
Mateus Lima Kruz: O‘zbekistonda to‘p tepaman, deb o‘ylab ham ko‘rmagandim. "Paxtakor"ga qarshi o‘yin - jiddiy sinov! (intervyu)
"Nasaf" bu mavsum chempionlikka har galgidan yaqinroq kelmoqda. Klub hozir chempionlikka da’vogar 3 jamoadan biri hisoblanadi.
SPORTS.uz sayti "ajdarlar" legioneri Mateus Lima Kruz bilan bog‘lanib, liga chempionligi, "Paxtakor" bilan o‘yin va boshqa mavzular haqida uning fikrlari bilan qiziqdi.
- Xayrli kun, Mateus! Asosiy savoldan boshlaymiz. Nima uchun "Nasaf"ni tanladingiz?
- Sababi, jamoa chempionlikni maqsad qilgandi. Ular doim katta maqsadlarni ko‘zlab kelishgan. Shu sabablar tufayli men "Nasaf"ni tanladim.
- Bu klub a’zosi bo‘lishdan maqsad nima edi?
- Men jamoaga yordam berishni istayman. Bu erda o‘zimni baxtli his qilmoqdaman. Chunki bizda yaxshi jamoa, ahillik va sog‘lom raqobat mavjud.
- O‘zbekistonga kelishdan oldin mamlakat va uning futboli haqida nimalarni bilardingiz?
- Rivaldo yurtingizda o‘ynaganini bilardim. Ammo hech qachon O‘zbekistonda to‘p tepaman, deb o‘ylab ham ko‘rmagandim. Shuni ayta olamanki, mamlakatingizda futbol o‘ynash men uchun quvonchli hol.
- Oxirgi vaqt asosiy tarkibda maydonga tushmayapsiz. Bunga nima sabab deb o‘ylaysiz?
- Sababi oddiy. Bizda yaxshi jamoa bor. Hamma futbolchilar muhim ahamiyatga ega. Asosiy tarkibda o‘yinni boshlash yoki boshlamaslik muhim emas. Asosiysi, klub uchun boringni bera olishing.
- O‘zbekistonda e’tiboringizni tortgan birinchi narsa nima bo‘ldi?
- Odamlar juda hissiyotga beriluvchan va dangal ekan. Mashg‘ulot va o‘yinlar sabab boshqa narsalarni ko‘rishga ulgurmadim, afsuski.
- "Paxtakor"ga qarshi o‘yin haqida nima deya olasiz?
- Bu juda muhim o‘yin. Maqsadga etishish yo‘lida bizning ilk jiddiy sinovimiz. O‘yin vaqtida har bir lahzaga jiddiy e’tibor qaratishimiz kerak. Shunda g‘alaba qozona olamiz.
- Superligada sizni hayron qoldirgan klub qaysi bo‘ldi?
- Albatta, bizning klub (kuladi). Shuning uchun ham men "Nasaf"ni tanlaganman.
Shohrux Zoirov suhbatlashdi.
Fikrlar