
Marko Stanoevich: "Hech kimdan qo‘rqmaymiz, Berdiev bizni doim g‘alabaga majburlaydi"
“Nasaf” klubi kecha OFK Kubogi yarim finalida Gonkongning “Li Man” jamoasini qabul qildi va qo‘shimcha daqiqalarda urilgan gol zvaziga yakunda 3:2 hisobida o‘ta muhim g‘alabani qo‘lga kiritib, o‘z tarixida ikkinchi marta finalga chiqdi.
O‘yinni ko‘pchilik ko‘rdi, birinchi bo‘limda go‘yoki “Nasaf” osonlik bilan g‘alaba qozonadigandek edi, xuddi o‘tgan safar “Mohun Bagan” bilan o‘yindagi stsenariy kabi. Tanaffusga qadar ko‘plab imkoniyatlar yaratildi va ulardan ikkitasi golga aylandi. Lekin tanaffusdan keyin rejalar butunlay o‘zgarib ketdi. “Nasaf” himoyachisining qo‘pol xatosidan keyin ikkinchi bo‘lim boshida mehmonlar gol urishgach, o‘yin nazorati ham qo‘ldan chiqdi. Natijada raqib tez orada ikkinchi golni ham urdi va bahs qo‘shimcha taymlargacha cho‘zildi.
Baribir o‘yindagi ustunlik hamda vaziyatlarni yaratish borasida vakillarimizning raqibdan kuchli ekanligi bilinib turgandi. Shunchaki, gol kerak edi. Jamoaning shuncha qilgan mehnatiga yarasha yakunda g‘alabani ilib ketdi va bu juda adolatli edi.
Bahs davomida “Nasaf” o‘yinini nazorat qilgan serbiyalik yarim himoyachi Marko Stanoevichni alohida tilga olgan bo‘lardik. U pleymeykerlik ishini qoyilmaqom tarzda bajardi. Jamoasining har bir hujumi uning ishtirokisiz o‘tmadi. Markazni to‘liq nazorat qildi. Uchrashuvdan keyin Stanoevich Sports.uz sayti uchun taassurotlari bilan bo‘lishdi.
- Marko o‘ta muhim g‘alaba bilan tabriklayman. Bunday o‘yindan keyin nimalarni ayta olasiz?
- O‘zingiz ham ko‘rganingizdek, o‘yin juda og‘ir bo‘ldi. Albatta, biz o‘yinni nazorat qildik. Shunga yarasha vaziyatlar ham yuzaga keltirdik. Ammo ikkinchi taym boshlanishi bilan ikkita gol o‘tkazib yubordik. Bu bizga mutlaqo kerak emasdi. Lekin oxir-oqibat uchinchi golni urishga va o‘yinni o‘z foydamizga hal qilishga muvaffaq bo‘ldik.
- Aslida birinchi taymdan so‘ng nima bo‘ldi?
- Ikkinchi bo‘lim avvalida darvozamizdan birin-ketin gollar o‘tkazib yuborganimiz kutilmagan holat bo‘ldi. Lekin bu endi muhim emas. Xudoga shukr, eng asosiysi, biz finalga chiqa oldik.
- O‘yin shunday kechdiki, qo‘shimcha bo‘limlar boshlanganida bahs go‘yoki penaltilar seriyasiga qarab ketadigandek edi. Agar shunday bo‘lganida “Nasaf” penaltilar seriyasiga ham tayyormidi?
- Yo‘q, bu haqida o‘ylamadim. Chunki penaltilar seriyasi variant emasdi. Biz o‘yin davomida gol urishimizga va g‘alabani o‘z foydamizga hal qilib, yutishimizga ishongandik.
- “Nasaf” 120 daqiqa davomida tinmadi. Bunda esa og‘ir jismoniy kuch ham talab qilinadi. O‘yindan keyin charchoq alomatlari bilinayotgandir-a?
- Albatta, juda charchadim. Bu normal holat. Butun jamoa kabi men ham borimni berib o‘ynadim. Chunki bu uchrashuv jamoamiz uchun o‘ta muhim edi-da!
- Ro‘ziqul Berdiev jamoani qanday ruhlantirdi? Tanaffuslar chog‘ida nimalarni aytdi?
- Ro‘ziqul Berdiev bizdan doimo ko‘prog‘ini talab qiladi. G‘alaba qozonishimizga bizni majburlaydi. Murabbiy doimo o‘z kuchimizga ishonishimizni hamda shunga yarasha o‘z o‘yinimizni ko‘rsatishimiz kerakligini ta’kidlab keladi.
- Sizningcha, “Nasaf” safidagi eng yaxshi o‘yinchi kim bo‘ldi?
- Bugun jamoa g‘alaba qozondi. O‘ylashimcha, hamma juda yaxshi o‘ynadi. Ammo Xusniddin Aliqulov jarohat oldi va hozir uni operatsiya qilishyapti. Hammamiz uchun u uchrashuvning eng yaxshi o‘yinchisi bo‘ldi. Biz unga tezroq sog‘ayib, safga qaytishini tilab qolamiz.
- “Nasaf”da OFK Kubogini qo‘lga kiritish uchun bir qadam qoldi. Bunday vaziyatda nimalarni o‘ylayapsiz?
- Biz har bir raqibni hurmat qilamiz. Shunday bo‘lsa-da, har bir uchrashuvda g‘alaba qozonishni va muxlislarimizni xursand qilish uchun qo‘limizdan kelgan barcha ishni qilamiz.
- “Nasaf” finalda Bahraynning “Al-Muharraq” klubi bilan o‘ynaydi. Ammo uchrashuv safarda o‘tadi. Bu jamoaga noqulaylik tug‘dirmaydimi?
- Boya aytganimdek, biz har bir raqibni hurmat qilamiz. Lekin hech kimdan qo‘rqmaymiz. O‘z o‘yinimizni o‘ynaymiz va finalda g‘alaba qozonish uchun qo‘limizdan kelgan barcha ishni qilamiz.
- Bu sizning faoliyatingizda birinchi finalmi?
- Yo‘q, bu mening birinchi finalim hisoblanmaydi. Bunga qadar 4-5 ta finalda o‘ynaganman. Lekin bu safargi final o‘zgacha. Nega deganda, bu mening birinchi xalqaro finalim bo‘ladi.
Fikrlar