
“Manchester Siti” Xoland bo‘yicha ma’lumot berdi
“Manchester Siti” hujumchisi Erling Xoland Angliya kubogi chorak finalida “Bornmut” bilan bo‘lgan uchrashuvning ikkinchi bo‘limida oyog‘idan shikastlangan edi.
24 yoshli to‘purarning jarohati jiddiy ekani taxmin qilinmoqda.
Klub matbuot xizmati hujumchi atrofidagi holat bo‘yicha bayonot berdi.
- Erling Manchesterdagi klinikalardan birida birlamchi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Endi u jarohatning darajasi va ko‘lamini aniqlash uchun shifokor mutaxassislarga murojaat qiladi.
Jarohatning jiddiylik darajasini baholash ishlari davom etmoqda va shundan so‘ng yakuniy tashxis qo‘yiladi. Xoland mavsum oxirigacha safga qaytib, qolgan o‘yinlarda, xususan yozda bo‘ladigan klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida ishtirok etishi kutilmoqda, - deyiladi “Manchester Siti” matbuot xizmati tarqatgan bayonotda.
Xoland joriy mavsum klub miqyosida barcha turnirlarda 40 ta uchrashuv o‘tkazib, o‘z hisobiga o‘ttizta gol va to‘rtta golli uzatma yozdirib qo‘ydi. Uning amaldagi shartnomasi 2034 yilning yarmigacha davom etishi belgilangan.
Fikrlar