
"Manchester Yunayted” va "Anderlext”. Yarim final uchun og‘ir qadam
"Manchester Yunayted" ijrosidagi navbatdagi og‘ir kechgan o‘yin jamoani Evropa Ligasi turnirining yarim final bosqichiga chiqishini ta’minladi. Ushbu kubokni zabt etish uchun APLga nisbatan kamroq qadam qoldi deyish mumkin. Biroq endilikda final yo‘llanmasi uchun qolgan jamoalar o‘rtasida murosasiz bahs olib borilishi shubxasiz.
Belgiyadagi o‘yinning so‘nggi daqiqalarida urilgan gol hisobiga mag‘lubiyatdan saqlanib qolgan "Anderlext” o‘z muxlislariga kichik bo‘lsada umid uchqinini taqdim etgan edi. Shundan so‘ng jamoa ustozi Rene Vayler asosiy tarkibda bir qancha o‘zgarishlarni amalga oshirdi. Mourino esa o‘tgan o‘yinga nisbatan faqat birgina o‘zgarishni amalga oshirishdi.
Darmian o‘rniga jarohatlardan boshi chiqmaydigan Lyuk Shou maydonga tushdi. Evrokuboklar darvozaboni Serxio Ramero esa o‘z o‘rnida qoldi.
O‘yinning birinchi daqiqalaridanoq mehmonlar hujumkor o‘yin ko‘rsata boshlashdi. Birinchi o‘yinda gol urgan Leander Dendoker uzoqdan zarba berdi, to‘p esa shundoq darvoza ustini ustidan o‘tib ketdi, ammo iblislar o‘z "g‘azab"ini 10 daqiqada namoyish etishdi. Pol Pogba maydonning markazidan Reshfordga yoysimon trazda etkazib berdi. Reshfordning uzatgan to‘pi Ibrohimovichgacha kelmadi, ikkinchi urinishdagi uzatmadan so‘ng Geynirix Mxitariyan jarima maydoni chizig‘ida qabul qilib, erlatib bergan zarbasi eavziga darvozani ishg‘ol qildi. 1:0.
Bundan ruhlangan "Manchester Yunayted" o‘ziga ishonchi ortib, bor kuchini hujumga tashladi. "Anderlext" himoyasi sarosimada qoldi, lekin Markos Roxoning jarohati mehmonlarga nafasni rostlab olishlariga imkoniyat taqdim etdi.
"Manchester Yunayted" 32-daqiqaga kelib kutilmaganda gol o‘tkazib yubordi. Yuri Tilemansning uzoqdan bergan zarbasi darvoza ustiniga tegib qaytdi, birinchi bo‘lib to‘pga Lukash Teodorchik ega chiqib, uni darvozaga yo‘naltira olmadi, bu ishni "Anderlext" sardori Sofiyan Xanni amalga oshirdi. 1:1.
"MYu" birinchi bo‘lim so‘nggiga qadar bir nechta vaziyatlarni yuzaga keltirdi, ammo bu harakatlardan naf chiqmadi.
Ikkinchi bo‘limda "Manchester Yunayted" ancha o‘ziga kelib, o‘yin tizginini o‘z qo‘liga oldi. 69-daqiqada Reshford darvazabon bilan birga-bir vaziyatga chiqib, uni golga aylantira olmadi. Ibrohimovich va Pogbalar ham ana gol degan ajoyib imkoniyatlarni yo‘qqa chiqarishdi.
"Manchester Yunayted" sezilarli darajada bosim va tashabbusga ega bo‘lgan bo‘lsada, asosiy 90 daqiqa ichida hisobni o‘z tomoniga og‘dira olmadi, asosiy vaqt tugashiga yaqin Ibrohimovich jaroxat olib maydonni tark etdi.
Qo‘shimcha bo‘limda "MYu" penaltilar seriyasiga etib bormaslik uchun o‘zidagi bor imkoniyatni ishga soldi. Pogba gol urishga ham muvaffaq bo‘ldi, ammo bu hakamning hushtagidan so‘ng sodir bo‘ldi. Va nihoyat qattiq urinishlardan so‘ng raqib himoyasi dars ketdi, "Mancherter Yunayted"ning yosh iqtidorlaridan biri Markus Reshford 107-daqiqada raqib himoyachilaridan jarima maydonchasi markazida qochib keta oldi va chap oyog‘i bilan berilgan zarba bilan to‘pni darvozaga joylab qo‘ydi. "MYu" o‘yin so‘nggiga qadar bir qancha yaxshi imkoniyatlarga ega bo‘ldi, hatto uchinchi golni ham urishi mumkin edi.
Evropa Ligasi turniri yarim finali "MYu"ga qimmatga tushdi: 120 daqiqalik o‘ta og‘ir o‘yin, Markos Roxo va Zlatan Ibrohimovichlarning jarohati. Joze Mourino jamoasi qoniqarsiz darajadagi o‘yinni namoyish etdi. Bu ularga sal qolsa turnir yarim finali yo‘llanmasidan quruq qolishiga olib kelishi mumkin edi.
"Manchester Yunayted” (Angliya) - "Anderlext” (Belgiya) - 2:1 (1:1, 1:1, 0:0, 1:0).
Birinchi o‘yin: 1:1.
Gollar: Mhitaryan 10, Reshford 107 - Xanni 32.
Shuhrat Tursunov
Fikrlar