
Mbappe: “Barsa” va “Atletiko”ga nima bo‘lganini bilardik
“Real” Ispaniya chempionatining 20-turida o‘z maydonida “Las-Palmas” ustidan 4:1 hisobida g‘alaba qozonib, musobaqa jadvalida birinchi o‘ringa ko‘tarildi.
Chempionlik uchun kurashda madridliklarning asosiy raqiblaridan “Atletiko” safarda “Leganes”ga yutqazgan bo‘lsa, “Barselona” futbolchilari “Xetafe” maydonida ikki ochko yo‘qotdi.
“Real” uchun ikkita gol urgan Kilian Mbappe o‘yindan keyin o‘z fikrlarini bildirdi.
- Bu biz uchun juda muhim g‘alaba bo‘ldi, chunki biz bir kun avval “Atletiko” va “Barselona”ga nima bo‘lganini bilardik. G‘alabani ko‘zlab o‘ynadik va yutdik. Erta gol o‘tkazib yuborgandan keyin qiyin bo‘ladi, lekin jamoa o‘zini tez tiklay oldi.
Hujumkor o‘yin ko‘rsatdik, bo‘sh hududlarni topdik va ko‘p gol urdik. Muxlislar bu o‘yindan zavq oldi. Endi biz chempionat peshqadamimiz, - dedi Kilian Mbappe.
“Real” bu muvaffaqiyatdan keyin 46 ochko bilan birinchi o‘ringa ko‘tarildi. “Atletiko” hisobida 44, “Barselona”da 39 ochko bor.
Fikrlar