
Mashhur bokschi Golovkinga Madrimov va Meliqo‘zievni o‘rnak qilishdi
Zamonaviy boks olamida promouter va menejerlarning ahamiyati, e’tibori har qachongidan yuqori. Bu soha mutaxassislari bokschilarning ilk qadamidan to maqsadiga erishmagunicha bo‘lgan davrda ularga hamrohlik qilib, turli darajadagi janglarni tashkil etib beradi.
Umuman olganda, har bir bokschining qanchalar yuksak cho‘qqilarni zabt etishi butun bir jamoa, xususan, menejer va promouterlarining qanday ishlashiga, xizmat ko‘rsatishiga bevosita bog‘liq.
- Britaniyalik jurnalist Teylor O’Xiggins promouterlar va menejerlarning ahamiyatini ochib berar ekan, qozog‘istonlik mashhur bokschi Gennadiy Golovkin (41-1-1, 36 KO) va uning sobiq promouterlariga o‘zbek bokschilari – Bektemir Meliqo‘ziev (7-0, 6 KO) va Isroil Madrimovni (6-0, 5 KO) o‘rnak qilib ko‘rsatdi, - deb yozadi Sports.kz sayti.
Haqiqatan ham, britaniyalik jurnalist professional boks olamining yangi yulduzlari bo‘lishi kutilayotgan Bektemir Meliqo‘ziev va Isroil Madrimov jamoasining ishiga juda yuqori baho berdi.
- Bektemir Meliqo‘ziev va Isroil Madrimov kabi bokschilarning promouterlari qanchalar kuchli ekaniga e’tibor bering. Alik Florov va Vadim Kornilov doimo intervyular uchun ochiq va tayyor, sahna ortidagi voqealarni ham ro‘yi rost aytib beradi. Ularning iste’dodli bokschilari esa, Gennadiy Golovkin bilan Germaniyada bo‘lgani kabi vaqtlarini bejizga sarf etishmaydi, - deya ta’kidladi Teylor O’Xiggins .
Ta’kidlash joizki, Gennadiy Golovkin zamonamizning eng zo‘r professional bokschilaridan hisoblanadi. Profringdagi ilk jangini 2006 yilning 6 may kuni o‘tkazgan qozog‘istonlik bokschi faoliyati davomida jami 41 ta g‘alaba, bitta durang va bir mag‘lubiyat qayd etgan. 36 ta uchrashuvni muddatidan oldin yakunlagan.
Golovkin o‘z davrida WBA (2010—2018), WBC (2016—2018), The Ring (2018) chempioni bo‘lgan. 2018 yilning 15 sentyabrida Saul Alvaresga qarshi WBC, WBA, IBF yo‘nalishi bo‘yicha jahon chempionligi uchun o‘tkazilgan bellashuvda faoliyatidagi yagona mag‘lubiyatini qabul qilib oldi.
Keyinchalik o‘zini tiklab olgan Golovkin, bitta g‘alabali jangdan so‘ng, 2019 yilning 5 oktyabrida Sergey Derevyanchenkoni mag‘lub etib, IBF va IBO chempionligiga sazovor bo‘ldi. 2020 yilning 18 dekabr kuni Kamil Sheremeta bilan to‘qnashuvda kamarlarini muvaffaqiyatli himoya qildi.
Yosh bokschilar – Bektemir Meliqo‘ziev va Isroil Madrimov jiddiy raqiblarga qarshi muvaffaqiyatli jang qilib, reytingda tez ko‘tarilmoqda.
2019 yilning o‘rtalaridan professional janglarda qatnashayotgan Bektemir Meliqo‘ziev shu paytgacha ettita jangning hammasida zafar quchdi. Farg‘onalik charm qo‘lqop ustasi shu janglardan oltitasini muddatidan oldin yakunlagan.
Profringda Bektemirdan yarim yil oldin debyut qilgan Isroil Madrimov ham jahon chempionligiga da’vogar bokschilardan hisoblanadi. U hozirgacha oltita jangni g‘alaba bilan yakunladi. Raqiblarini besh marta nokautga tushirgan.
Vadim Kornilov menejerlik qilayotgan bu bokschilar joriy yilda nufuzli janglarda ishtirok etishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Fikrlar