Maradonani Zomin bilan nima bog‘lab turadi?

  • 27 may, 2020, 23:42
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
TIGGO 2 PRO

Diego Armando Maradona! Bu nomni dunyoda eshitmagan yoki bilmagan inson bo‘lmasa kerak. Futbol olamida mashhurlikka erishgan argentinalik “afsungar”ning muxlislar shu qadar ko‘p bo‘lganki, buni tasavvur qilish qiyin emas.

O‘zimizda ham Maradonaning ishqibozlari nihoyatda ko‘p. Ayniqsa, yoshi katta muxlislar uning o‘yinlarini yaxshi eslashadi. Unga shu qadar mehr qo‘yishganidan hattoki, o‘z farzandiga Maradona ismini qo‘yganlar ham topiladi.

Yanada eng qizig‘i, bizning chempionatda aynan Maradona ismli futbolchi ham borligini bilasizmi? Aynan voha tomonlarda Maradona Safarov nomli professional tarzda faoliyat olib borayotgan o‘yinchi bor. U hozirda pro-ligada “Zomin” jamoasi a’zosi sanaladi. Tabiati ajoyib, manzarali bo‘lgan Zomin tog‘lari uni o‘sha erda ushlab turibdi. Maqolamiz qahramoni esa dastlab Maradona ismining qo‘yilish tarixi haqida eslar ekan, shunday dedi:

maradona

-  Dadam Diego Maradonaning ashaddiy muxlisi bo‘lgan. 1986 yili o‘tkazilgan jahon chempionatida Argentina hamda Maradonaning o‘yinlarini televizor orqali tomosha qilib, o‘zining yoqtirgan futbolchisiga muxlislik qilgan. Shu tariqa, o‘g‘il ko‘rsam, ismini Maradona qo‘yaman, deb niyat qilgan va menga shunday nom bergan.

Xo‘sh, o‘zbek Maradonasining futbolga kirib kelishi qanday boshlangan? U avvalo qaerda saboq olgan? Buni qarangki, o‘z vaqtida u Eldor Shomurodov bilan Moskvaning “Lokomotiv” klubida ko‘rikda bo‘lganini ham esladi. Bu borada argentinalikning adashi quyidagilarni aytdi:

maradona4

-  2006 yildan “Mash’al” akademiyasida ilk qadamlarimni boshlaganman. Birinchi murabbiyimiz Otajon Avezov bo‘lgan. Bilasizmi, 2008 yili men, Eldor Shomurodov va Jahongir Abdumo‘minov uchalamiz Moskvaning “Lokomotiv” klubida ko‘rikda bo‘lganmiz. Ammo o‘shanda bizlarni u erda olib qolishmagandi. 2011 yilda esa birinchi ligada “Mash’al” jamoasiga o‘tdim. Shunday qilib, katta futbolga asta-sekin kirib keldim.

Ko‘rib turganingizdek, Maradona katta futbolga “Mash’al” klubi orqali kirib keldi. Biroq haqiqiy Maradona singari va uning ismiga mos ravishda faoliyati hozircha o‘zi kutgandek yorqin ko‘rinish olmayapti. Nega, Safarov yarq etib porlab keta olmayapti? 26 yoshli hujumkor futbolchi esa buning sabablarini ham aytdi.

-  2017 yilda “Mash’al” bilan uch yilga mo‘ljallangan shartnoma tuzgandim. U erda boshida men uchun hammasi yaxshi edi. Chempionat uchrashuvlarida kamroq maydonga tushardim. Ammo Kubok bahslarida to‘laqonli ravishda o‘yin amaliyotiga ega bo‘lib borardim. O‘sha 2017 yilning ikkinchi davrasida esa meni “Sho‘rtan” jamoasiga ijaraga berib yuborishdi. To‘g‘risi, shundan so‘ng faoliyatimda pasayish yuzaga kela boshladi. Meni faqat ijarada o‘ynatishdi. Endi esa aynan shu yili shartnomam tugadi va erkin agent sifatida  Jizzaxning “Zomin” jamoasi bilan shartnoma tuzdim. Shuningdek, bungacha ham ijara asosida “Dinamo” va “Sherdor” jamoalarida to‘p surdim.

maradona2

Shunga qaramay, uning ham o‘ziga yarasha orzu va maqsadlari yo‘q emas. Biz bilan muloqot chog‘ida shu haqida ham to‘xtaldi.

-  Hamma futbolchilar qatori mening niyatim ham Superligada o‘ynash. Shu bilan birga albatta O‘zbekiston milliy terma jamoasida ham to‘p surishni xohlayman. To‘g‘ri, hozirgi holatimda, boz ustiga pro-ligada o‘ynayotgan futbolchining milliy termada to‘p surishni orzu qilishi biroz kulguli yoki aqlbovar qilmas ishdir. Lekin orzu qilishning aybi yo‘q.

O‘z navbatida Maradona kimlarga havas qiladi yoki kumiri bormi? Xullas, o‘zi o‘rnak oladigan futbolchisi xususida gap borar ekan, bu borada Ronalduni alohida ta’kidladi.

-  Aslida mening kumirim yo‘q. Biroq Krishtianu Ronalduning ashaddiy muxlisiman. U haqiqiy chempion! Shuningdek, Neymarning ham o‘yinlari menga yoqadi. O‘zimizdan esa Jaloliddin Masharipovning o‘yinlarini yoqtiraman. U hozirda o‘zining yuqori cho‘qqisiga chiqqan. Masharipovni to‘xtatish qiyin.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!