Mansur To‘g‘izboev: Raqiblarni qisqa vaqt ichida mag‘lub qilishga harakat qilaman

CHERY AUTO

Jahon sportida aralash jang san’atlari bo‘yicha o‘tkazilayotgan musobaqalar tobora ommalashib bormoqda. O‘z navbatida o‘zbekistonlik sportchilar ham bu yo‘nalishda ajoyib natijalarni qo‘lga kiritmoqda. 34 yoshida MMAga kirib kelgan hamyurtimiz Mansur To‘g‘izboevning jang uslubi ko‘plab mutaxassislar va muxlislar e’tiboriga tushgan. Mansur o‘zi jang o‘tkazish bilan birga MMA bo‘yicha murabbiylik ham qiladi.

Tecno

Sportchimiz SPORTS.uz internet axborot portali mehmoni bo‘lib, sportga kirib kelishi, undagi natijalari va kelajak rejalari haqida to‘xtalib o‘tdi.

  • Ma’lumot uchun: Mansur To‘g‘izboev 1981 yili Samarqand viloyati Oqdaryo tumanida Loish shaharchasida tug‘ilgan. Dastlab,  yunon-rum kurashi bilan shug‘ullangan. Keyinchalik yana sportga qaytib, MMAda o‘zini sinab ko‘rishga qaror qildi. Hozirgacha professional janglarda 13 marta ringga  chiqib, shulardan 12 tasida g‘alaba qozongan va bir marta mag‘lubiyat alamini tortgan.
  • Sportchimiz navbatdagi jangini 8 sentyabr kuni Bishkek shahrida qirg‘izistonlik Janibek uulu Kalibekka qarshi WEF GLOBAL musobaqasi jahon chempionligi uchun kurash olib boradi.

– Assalomu alaykum, Mansur aka. Siz anchadan beri MMAda muvaffaqiyatli ishtirok etib kelyapsiz. Aytingchi bu sportga kirib kelishingiz qanday bo‘lgan, kimlar sababchi?

– Vaalaykum assalom. Boshidan boshlasam. Sportga kirib kelishimga otam sababchi bo‘lgan. O‘zlari o‘sha vaqtda kuchli kurashchi bo‘lib tanilgan edi. Tabiiyki, meni ham yunon-rum kurashi bo‘yicha tayyorlay boshladilar. Menga ko‘proq otamning shogirdlari ustozlik qilgan.

– O‘sha vaqtlarda olimpiya zaxiralari sport maktabida shug‘ullanganman. Boshlanishida qancha shug‘ullansam ham natijaga erisholmasdim. Birinchi natijani 1993 yili Buxoro shahrida o‘tkazilgan musobaqada qo‘lga kiritganman. O‘shanda finalgacha etib borganman. Raqibim kuchli edi. Ikkinchi o‘rin bilan cheklandim. Shundan keyin respublika bo‘ylab musobaqalarda shohsupaning yuqori o‘rinlardan joy ola boshladim.

– 2000 yili Toshkentda mashg‘ulotlarni boshladim. Yunon-rum bo‘yicha terma jamoa safiga qo‘shildim. 7-8 yil eng kuchli kurashchilar qatorida yurdim. O‘sha davrda mohir kurashchi Bahodir Qurbonovning printsipial raqibi hisoblanardim. Musobaqalar davomida ko‘p narsalarni o‘rgandim. Turli nohaqliklarni ham ko‘rdik. Yutib turgan joyingda g‘alabani boshqaga berib yuborishlar ham bo‘lgan. To‘g‘risi, ko‘pincha musobaqalarda ikkinchi yo uchinchi o‘rinni egallaganim uchun Osiyo va jahon chempinonatlariga jalb qilishmasdi.

– Faoliyatingizdagi eng unutilmas g‘alabani eslay olasizmi?

– Har bir sportchida bu bo‘ladi. Hozir aniq esimda yo‘g‘u, adashmasam 2005-2006 yillarda bo‘lgan. Xorijda xalqaro musobaqada ishtirok etish uchun borganmiz. U erda qo‘shni davlatlar bilan bir qatorda, Rossiya va Boltiqbo‘yi respublikalaridan nomdor, kuchli polvonlar ham kelishgan edi. Mening ham ayni kuchga to‘lgan paytim edi. Hayratlanarlisi, o‘sha bellashuvlarda barcha raqiblarimni tez va juda osonlik bilan mag‘lub qilib, zafar quchganman. Shundan keyin menga xalqaro toifadagi sport ustasi unvonini berishdi.

– MMAga qanday kirib qolgansiz?

– 2010 yili katta sportdan ketish fikri tug‘ildi. Bir muddat biznes qildim. Sportga qaytgim keldi. MMA qoidalarini o‘rganib, kuzatib bordim. Shu bilan birga 3-4 yil faqat mashq qildim. MMA aralash jang san’atlari bo‘lgani uchun kurashdan keskin farq qiladi. Qo‘l va oyoq harakatlari muhim ahamiyat kasb etadi. Qo‘l harakatlarini mashhur professional bokschilarimizdan biri Bekzod Nabiev yordamida o‘zlashtirdim. Oyoqlar harakatlarini o‘rganishimda kikboksing ustasi Rashid Atalboev yordam berdi. Haligacha u bilan hamkorlikni davom ettirmoqdamiz.

–  Siz “Mangust” laqabi bilan mashhursiz. Nima uchun bu laqabni tanlagansiz?

– To‘g‘risi, jang san’atlarida sportchilar o‘zlariga turli-tuman laqablarni qo‘yib olishar ekan. Ilgari bunga e’tibor bermagan ekanman. Bir yirik musobaqada “Kobra” laqabli jangchiga qarshi bahs o‘tkazdim. “Kobra” deganlaricha bor ekan.  U jang oldidan muskullarini ko‘z-ko‘z qildi. Qanot muskullarini chiqarganda haqiqatan ham kobraga o‘xshab ko‘rinar ekan. Keskin va murosasiz jang davomida uning bo‘ynidan ushlab oldim va taslim bo‘lgunicha qo‘yib yubordim.  Ringdan tushsam, atrofdagilar: “Oooo Mangust, qoyil!”, deb olqishlay boshlashdi. Avvaliga nega unaqa deyishayotganini tushunmadim. Keyin bilsam mangust degan jonvor bo‘larkan va u kobralarning kushandasi ekan. Shu-shu laqabim “Mangust” bo‘lib qoldi.

– Faoliyatingizda bitta mag‘lubiyat bor ekan. Ko‘pchilik buni nohaqlik bilan bog‘laydi.

– Professional MMAda 13 ta jang o‘tkazib, shulardan 12 tasida zafar quchganman, bitta jangda mag‘lub bo‘lganman. Aslida bu musobaqa men shogirdlarimni olib borgan edim. Jang qilish niyatim yo‘q edi. Chunki bir kun oldin belimda qattiq og‘riq turgan va davolanayotgan edim. Musobaqada jamoaviy bahslar o‘tkazilishini ma’lum qilishdi. Tarkibimizda odam kamligi uchun men ham jang qilishga majbur bo‘ldim. Ikki raunddan bo‘lgan bahsda raqibni engdim. Lekin hakam qo‘shimcha raund belgiladi. Men belimdagi og‘riq kuchayib ketganini aytdim. Shunda meni jangdan bosh tortdi, deb raqibimning qo‘lini ko‘tarib yubordi.

– Revansh olganmisiz o‘sha jangchidan?

– Biroz o‘tib sog‘aydim. Keyin o‘shandan beri bu sportchidan revansh so‘rayman, ammo men bilan jangga qayta tushishga qo‘rqadimi, bilmadim, rad qilib keladi. Men qachon chaqirsa ham tayyorligimni ma’lum qilganman. O‘sha vaqtda biz 70 kg vaznda bellashganmiz. K0eyinchalik u vaznini 65 kilogrammga o‘zgartirdi, men 75 kilogramm vazn toifaga o‘tdim. U meni 65 kg vaznda jang qilishga taklif qildi. Tabiiyki, bu yoshimda 10 kilo vazn tashlash sog‘liqqa to‘g‘ri kelmaydi. Lekin qachonlardir u bilan bellashishim kerak.

– Murabbiy bo‘lib, shogirdlar tayyorlayotganingiz haqida gapirib bering...

– Hozirda murabbiylik faoliyatimni ham birga olib bormoqdaman. Yoshlarga asosan kikboksing sport turi sir-asrorlarini katta murabbiy sifatida o‘rgatib kelyapman. Yaqinda 80 nafardan ortiq sportchilar bilan tog‘da o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlarini o‘tkazib qaytdik. Biror joyga musobaqaga chiqadigan bo‘lsak, men o‘zim boshchiligimda ularni olib boraman. Shuningdek, MMA bo‘yicha ham shogirdlarim ko‘p. Ularni musobaqalarga puxta tayyorlash mening vazifam hisoblanadi.

– Asosan qaysi davlatlarda jang qilasiz?

– Biznikilar asosan qo‘shni respublikalar Qozog‘iston va Qirg‘izistonda jang qiladi. Bu erda ham kuchli sportchilar ko‘p. Ular bilan jang qilib tajriba to‘playmiz, reyting ochkolarini yig‘amiz.

– Rossiyadagi musobaqalarga bormaysizlarmi?

– Borganmiz Rossiya tomonlarga ham. Oldin o‘zim borib, musobaqada yutib, tashkilotchilar bilan kelishib kelganman. Ular o‘zbekistonlik sportchilarni ham musobaqaga chaqirishdi. Biroq, bizga ular taklif qilgan sharoitlar to‘g‘ri kelmadi. Qolaversa, Qozog‘istondagi musobaqalarda ham ayrim g‘alabalarimiz xalqaro tashkilotga jo‘natilmayapti. Shaxsan o‘zimda ham shunday bo‘ldi. Bitta musobaqada maning g‘alabamdan boshqa hammaning natijasi xalqaro reytingga kiritilgan. Bunaqa ahvol bir necha marotaba takrorlandi. Shunga hozir asosan Qirg‘izistondagi turnirlarda qatnashyapmiz. 

– O‘zbekistonlik yakkakurashchilarni ham kuzatib borasizmi? Qaysi sportchilarning natijalari sizni ko‘proq qiziqtiradi?

– Ko‘pchilik taniqli yakkakurashchilarimiz turli davlatlarda shug‘ullanadi. Ba’zilarini yaqindan taniyman, ba’zilarini internet orqali kuzatib boraman. Ayniqsa, qisqa muddati ichida 100dan ortiq jang o‘tkazib, jahon rekordini o‘rnatgan Anvar Boynazarov meni hayratga solmoqda. U bu janglari orqali yurtimizning dovrug‘ini yanada ko‘tarilishiga xizmat qilmoqda. Sportchining maqsadi o‘zi shuda. Bundan tashqari, Mahmud Murodov ham yaxshi ketyapti. Bu ro‘yxatni sanasak ancha ko‘p.

– Yaxshi natijalar ko‘rsatib, o‘sib kelayotgan shogirdlaringiz sifatida qaysilarini ayta olasiz?

– Suhrob Rahimbekov  o‘sib kelayotgan yoshlardan. U ham mendan saboq olgan. Ancha tirishqoq, baquvvat, lekin qiziqqon. Ko‘plab xalqaro musobaqalarga o‘zim olib borganman. Imkoniyatlari  haqida biror narsa deyish qiyin. Sababi uning yakkakurashlarga kirib kelganiga ko‘p bo‘lmadi. Sekin-asta tajriba to‘playapti. Umid qilamanki, kelajakda mehnatlarimiz zoe ketmaydi, ishonchni oqlaydi. Oktyabrda yirik musobaqa bo‘lib o‘tadi. O‘shanga tayyorgarlik ketmoqda.

– Shuningdek, Otabek Hamzaaliev, yaqinda WEF turnirida chempionlikni qo‘lga kiritgan Umid Saydullaev, Temur Salimov umidli shogirdlaridan.

– Har bir sportchining jang uslubi bo‘lardi. Sizning jang uslubingiz qanaqa? Raqiblar bilan odatda qanday kurash olib borasiz?

– Odatda janglarni cho‘zishni istamayman. Jangga ruxsat berilgandan so‘ng tezda – 1-2 daqiqada natija qilishga harakat qilaman. Men tajribamga tayanib, shoshilmayman. Raqiblar mendan yosh va menga nisbatan baquvvat. Ularning qiziqqonligi o‘zlariga pand beradi.  Menga yunon-rum kurashi bilan shug‘ullanganim qo‘l keladi. Odatda, Markaziy Osiyo yoki MDH davlatlarining yakkakurash ustalari asosan kurash usullaridan foydalanadi. Qo‘l va oyoqda zarba beradigan sportchilarning o‘pkasi kurashchilarnikidan kichikroq bo‘ladi. Shu sabab ular tez charchaydi. Men ham bahs boshlanishi bilan raqibga hujumni to‘xtatmayman. U charchab qolganidan keyin, kurash usuliga tushirib, taslim bo‘lguncha harakat qilaman. Men raqiblarimni urishni yoqtirmayman. Asosan bo‘g‘ish yoki og‘ritish usulini qo‘llab, o‘zini taslim bo‘lishini kutaman.

– Lekin bir raqibim umuman taslim bo‘lmagani hamon yodimda. Zo‘r jangchi ekan. Qancha urinmay, qiynamay hech taslim bo‘lmagandi. Oxiri mushtni ishga solishga majbur bo‘lganman. Chunki o‘zim raqiblarimda yosh va tajriba jihatidan ustun bo‘lib, ulardan kaltak eyishni o‘zimni ep ko‘rmayman. Shunga nima bo‘lsa ham faqat g‘alaba qozonishga harakat qilaman.

– Bu sportda yana qancha vaqt faoliyat yurtimoqchisiz?

Men ancha kech 34 yoshimda bu sportga kirib kelganman. Hozir yoshim 37da. Yana ikki-uch yildan so‘ng faoliyatimni tugatishni rejalashtiryapman.

– Ko‘pchilik sportchilar UFC musobaqalarini orzu qilishadi va shunga intilishadi.

– To‘g‘risini aytsam, bunga hech qiziqmaganman. Keyin yoshim ancha ancha katta. Unga chiqaman deb, harakat qilgunimcha, ikki-uch yil o‘tib ketadi. Undan ko‘ra, “Fight Night”ga o‘tganim  yaxshiroq. Hozirda ushbu musobaqa uchun harakat qilyapman.

 

– Qolaversa, UFC tashkilotchilari uchun Markaziy Osiyo mamlakatlari sportchilari bilan ishlash qiziq emas. Yuqorida aytib o‘tganimdek, biz tomonlarda asosan kurash usullarini qo‘llab o‘rganishgan. Ularga esa urib, tepib yiqitadigan jangchilar bilan ishlab, muxlislar e’tiborini qozonish qiziqroq.

– Siz bilan hali ringda uchrashmagan, lekin siz u bilan jang qilishni istaydigan yakkakurashchi bormi?

– Ha, bor. “Fight Night”da qozog‘istonlik Quvat Xamitov bilan jang qilishni xohlayman. Uning laqabi “Nayman”. Hozirda ikki-uchta jangdan so‘ng ushbu turnirga o‘taman. Buning uchun esa faqatgina g‘alaba qozonishim kerak. Chempionlikni qo‘lga kiritgandan so‘ng bunga o‘tishga ruxsat berishadi.

Suhbatingiz uchun rahmat!

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!