"Meni o‘z safida ko‘rishni istayotganlar bor, ammo..." - "So‘g‘diyona" darvozabonining rejalari qanday?
Bir necha yillardan buyon “So‘g‘diyona” darvozasini munosib qo‘riqlab kelayotgan serbiyalik tajribali posbon Milan Mitrovich bu yil ham jizzaxliklarning muhim o‘yinchilaridan biri bo‘lib qolmoqda. Tabiiyki, uni jamoada tutgan o‘rni ham katta.
Sports.uz jurnalisti esa Mitrovichdan birinchi davradagi taassurotlar, bosh murabbiy Ivan Boshkovich va yana ayrim savollarga javob oldi.
- “So‘g‘diyona”ning birinchi davradagi ishtirokini qanday baholaysiz?
- Men bu haqida avval ham aytganman, bizdan asosiy tarkibda o‘ynagan o‘yinchilardan 5 nafari ketib, yangilar kelishdi. Shuningdek, yangi bosh murabbiy ham tayinlandi. Xullas, yangi futbolchilar-u, yangi murabbiyga moslashish uchun vaqt kerak bo‘ldi. Ha, chempionatni yomon boshladik va o‘ylaymanki, bizga omad kulib boqmadi. Qisqasi, bizni uyg‘ota oladigan va ishonchni qaytaradigan inson kerak edi. Minimum darajada turnir jadvali o‘rtalarida bo‘lishimiz kerak edi. Oxirgi o‘yinni yutdik va jadvalning quyi qismidan sal ko‘tarilib oldik. Ammo, mayli, bu futbol. Endi biz ikkinchi davraga tayyorlanyapmiz va bu safar omadimiz chopadi, deb umid qilmoqdaman.

- Ulug‘bek Baqoev sizni “Buxoro”ga chorlagani rostmi?
- Men buni na Ulug‘bek Baqoev va na jamoadagi boshqa kimdandir eshitmadim. Buni birinchi marta sizdan eshitib turibman...
- Siz ko‘rgan va birga ishlagan murabbiylar orasida Ivan Boshkovich nimasi bilan farq qiladi?
- U yosh va malakali mutaxassis. Bu murabbiyni futbolga o‘z qarashlari va taktikasi bor. U “So‘g‘diyona”ga kelgach, jamoa qanday o‘yin ko‘rsata boshlaganini hamma va shu jumladan siz ham ko‘rgan bo‘lsangiz kerak. Boshkovich yosh futbolchilarni yaxshi ko‘radi va barchaga o‘ynash uchun imkoniyat beradi.

- Shartnomangiz chempionat oxirida tugaydi-a? Keyingi rejalar haqida o‘ylayapsizmi?
- Ha, shartnomam bu yil tugaydi va uni uzaytirish masalasida hali klubdagilardan hech kim bilan gaplashganimcha yo‘q. Bitimni uzaytirish yoki uzaytirmaslik - bu ularning ishi. Hozirgacha menda bir qator variantlar bor bo‘lib, turli klublardan chaqiruvlarni olmoqdaman. Meni o‘z saflarida ko‘rishni istayotganlar bisyor. Ammo barcha xohish-istagim “So‘g‘diyona” bilan bog‘liq bo‘lgani sababli bu haqida o‘ylamagandim. Ko‘ramiz, yilning oxiriga borib nima bo‘larkin... Jiddiy taklif bo‘lsa o‘ylab ko‘raman va bu xususida klubdagilar bilan gaplashib olishim kerak bo‘ladi. Shunda bir qarorga kelaman. Hozircha bor etiborimni chempionatga qaratganman. Biz 2-davraga astoydil hozirlik qo‘rib, iloji boricha oldingi yillarda qayd etilgan yaxshi natijani takrorlashni istaymiz. Kamida jadvalning o‘rta pog‘onalaridan birini egallamoqchimiz.
- Birinchi davradagi eng og‘ir o‘yin qaysi bo‘ldi?
- “Qizilqum”ga qarshi bellashuv eng og‘iri bo‘ldi, deya olaman, ham o‘yin, ham ruhiy taraflama! Biror nimani rejalashtirsang, aynan shuni amalga oshirish qiyin bo‘ladi. Shukrki, g‘alaba qozondik va shundan keyin yutuqli seriyamizni 4 ta uchrashuvga etkaza oldik. Umuman aytganda, joriy mavsumda har bir raqibga qarshi o‘yin juda murakkab ko‘rinish olmoqda. Raqiblar haqida nima deyishim mumkin? Chempionatni saviyasi ancha o‘sgan. Har bir jamoa bilan o‘ynag qiyin.
Shuhratbek Jo‘raev.

Fikrlar