
Ma’mur Ikromov: "Xo‘jand bilan deyarli 90 foizga kelishdik"
Tojikistonning ko‘zga ko‘ringan jamoalaridan biri “Xo‘jand” ayni paytda yangi mavsumga Toshkentda tayyorgarlik ko‘rmoqda. Shuningdek, tarkibdagi selektsiya ishlari ham olib borilmoqda. Ayniqsa, bir qator o‘zbekistonlik futbolchilar yangi mavsumni “Xo‘jand” safida boshlashlari kutilmoqda.
Masalan, o‘tgan mavsumni Samarqandning “Dinamo” jamoasida o‘tkazgan himoyachi Siroj Hamroev joriy yilda “Xo‘jand” safida to‘p surishi oydinlashdi. Shuningdek, “Sho‘rtan”da to‘p surgan va yaqinda “Buxoro”da shug‘ullanayotgan yarim himoyachi Sunnat Mamadaliev ham tojikistonliklar jamoasida mavsumga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Bundan tashqari, xo‘jandliklar darvozani mustahkamlash maqsadida yaqinda “Lokomotiv”ni tark etgan posbon Ma’mur Ikromovni jalb etishdi. Katta ehtimol bilan 37 yoshli darvozabon yangi mavsumni “Xo‘jand” safida boshlashi kutilmoqda. “Xo‘jand”ning “Lokomotiv”ga qarshi o‘tkazgan nazorat uchrashuvida Ikromov tojikistonliklar safida maydonga tushdi. Ma’mur ham “Xo‘jand”ga o‘tayotganini tasdiqlab shunday dedi:
- Bungacha men “Oq-tepa” jamoasining mashg‘ulotlarida qatnashib yurgandim, - deydi Ikromov. - Tojikistonning “Xo‘jand” klubi esa ikki haftalik yig‘in o‘tkazish uchun Toshkentga kelishdi va “Oq-tepa” jamoasining maydonida shug‘ullanishayotgandi. “Oq-tepa”da ishlayotgan do‘stim Saidkomil Akbarov esa “Xo‘jand” jamoasi rahbarlari bilan tanish ekan. Ular esa darvozabon izlashayotganini aytishgan. Natijada Akbarov bu borada ularga meni tavsiya qilgan. Shu tariqa, meni taklif qilishdi. “Xo‘jand” jamoasida darvozabonlar murabbiyi sifatida Alisher To‘ychiev ishlamoqda. U Tojikiston milliy terma jamoasining murabbiylar shtabida ham faoliyat ko‘rsatmoqda. U ham rahbariyatga meni jamoada olib qolishini so‘ragan. Rahbariyat bilan gaplashdik va deyarli 90 foizga kelishib oldik.
- “Xo‘jand”ning yangi mavsumdagi maqsadlari jiddiy. Tojikiston etakchisi “Istiqlol”ga munosib qarshilik ko‘rsatishga harakat qilishmoqda. Shuningdek, “Xo‘jand” OFK Kubogining saralash bosqichida ishtirok etadi. Buning uchun Qirg‘iziston yoki Turkmaniston jamoasiga qarshi o‘ynaydi. Bu bellashuv 19 fevralda bo‘ladi. Asosiy maqsad esa OFK Kubogining guruh bosqichiga chiqish.
- To‘g‘risini aytsam, hali o‘zimizdan taklif bo‘lgani yo‘q. Faqat “Oq-tepa”dan taklif tushgandi. Endi esa “Xo‘jand”dan qiziqish bo‘ldi va hozircha bu variant ma’qulroq bo‘lib turibdi. Aslida men bu yil faoliyatimni tugatib murabbiylikka o‘tmoqchi bo‘lib turgandim. Ammo yana bemalol o‘ynashga kuchim etadi.
- “Xo‘jand”dagi muhit yaxshi ekan. Bosh murabbiy serbiyalik, bungacha u “Istiqlol”da ham ishlagan. Bu yildan esa “Xo‘jand”ga bosh murabbiylik qilyapti va futbolchilarni astoylil shug‘ullantiryapti, - deya so‘zlarini yakunladi, Ma’mur Ikromov.
Fikrlar