Ma’mur Ikromov: Dastlabki vazifani bajardik, endi esa bor e’tiborni OFK Kubogi bahslariga qaratganmiz

  • 8 mart, 2020, 22:39
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Yaqinda Tojikistonning “Xo‘jand” klubiga bir qator o‘zbekistonlik futbolchilar qo‘shilishganligi haqida xabar bergandik. Ayni paytda esa jamoaning etakchisi va faxriy futbolchisi sifatida hamyurtimiz Ma’mur Ikromovni aytishimiz mumkin. Boisi, 37 yoshli darvozabon kutilganidek, “Xo‘jand”ning asosiy posboniga aylandi.

Serbiyalik murabbiy esa aynan Ikromovning tajribasiga tayangan holda unga katta ishonch bildirmoqda. Yaqinda “Xo‘jand” klubi OFK Kubogining pley-off bosqichida Qirg‘izistonning “Neftchi” jamoasiga qarshi ikkita o‘yin o‘tkazdi. Avvaliga safardagi bellashuvda “Xo‘jand” 0:1 hisobida imkoniyatni boy bergandi. Ammo o‘z maydonidagi javob bahsida tojikistonliklar 3:0 hisobida raqibini tor-mor keltirishdi va OFKning guruh bosqichiga chiqishdi. Ushbu o‘yinlarda o‘zbekistonlik futbolchilar to‘liq ishtirok etishdi hamda “Xo‘jand”ning g‘alabasiga munosib hissa qo‘shishdi. Tajribali darvozabon Ma’mur Ikromov esa yangi jamoasidagi dastlabki taassurotlari haqida quyidagicha fikr bildirdi.

- Avvalambor, 8 mart xalqaro xotin-qizlar bayrami munosabati bilan barcha ayollarni tabriklamoqchiman. “Xo‘jand” klubidagi dastlabki taassurotlarim esa yomon emas. Biz OFK Kubogining guruh bosqichiga chiqishga muvaffaq bo‘ldik. Qirg‘izistonning “Neftchi” jamoasiga qarshi o‘tgan ikkita pley-off bahsiga ko‘ra biz ustunlikka erishdik. Natijada guruh bosqichiga chiqdik. Yangi jamoaga moslashishim esa oson bo‘ldi degan bo‘lardim. Chunki bu erda ko‘p narsa xuddi o‘zimizdagiga o‘xshaydi. Shuning uchun ortiqcha qiyinchiliklarga duch kelmadik.

ikromov2_1

11 mart kuni OFK Kubogi guruh bosqichining dastlabki turida “Xo‘jand” mehmonda “Istiqlol” bilan kuch sinashadi. Ayni paytda Ikromov va uning jamoasi bo‘lajak jiddiy to‘qnashuvga tayyorgarlik ko‘rishmoqda. O‘z o‘rnida hamyurtimiz guruh haqida fikr bildirar ekan, shunday dedi:

- Endilikdagi e’tiborimiz OFK Kubogidagi o‘yinlarimizga qaratilgan. Biz dastlabki uchrashuvni “Istiqlol” maydonida o‘tkazamiz. Ikkinchi turni esa Qirg‘iziston chempioni “Dordoy”ga qarshi o‘tkazamiz. Uchinchi turda esa Turkmaniston chempioni – Oltin Asr» bilan o‘ynaymiz. Keyin esa guruh bosqichining ikkinchi davra uchrashuvlari o‘tkaziladi. Ayni paytda dastlabki uchrashuv uchun jiddiy tayyorgarlik ko‘ryapmiz.

O‘z navbatida Ma’mur Ikromov “Xo‘jand”ning oldiga qo‘yilgan vazifalar haqida to‘xtalar ekan, OFK kubogida dastlab guruhdan chiqishga harakat qilib ko‘rishligini, ichki chempionatda esa “Istiqlol”ga jiddiy qarshilik ko‘rsatish muhimligini ta’kidladi.

ikromov3

- “Xo‘jand”ning oldiga qo‘yilgan dastlabki vazifa OFK Kubogining guruh bosqichiga chiqish edi va buni jamoamiz uddaladi. Endi esa biz imkoni qadar keyingi bosqichga chiqishga harakat qilamiz. Qolgani esa o‘z-o‘zidan bo‘laveradi. Ichki chempionatdagi maqsadimizga kelsak, asosan amaldagi chempion “Istiqlol”ga jiddiy qarshilik ko‘rsatmoqchimiz. “Xo‘jand” o‘z tarixida hali Tojikiston chempioni bo‘lmagan. Shuning uchun yangi mavsumda qo‘limizdan kelganicha chempionlik uchun kurashamiz.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!