Messi superfutbolchi qanday bo‘lishini ko‘rsatib qo‘ydi
"Inter Mayami" oʻz maydonida "Monreal" jamoasini yirik 7:1 hisob bilan magʻlub etdi. Oʻyin AQSHning Bosh futbol ligasi (MLS) doirasida boʻlib oʻtdi.
Maydon egalari safidagi eng yorqin oʻyinchi 39 yoshli argentinalik hujumchi Lionel Messi boʻldi. U toʻrt bor — 40, 52, 83-daqiqalarda va ikkinchi boʻlimga qoʻshib berilgan 6-daqiqada raqib darvozasini ishgʻol etdi.
Shuningdek, "Inter Mayami" tarkibida Kazemiro (20-daqiqa), Luis Suarez (80) va Aleksander Shou (89) ham oʻz nomlarini tabloga yozdirib qoʻyishdi. "Monreal" uchun yagona golni 37-daqiqada Fabian Herbers urdi.
Joriy mavsumda MLS chempionati doirasida Messi "Inter Mayami" tarkibida 19 ta oʻyin oʻtkazib, 17 ta gol muallifi boʻldi va 9 ta golli uzatma amalga oshirdi.
Har ikki jamoa Sharqiy konferensiyada ishtirok etadi. "Inter Mayami" 22 ta uchrashuvdan soʻng 42 ochko jamgʻarib, turnir jadvalida ikkinchi oʻrinni egallab turibdi. "Monreal" esa 22 oʻyindan keyin 21 ochko bilan 14-pogʻonada, yaʼni pastdan ikkinchi oʻrinda joylashgan. Keyingi turda "Inter Mayami" 6 sentyabrga oʻtar kechasi "Atlanta"ni qabul qiladi, "Monreal" esa shu kuni safarda "Filadelfiya"ga qarshi maydonga tushadi.

Fikrlar