
“Metallurg” boshladi. Fozil Musaev va Ibrohim Ibrohimov safda
O‘zbekiston kubogi musobaqasida minimal vazifa – guruh bosqichi bahslaridan chiqish bajarilgach, “Metallurg” futbolchilariga uch kunlik ta’til berilgandi. Kecha murabbiylar shtabi hamda o‘yinchilar Bekobod shahridagi klub qarorgohida jamlanishdi va mamlakat chempionatining navbatdagi tur o‘yinlariga tayyorgarlikni boshlab yuborishdi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.
Kunning birinchi yarmida trenajer zalida jismoniy tayyorgarlik mashqlari bajarildi. Kechki payt esa “Metallurg” markaziy stadionida asosiy mashg‘ulot jarayoni tashkillashtirildi. Futbolchilarning to‘p bilan ishlash, o‘yin amaliyotini mukammallashtirish, standart vaziyatlar, turli kombinatsiyalar borasida mehnat qilindi.
Jarohati bois bir qator uchrashuvlarni o‘tkazib yuborgan Fozil Musaev, Ibrohim Ibrohimov singari futbolchilar ham umumiy mashg‘ulotlarga qaytishdi. Eslatib o‘tamiz, “Metallurg” navbatdagi uchrashuvni 1 may kuni Jizzaxda “So‘g‘diyona” jamoasiga qarshi o‘tkazadi.
Fikrlar