
"Mashg‘ulotda qiyin bo‘lsa, jangda oson bo‘ladi" - "Qo‘qon-1912"ning "Navbahor"ga qarshi tayyorgarligi avjida
Coca Cola Superligasining 3-turida “Qo‘qon-1912” jamoasini Namanganda "Navbahor"ga qarshi juda muhim bahs kutib turibdi.
"Qo‘qon-1912" hamda "Navbahor" jamoalari o‘rtasida bo‘lib o‘tadigan har qanday uchrashuv, hoh u o‘rtoqlik, hoh rasmiy maqomda bo‘lsin doim jiddiy kurashlarga boy va shiddatli bo‘lib kelgan. Bu safargi o‘yin ham har ikki jamoa muxlislari o‘rtasida katta qiziqishga sabab bo‘lmoqda.
Bu klublarning so‘nggi o‘yini o‘tgan mavsumning oxirgi turiga to‘g‘ri kelgan edi. Namanganda bo‘lib o‘tgan o‘sha o‘yinda Baxtiyor Ashurmatov shogirdlari 2:3 hisobida g‘alaba qozongandi.
17 mart kuni har ikki jamoa yana Namanganda uchrashadi. "Shunqorlar" bu safar ham o‘z muxlislarini xursand qilish uchun bor imkoniyatlarini ishga solishadi. Buning uchun jamoa futbolchilari mashg‘ulotlarda astoydil ishlamoqdalar. Zero, mashg‘ulotlarda qiyin bo‘lsa, jangda oson bo‘ladi, degan gap bejiz emas. Yigitlarimizga navbatdagi "derbi"da omad tilaymiz, - deya yozmoqda “Qo‘qon-1912” matbuot xizmati.
Fikrlar