
"Metallurg" ham yig‘inni boshladi. Tarkibda qanday o‘zgarishlar bor?
Bekobodning "Metallurg" jamoasi 2023 yilgi mavsum uchun tayyorgarlik jarayonini boshladi.
Yangi mavsum uchun ilk yig‘in klub qarorgohida olib borilyapti. Futbolchilar kunning birinchi yarmida trenajer zalida shug‘ullanishmoqda. Tushlikdan so‘ng esa mashg‘ulotlar "Metallurg" stadioniga ko‘chyapti va unda asosiy e’tibor futbolchilarning jismoniy tayyorgarligini tiklashiga qaratilyapti. Mashg‘ulotlarni bosh murabbiy ko‘rsatmalari asosida "Metallurg"ning mahalliy murabbiylari olib borishayapti.
Luisma Ernandes boshchiligidagi xorijlik murabbiylarimiz esa klub ixtiyoriga Yangi yil bayramidan keyin kelib qo‘shilishadi. Jamoaning o‘tgan yilgi o‘zagi saqlab qolingan.
Ilgari xabar berganimizdek, shartnoma muddati tugagan Abbos Otaxonov, Jasur Xolto‘raev, Boburbek Farhodovlar bilan iliq xayrlashildi. Ayni kunlarda aksariyat o‘yinchilar bilan shartnoma muddatini uzaytirish borasidagi ishlar davom ettirilayapti.
Xususan, Kerim Palich bilan yana bir yillik shartnoma imzolandi. Shu o‘rinda qayd etish kerak, bu yil jamoamizda xorijlik futbolchilar safi kengayishi kutilayapti. Ko‘hna qit’aning Bolqonbo‘yi mamlakatlaridan va yaqin qo‘shni davlatlarning tajribali futbolchilari bilan muzokaralar olib borilmoqda. Bundan tashqari, selektsionerlarimizning sa’yi harakatlari tufayli ko‘plab iqtidorli yoshlar hamda tajribali mahalliy futbolchilar ham ko‘rikka taklif etilgan. Ulardan kimlar bilan shartnoma imzolanishi ikkinchi yig‘indan keyin ma’lum bo‘ladi.
Shu o‘rinda ikkinchi yig‘in yanvar oyining birinchi o‘n kunligida yana Bekobodda tashkil etilishini qayd etmoqchimiz. Klub rejasiga binoan Bekobodda hamda Toshkentda bir qator ko‘rik nazorat uchrashuvlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
“Metallurg” matbuot xizmati.
Fikrlar