transfer summasi sezilarli darajada past bo‘ladi.
Paketa o‘tgan mavsumda “Vest Xem” safida 36 ta uchrashuvda qatnashib, o‘z hisobiga beshta gol yozdirib qo‘ydi. Uning klub bilan shartnomasi yana ikki yil davom etadi.
Lukas Braziliya terma jamoasi safida 55 ta o‘yinda ishtirok etgan. Transfermarkt portali uning transferini 28 million evroga baholadi.
Fikrlar