
Messi oxirgi bor “el-klasiko”da qatnashdimi?
Ispaniya chempionatining 30-turida “Real” futbolchilari “el-klasiko”da “Barselona” vakillarini 2:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi.
O‘yindan keyin kataloniyaliklar direktori Gilermo Amor jamoa sardori Lionel Messi haqida gapirdi.
- Bu Lionel Messi uchun faoliyatidagi so‘nggi “el-klasiko” emasligiga umid qilamiz. Biz uning Kataloniyada qolib, hali ko‘p marotaba “el-klasiko”larda maydonga tushishini istaymiz, - dedi Amor.
Lionel Messi “el-klasiko”larda 2018 yilning mayidan beri o‘zini ko‘rsata olmayapti. Shu kungacha, argentinalik hujumchi “Real”ga qarshi ettita uchrashuvda maydonga tushgan bo‘lsa-da, birorta samarali harakatni amalga oshirgani yo‘q.
“Barselona” rahbariyati Lionel Messini hali yangi shartnomaga ko‘ndira olgani yo‘q. Argentinalik yulduz kelajagi haqidagi qarorini mavsum yakunlanishi bilan e’lon qilishini bildirgan.
33 yoshli hujumchi joriy mavsumda “Barselona” uchun jami 39 ta o‘yinda maydonga tushib, 29 ta gol urdi va jamoadoshlariga 13 ta golli pas oshirdi.
Fikrlar