Ma’ruf Abdisalomov: "Andijon" Superligada kuchli oltilikka kirish uchun kurash olib boradi

  • 16.03.2019 23:30
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

Superligaga qaytgan «Andijon» jamoasi birinchilardan bo‘lib PFLning talablarini bajarganligi tashkilot tomonidan alohida e’tirof qilindi. Andijonliklar ikki yil davomida quyi ligada ishtirok etishgani sababli mahalliy muxlislar katta futbolni sog‘inib qolishgandi. Superliganing mavqei oshib borayotgani boisdan «Andijon» klubi ham chempionatda munosib ishtirok etish uchun har tomonlama tayyorgarlik ko‘rdi. Andijon futbolini yanada rivojlantirish uchun viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonovning shaxsan o‘zi tashabbus ko‘rsatib, katta hajmdagi ishlarni amalga oshirayotganini muxlislar ko‘rib turishibdi. Ayniqsa, «Sog‘lom avlod» stadionida katta rekonstruktsiya ishlari olib borilmoqda. Bunda esa viloyat hokimining ko‘rsatayotgan xizmatlari katta. Shuning uchun O‘FA ham, PFL ham Andijonda futbol uchun olib borilayotgan ishlarni yuqori baholashmoqda. Shu bahonada yangicha qiyofa kasb etayotgan stadionda olib borilayotgan ishlardan ishqibozlar xursand. Endi shunga yarasha «Andijon» jamoasidan ham chempionatda munosib ishtirok etishlariga umid qilishmoqda. Aytish kerakki, klub rahbarlari imkon qadar jamoani kuchaytirishga harakat qilishdi. Mavsumga esa reja asosida tayyorgarlik ko‘rildi. Hozircha «Andijon» stadionida ta’mirlash ishlari olib borilayotgani uchun 1-turdan o‘rin olgan «Andijon» - «Qizilqum» uchrashuvi Navoiyga ko‘chirildi. Natijada 2019 yilgi Superliganing ilk uchrashuvini ushbu jamoalar ishtirokidagi o‘yin ochib berdi. Ushbu bahsda esa kuchlar teng keldi. «Andijon» klubida amalga oshirilgan ishlar xususida esa jamoa vitse-prezidenti Ma’ruf Abdisalomov bilan gaplashdik. Avvalo «Qizilqum»ga qarshi uchrashuv haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

- Biz Navoiyga g‘alaba qozonish uchun borgandik. Futbolchilarimizga ham faqat shuni asosiy vazifa qilib qo‘ygandik. To‘g‘ri, safardan bir ochko bilan qaytganimiz yomon emas. Ammo shaxsan meni durang natija qoniqtirmadi. Jamoamiz g‘alaba qozonish uchun yaxshi o‘ynadi deyishim mumkin. Ayniqsa, hujum chizig‘ida Ro‘zim Ahmedovning ko‘zi «yonib» turganini ko‘rdim. U men kutgandan ham yaxshiroq o‘ynadi. Shuningdek, jamoamiz sardori Ildar Mamatkazin himoyani ushlab turdi. Qolaversa, Shahzod Ubaydullaevdan ham umidimiz katta. U va Doniyor Ismoilov ushbu mavsumda bizning kashfiyot futbolchilarimiz bo‘lishadi degan umiddaman.

- Mavsum boshlanishiga bir kun qolganida «Paxtakor»dan Dilshod Rahmatullaevning qo‘shib olinganligini hech kim kutmagandi. Shu haqida ham to‘xtalib o‘tsangiz?

- Biz Dilshod Rahmatullaevni ancha oldin ko‘z ostimizga olib qo‘ygandik. Uni transfer oynasi yopilishiga yarim soat qolganida jamoamizga qo‘shib oldik. Baribir ushbu o‘yinchi uchun qilgan harakatlarimiz zoe ketmaganidan xursandmiz. Bundan tashqari, «Paxtakor»dan Bahrom Abdurahimovni ham qaytarmoqchi edik. Ammo bu transfer o‘xshamadi. Dilshod Rahmatullaevni o‘yinga bir kun qolganida transfer qilganimiz uchun uni «Qizilqum» bilan uchrashuvda maydonga tushirmadik. U keyingi o‘yinlarda bizga yordam bera oladi. Rahmatullaev jamoamiz o‘yinini kuchaytirishiga shubha yo‘q.

- Umuman olganda, selektsiya ishlaridan qanchalik qoniqish hosi qildingiz?

- 70 foizga qoniqdim desam ham bo‘ladi. Biz tarkibga yangi futbolchilarni taklif qilishda nomlarga e’tibor qaratmadik. Asosan mehnatsevar, jamoa uchun jon kuydira oladigan o‘yinchilarni izlab topdik. Masalan, bungacha Turkiyada o‘ynab kelgan Asror G‘ofurovni ham olib kelganimiz yaxshi bo‘ldi. U ham jamoamiz o‘yinini kuchaytiradi. Biz tarkibga taklif qilgan o‘yinchilarimizni aynan yuqorida aytgan hislatlariga e’tibor qaratdik. Shuningdek, o‘zimizga kerakli legionerlarni ham jalb eta oldik. Masalan, Qirzig‘iston terma jamoasi bilan Osiyo Kubogida yaxshi qatnashgan Ahliddin Isroilov ham biz uchun ajoyib tanlov bo‘ldi. U «Andijon» uchun bor imkoniyatini ishga solishga tayyor. Serbiyalik Radoslav Aleksich ham jamoamizni kuchaytiradi. Faqat «Qizilqum» bilan uchrashuvga to‘liq tayyor bo‘lmagani uchun maydonga tushgani yo‘q.  Ishonamanki, biz ushbu tarkib bilan o‘z oldimizga qo‘yilgan vazifani bajara olamiz.

- Unday bo‘lsa ayting-chi, «Andijon» yangi mavsumda qanday vazifa uchun kurashadi?

- Biz yangi mavsumda Andijon xalqini o‘z o‘yinlarimiz va g‘alabalarimiz bilan xursand qilmoqchimiz. Superligaga bejizga chiqmaganimizni isbotlashimiz kerak. Shu bois biz yangi mavsumda 5-6-o‘rinlar uchun kurash olib boramiz.

- Shuningdek, qishki mavsumda jamoada ikki nafar mutaxassis – Viktor Jalilov bilan Amet Memetning ish boshlaganligi haqida ma’lumot berilgandi va hattoki, Jalilov Andijonga kelib o‘z ishini boshlagandi. Ammo keyinchalik ikkalasi ham klubda ko‘rinmay qolishdi. Ular bilan bog‘liq qanday vaziyat yuz berdi?

- Amet Memetning dadasi og‘ir betob bo‘lib qolgan ekan, aslida u bilan kelishib qo‘ygandik va jamoamizda ishlashga tayyor edi. Lekin dadasi tufayli yana Qrimga ketishga majbur bo‘ldi. Albatta, u vaziyat o‘zgarsa qaytib kelishini  aytgandi, ammo biz ko‘p vaqt kutib tura olmasdik. Bosh murabbiyimiz Eldor Sakaev allaqachon ishni boshlab yuborgandi. Viktor Jalilov masalasiga kelsak, u ham o‘ziga yarasha obro‘li va yaxshi mutaxassis, hurmat qilamiz. Biroq dangal aytadigan bo‘lsam, Viktor Romanovich bilan kelisha olmadik.

- Shuningdek, stadionda katta hajmdagi ishlar amalga oshirilmoqda. Hozirgi paytda rekonstruktsiya ishlari qaysi nuqtasiga etib keldi?

- Chindan ham «Sog‘lom avlod» stadionida katta ishlar bajarilyapti. O‘rindiqlar deyarli o‘rnatib bo‘lindi. Endi asosiy ishimiz maydon chimini yotqizish qolyapti. Shu kunlarda chim Andijonga etib keladi.

- Maydonni chimi qaerdan olib kelinyapti?

- Chim Gollandiya mahsuloti va Krasnodarda ishlab chiqariladi. Biz u erga chim bo‘yicha mutaxassis bilan borib, hammasini o‘rganib chiqqan holda eng yaxshisini tanladik. Aslida bunday chimlarni Amsterdamdan ham olib kelishimiz mumkin edi, ammo unda sarf-harajatlar ancha ortib ketgan bo‘lardi. Krasnodarda ham o‘sha Gollandiya chimlari borligi sababli o‘sha erdan olib kelyapmiz. «Krasnodar» klubi va akademiyalarida ham o‘sha chimdan foydalanishadi. Reja bo‘yicha 25 mart kuniga stadion foydalanishga topshiriladi. 5 aprel kuni esa o‘z maydonimizda chempionat doirasida 3-tur doirasida o‘z maydonimizda «Lokomotiv» bilan o‘ynaymiz. Shu kuni «Sog‘lom avlod» stadionida katta kontsert dasturi ham uyushtiriladi. Shahar esa bayramona kayfiyatida bo‘ladi. Viloyatimiz hokimi Shuhratbek Abdurahmonov esa futbolga shunchalik qiziqib ketganki, o‘zi hamma ishlarimizda bosh-qosh bo‘lib, vaziyatni jiddiy nazorat qilib bormoqda. Shu o‘rinda Shuhratbek Qo‘shoqboevichga Andijon futboliga qarayotgan katta e’tibori uchun o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!