
Marko Stanoevich: "Taklif bor, ammo "Nasaf"ning qarorini kutyapman"
“Nasaf” klubi o‘z etakchilari bilan shartnomalarni uzaytirayotganidan voqif bo‘lsangiz kerak-a? Bu xususida saytimiz orqali ham ma’lumotlar berib boryapmiz. Biroq hali kelishuv uzaytirilmagan, ammo mahoratli hisoblangan futbolchilar ham bor.
Serbiyalik yarim himoyachi Marko Stanoevich bir necha yillardan beri “Ajdarlar” sharafini munosib himoya qilib kelmoqda. Lekin orada jiddiy jarohat oldi. Shunga qaramay, sog‘ayib yana safga qayta oldi. U joriy yilgi mavsumda 19 ta o‘yinda 2 ta gol urdi. Xo‘sh, Marko Stanoevich “Nasaf”da qoladimi yoki klubini o‘zgartiradimi?
Quyida Sports.uz jurnalistining serbiyalik legioner bilan suhbatini o‘qishingiz mumkin.
- Marko, “Nasaf” bilan shartnomangiz yakuniga etdimi? Jamoa bilan xayrlashdingizmi?
- Bilasizmi, meni “Nasaf” jamoasi bilan tuzgan shartnomam 31 dekabrgacha. Hozirgi paytda uyda xordiq chiqaryapman.
- Klubdagilar bilan kelajagingiz haqida gaplashganmisiz?
- Albatta, klub prezidenti va direktori bilan gaplashdik. Ular meni klubga kerak ekanligimni aytishdi. Lekin o‘sha gapni eshitganimdan keyin barchasi shu holatda turibdi. Oxirgi uchrashuvdan keyin menga hech kim qo‘ng‘iroq qilmadi. Aytganimdek, hozir uyda dam olyapman va klubning qarorini kutib turibman.
- Sir bo‘lmasa, sizda qanday takliflar bor?
- Taklif bo‘ldi. Ammo men hammaga hali yana “Nasaf”da to‘p surishim mumkinligini, jamoa rahbariyati bilan gaplashish kerakligini aytdim. Agar “Nasaf” bizga kerak emasman deb aytadigan bo‘lsa, shunda boshqa klublar haqida o‘ylab ko‘rishim mumkin.
- “Nasaf” bir qator futbolchilar bilan shartnomalarni uzaytirmoqda. Kuzatayotgandirsiz?
- Ha, men o‘yinchilar bilan aloqadaman. Ko‘plab futbolchilarning jamoada qolayotgani yaxshi. Bu “Nasaf” uchun ijobiy. Kenjaboev qaytganidan xursandman.
- Nima bo‘lganda ham O‘zbekiston chempionatida qolmoqchimisiz yoki muhitni o‘zgartirasizmi?
- Men hozircha “Nasaf”dan tashqari boshqa variantlar haqida hech narsa o‘ylamadim. Klub rahbariyati qanday munosabat bildirishiga qarab keyin boshqa reja qilishim mumkin.
- “Paxtakor” har yili chempion bo‘lyapti. Siz buni qanday izohlaysiz?
- “Paxtakor” klubi katta an’analarga va katta tajribaga ega bo‘lgan jamoa. Tajribali futbolchilari klubda qoldi. Ular barqaror o‘yin ko‘rsatishdi. Mahorati bilan g‘alabalar qozondi.
- Agar sizga “Paxtakor”dan taklif bo‘lsa, bunga rozi bo‘lasizmi?
- Dastlab qiziqib ko‘rishgandi. Keyin shu bilan to‘xtab qolishgan.
- Bu yil sizga hammadan ko‘ra ko‘proq nima yoqdi?
- Bu yil men uchun o‘zgacha bo‘ldi. Jarohatdan so‘ng maydonga qaytdim va “Nasaf”ga yordam berdim. Aytishim mumkinki, ushbu mavsum ancha samarali bo‘ldi. Oxirgi 4 yilga qaraganda “Nasaf”dagi bu yilgi faoliyatim ancha samarali tarzda o‘tdi.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar