May oyida jang qiluvchi o‘zbekistonlik sportchilar bilan tanishing!
Aprel ham o‘z yakuniga etib, bahor faslining so‘ngi oyi may ham eshik qoqmoqda. Albatta, aprelda o‘zbek yakkakurash olamida juda ko‘p voqeyliklar bo‘lib o‘tdi. Jumladan, 3 aprel kuni Toshkentda professional boks oqshomi bo‘lib o‘tdi. Qolaversa, MMA, K-1, kikboksing bo‘yicha vakillarimiz ham muhim janglarda ishtirok etdi.
May oyida ham o‘zbek yakkakurash olami vakillarining ba’zi birlari o‘z janglarini o‘tkazadi. To‘g‘ri, nisbatan kamroq sababi barchaga ma’lumki, hozir muqaddas Ramazon oyidamiz.
Demak, 3 may kuni Rossiyaning Ekaterinburg shahrida RCC hamda "One Championship" promoushenlari tomonidan tashkil etiluvchi turnirda yurtimizning ko‘zga ko‘ringan professional muaytay hamda K-1 ustasi Mavlud Tifiev rossiyalik Vladimir Kuzminga qarshi professional kikboksing yo‘nalishida jang qiladi.
8 may kuni esa UFCdagi vakilimiz Zarruh Adashev(3-3) ushbu promoushendagi uchinchi jangida oktagonga ko‘tariladi. U AQSh vakili Rayan Benoit (10-7) bilan muhim jangda ishtirok etadi.
Va nihoyat, 21 mayda Birlashgan Arab Amirligining Dubay shahrida boks bo‘yicha kattalar o‘rtasida Osiyo chempionati tashkil etiladi. Tabiiyki erkaklar hamda ayollar terma jamoamiz bu turnirda g‘oliblik uchun ringga ko‘tariladi. Aslida bu musobaqa Hindistonda o‘tkazilishi kerak edi. Biroq u erda koronavirus avj olganligi tufayli, chempionat BAAga ko‘chirildi.
Shuningdek, professional bokschilarimiz Jamshidbek Najmiddinov hamda Shohjahon Ergashev ham o‘z janglarini o‘tkazishi kutilmoqda.
Bizda hozircha shular... Yakkakurash olamida voqeliklar juda tez sodir bo‘ladi. Shunday ekan bizni kuzatishda davom eting!
Fikrlar