Mening qahramonim ser Aleks Fergyuson! Sizning qahramoningiz kim?

  • 12 noyabr, 2017, 11:50
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

“Chelsi”, “Man Siti” va “Tottenxem”ning ko‘rsatayotgan o‘yinlarini kuzata turib “MYu”nig APLdagi keyingi taqdiri haqida faqatgina bashorat qilish mumkin, degan xayolga boradi kishi. Ammo mening fikrimcha, klub tarixida ser Aleks Fergyuson kabi omadli murabbiy boshqa takrorlanmasa kerak. “MYu”ning uzoq yillar davomida Evropaning eng etakchi klublari safida bo‘lib kelgani Fergyusonning mehnat mahsuli edi.

Tecno

Albatta, bunda rahbariyatning ham roli bordir, chunki murabbiyning ishlariga umuman aralashmaslik uchun ulardan katta matonat talab etilgandi. Ser Aleks haqida batafsilroq ma’lumotga ega bo‘lishni istaydiganlarga uning avtobiografiyasini o‘qib chiqishni tavsiya qilaman.  Kuchli taktika egasi bo‘lish bilan bir qatorda Fergyusonda psixologlik mahorati ham ancha-muncha bor. Chunki taymlar orasidagi 15 daqiqalik tanaffusda u jamoa a’zolarini shunday sozlaydiki (aniqrog‘i, gap bilan “tuzlaydi”), natijada jamoa  keyingi taymda o‘zlaridan yuz o‘girayotgan muvaffaqiyatni yo‘rig‘lariga solib olishadi.

Nazarimda, Fergyusonni motivator deb emas, manipulyator deb atasak haqiqatga yaqinroq bo‘lar edi. O‘zining “terib olingan” so‘zlari orqali juda osonlik bilan futbolchilarga, hakamlarga, umuman butun boshli futbol assotsiatsiyasiga juda osonlik bilan o‘z ta’sirini ko‘rsata olishi unda buyuk manipulyatorlik xususiyati borigini isbotlaydi. Hozirda APLda Fergyusonni o‘zi uchun dohiy darajasiga ko‘targan Joze Mourino unga taqlid qilishga harakat qiladi.

Fergyusonnnig “MYu” bilan qo‘lga kiritgan g‘alabalari haqida istalgancha gapirish mumkin, ammo APLda bunaqa natijani yana takrorlash uchun ancha vaqt talab qilinadi. Smolling, Evans, Jons kabi “beso‘naqay”lardan ham Fergyuson ajoyib himoyachilarni tarbiyalay oldi. Aleks rahbarligida “MYu” o‘yinchilari go‘yo o‘rtalikda harakatlanayotgandek tuyuladi, biroq ulardagi mehnatkashlik, fidoiylik, intizomni inkor etib bo‘lmaydi. Buning tasdig‘i sifatida 1998-99 yillar EChL finalini eslashning o‘z kifoya. O‘shanda kutilganidan ham jozibador o‘yin ko‘rsatgan Xitsfeldning “Bavariya”si bir chekkada qolib, mag‘lubiyatga yuz tutayotgan ingliz jamoasi o‘yinning so‘nggi daqiqalarida hisobni o‘zgartirib yuborishgan edi.

EChL doirasida “Bavariya” eng kuchli jamoa sifatida ko‘zga tashlanmayotgan edi. Fikrimcha, Xitsfeldning “Bavariya”si Kiev “Dinamo”sidan taktik jihatdan engilganiga qaramay nimadir bo‘ldiyu, finalga bavariyaliklar chiqib oldi. Nima ham derdik, futbolda ba’zida shunday adolatsizliklar ham bo‘lib turadi...

O‘ziga xos xarakter egasi ekanligidan tashqari, Fergyusonning angliyalik ko‘plab iqtidorli futbolchilarni tarbiyalaganligi alohida e’tirof va hurmatga loyiqdir. Inglizlarning o‘z shogirdlarini qizg‘anishlarini inobatga olib ham uning barcha “qiliq”larini kechirib yuborishadi. Uning boshchiligidagi “Manchester Yunayted”ning g‘alabasi ham, mag‘lubiyati ham o‘zgacha joziba kasb etadi. Klubning moliyaviy jihatdan muvaffaqiyatlari esa shotlandning faoliyati bilan bevosita bog‘liq.

Ser Aleks haqida gapiramiz desak, gap ko‘p. Biroq har doimgidek gapim so‘ngida miyamga o‘zim uchun ajoyibdek tuyulgan g‘alati fikr keldi.

Angliya terma jamoasi bosh murabbiyi Garet Sautgeytga cheksiz ehtiromimni izhor qilgan holda shuni ta’kidlamoqchimanki, Angliya futbol assotsiatsiyasi rahbariyati o‘rnida bo‘lganimda Fergyusonga mo‘maygina pul taklif qilib (yaxshi daromaddan hech kim bosh tortmaydi) uni Angliya termasiga murabbiy qilib tayinlagan bo‘lar edim. Shotlandni bunday taklifga ko‘ndirish muammo bo‘lmaydi, aqalli shunda Angliya terma jamoasi yarim asrdan keyin bo‘lsa-da nimagadir erishgan bo‘larmidi.

Ustiga-ustak, terma jamoada to‘p suruvchi “MYu” a’zolarini ser Aleks besh qo‘lday yaxshi biladi. Terma bilan shug‘ullanish har kunlik mashg‘ulotlarni ham talab qilmaydi, shotlandning yoshini inobatga oladigan bo‘lsak, bu uning uchun juda qulay. To‘g‘ri, hozir ham uning klubda topadigan daromadi chakki emas. Biroq yangilikka intiluvchi Fergyuson uchun Angliya terma jamoasi bilan ishlash ayni muddao bo‘ladi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!