"Metallurg" yoshlarining muvaffaqiyat siri nimada?

  • 6 noyabr, 2023, 22:21
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

Bundan uch yil muqaddam “Metallurg U21” mamlakat birinchiligida g‘alaba qozonib, Bekobodga chempionlikni tuhfa etgandi. Oradan ikki yil o‘tib sanoat va industriya shahriga chempionlik qaytdi. Bu safar “Metallurg U19” bekobodliklar ko‘ksini g‘ururga to‘ldirib, shohsupaning yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi.

Bu galgi chempionlikning qadri boshqacha! Zero bekobodliklar katta hajmdagi mehnat tufayli o‘z qo‘llari bilan barpo etilgan muassasa mahsulini ko‘rish, iste’dodlarni qidirib topishdagi selektsiya ishlari mashaqqati, murabbiylarning katta niyatlar bilan eng shimarib ishga kirishishi va qisqa fursat ichida orzularning ro‘yobga chiqishini ko‘rishdan ortiqroq quvonch bo‘lmasa kerak.  Shu ma’noda, 2023 yilgi chempionlik bundan uch yil muqaddam qo‘lga kiritilgan g‘oliblikdan tubdan farq qiladi.

2020 yilgi mavsum so‘ngida “Metallurg U21” jamoasiga oltin medallarni topshirish marosimida klub ta’sischisi – O‘zbekiston metallurgiya kombinati aktsionerlik jamiyati boshqaruvi rahbarlari Bekobod shahrida futbol akademiyasini barpo etish borasida qaror qabul qilinganligini e’lon qilishgandi. Ehtimol, o‘shanda marosim ishtirokchilarining ayrimlariga bu va’dalar balandparvoz bo‘lib tuyulgandir. Biroq “Metallurg” futbol klubi rahbariyati ta’sischilar rahnamoligida eng shimarib ishga kirishishdi. Klub bazasi yonida tashlandiq holatga kelib qolgan sanoat kolleji binosini futbol akademiyasiga moslashtirish rejalari tasdiqlandi. Sirdaryo sohilidan ajratilgan hududda sun’iy va tabiiy qoplamali futbol maydonlarini ichiga olgan “Sport citi” majmuasida keng qamrovli bunyodkorlik ishlari boshlab yuborildi. 2021 yilning sentyabr oyiga kelib “El Golazo Academy Powered by Real Madrid Foundation” futbol akademiyasi ilk o‘quvchilarini bag‘riga chorladi. Akademiyaning tantanali ochilish marosimi esa mamlakatimiz futbolining elitasi – taniqlik murabbiylar, futbol faxriylari, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi, O‘zbekiston professional futbol ligasi mutasaddilari ishtirokida oktyabr oyining ilk haftasida o‘tkazildi. Toshkent viloyati hamda Bekobod shahar hokimligi rahbarlari ochib bergan marosimda “Real” (Madrid) futbol akademiyasidan elchi sifatida taniqli futbol yulduzi Alvaro Arbeloa ham qatnashdi.

met 19

Bekobodda barpo etilgan futbol akademiyasi mamlakatimiz rahbariyatining doimiy diqqat e’tiborida turdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Bekobodga tashrifi chog‘ida “El Golazo” futbol akademiyasida yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Murabbiylar, futbolchilar bilan, Bekobod faxriylari bilan muloqotda bo‘ldi hamda bu kabi dargohlarni barcha viloyatlarda ommalashtirish borasida ko‘rsatma berdilar.

Yurtboshimiz nazari tushgan dargohning birinchi qaldirg‘ochlari – 2021 yili eng yuqori sinfga qabul qilingan tarbiyalanuvchilari esa oradan ikki yil o‘tib, U19 jamoalari musobaqasida barcha raqiblarini ortda qoldirib, O‘zbekiston chempioniga aylanishdi.

“Qilingan mehnatlarning samarasini ko‘rishdan ortiq baxt yo‘q, -  deydi “Metallurg” futbol klubi bosh direktori Shavkat Saidov. - Uch yil mobaynida homiylarimiz ko‘magi va ko‘rsatmalari asosida bunyod etilgan akademiyamizning birinchi bitiruvchilari bugun barchamizga g‘urur, faxr iftixor tuyg‘ularini taqdim etdi. Bekobod shahri ahliga, O‘zbekiston metallurgiya kombinati ishchi va xizmatchilariga olam olam quvonch va xursandchilik ulashdi. Mamlakatimizning nufuzli futbol akademiyalari – “Nasaf”, “Mash’al”, “Bunyodkor”, “Paxtakor”, “Lokomotiv” singari futbol klublari o‘rinbosarlarini ortda qoldirib, O‘zbekiston chempioni bo‘lishdi. Ushbu ulkan g‘alaba, tarixiy yutuq bilan muassislarimizni, klub hamda futbol akademiyamiz xodimlarini qizg‘in muborakbod etaman. Yuksak marralarni ko‘zlab, hamjihatlik bilan mehnat qilgan, bitta maqsad yo‘lida hamfikr ishlagan akademiyamiz rahbariyatiga – o‘qituvchilar va murabbiylar kollektiviga, selektsionerlarimizga, tarbiyachilarimizga, tibbiyot xodimlarimizga, akademiyaning barcha ishchi va xizmatchilariga minnatdorlik bildiraman”.

met 19 1

25 ta jamoa ishtirok etgan U19 chempionatida “Metallurg” yoshlari 24 ta uchrashuvning 18 tasida g‘alaba qozonishdi. 2 ta o‘yinda durang qayd etishdi. 4 ta uchrashuvda imkoniyatni boy berishdi. Raqiblar darvozasiga 70 ta gol kiritgan holda o‘z darvozalaridan 35 ta to‘p olib chiqishdi. 56 ochko jamg‘argan bekobodliklar eng yaqin ta’qibchilari – “Nasaf” hamda “Mash’al” akademiyasi tarbiyalanuvchilari bir ochkoga ortda qoldirishga muvaffaq bo‘lishdi. Ligada eng ko‘p g‘alabani qayd etgan Toshkent viloyati vakillariga omad ham kulib boqqanligini qayd etish lozim. So‘nggi turda faqat g‘alaba ishtiyoqida to‘p surgan hamda o‘zaro uchrashuvdagi durang bois chempionlikka erisha olmagan Qashqadaryo viloyatining ikki kuchli kollektivi – “Nasaf” hamda “Mash’al” yoshlar jamoalarining g‘ayrat shijoatiga qoyil qolish lozim. “Metallurg” esa aynan mana shu murosasiz raqobatdan unumli foydalanib ketdi.

Bugun mavsum davomida Shuhrat Yuldashev boshchiligidagi “Metallurg U19” jamoasi chempionlik yo‘lida og‘ishmay harakat qildi. Chempionatning ilk turlaridan yuz foizlik natija qayd etib kelgan bekobodliklar dastlabki yo‘qotishga 7-turda – Andijonda duch kelishdi. keyingi turda esa “Metallurg”ning dam olishi futbolchilar hamda murabbiylarga qo‘l keldi, deyish mumkin.

“Uzoq davom etuvchi musobaqada ko‘tarilishlar hamda pasayishlar bo‘lib turishi tabiiy hol, - deydi “Metallurg U19” bosh murabbiyi Shuhrat Yuldashev. – Andijondagi mag‘lubiyatdan keyin shogirdlarim bilan o‘yinni tahlil etdik. Kamchilik va nuqsonlarimizni o‘rgandik va keyingi o‘yinlarda ularga yo‘l qo‘ymaslikka harakat qildik. O‘zbekiston U19 chempionatida salohiyatli jamoalar ko‘p. Mamlakatimizni haqiqiy ma’noda iste’dodlar yurti deyish mumkin. Tasavvur qiling, birgina U19 yoshlilar musobaqasida mingga yaqin iqtidorli, talantli yoshlar to‘p surishyapti. Malakali murabbiylarimiz esa mamlakatimizning bosh jamoalariga iste’dodli yoshlarni tarbiyalab berishmoqda. Shu ma’noda biz raqiblik qilgan jamoalarga qarshi doimo muvaffaqiyatli to‘p surish imkonsiz edi. Kutilgan va kutilmagan mag‘lubiyatlar bo‘ldi. Rejalashtirilmagan duranglar tufayli qimmatli ochkolarni yo‘qotdik. Ammo oxirgi turgacha g‘oliblikdan umid uzmadik. Mana shu ishonch va g‘ayrat jamoamizning oltin medallarni qo‘lga kiritishida bosh omil bo‘ldi, deyish mumkin. Bundan tashqari, omad ham bizning tomonda bo‘ldi. Avvalo bizga mana shunday ulkan yutuqni taqdim etgani uchun Yaratgan egam – Allohga shukur! O‘z navbatida butun mavsum davomida bizga ishonch bildirgan, barcha injiqliklarimizga chidagan, zarur hamma shart-sharoitlarni yaratib bergan klub hamda akademiya rahbariyatiga rahmat aytmoqchiman. Bir jonu bir tan bo‘lib harakat qilgan futbolchilarimdan minnatdorman. 1-turda “G‘ijduvon” bilan o‘yindan keyin ham, oxirgi turdagi “Andijon” bilan uchrashuvdan oldin ham men shogirdlarimga “Sizlar eng zo‘r o‘yinchilarsiz, sizlar eng kuchlisisiz” deb aytdim. Ularning barchasi ushbu yutuqni qo‘lga kiritishimizda salmoqli ulushini qo‘shishdi. Fursatdan foydalanib, mavsum davomida bizni qo‘llab turgan bosh jamoamiz murabbiylariga, U21 jamoamiz ustozlariga, “Metallurg”ning barcha futbolchilariga minnatdorlik bildiraman. Umid qilamanki, bu kabi yutuqlarimiz, g‘alabalarimiz bardavom bo‘ladi”.

met 19 2

Bekobodlik yoshlarning mamlakat chempionatlaridagi yutuqlari, g‘alabalari e’tibordan chetda qolmayapti. Xususan, bugungi kunda “Metallurg” futbol akademiyasining turli yosh toifasidagi tarbiyalanuvchilari O‘zbekiston terma jamoalariga jalb etib kelinmoqda. Ular orasida O‘zbekiston U19 chempionatida shohsupaning yuqori pog‘onasiga ko‘tarilgan futbolchilar ham bor.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Rasul099
07/11/2023 00:54
Mavzudan tashqarida İltimos Shu Eldor Mustafoyev deganlarini Futbol sharhlamaydigan qilip bolmaydimi osha kishi Futbolni sharhlasalar futbol korging kelmaydi odamni...U insonga husumatim yok lekin Futbolni sharhlolmaydilar tushunmaydilar...ozi zerikarli bolip turgan oyinni Battar oldiradilar...Yoki bolmasam U kishiga Davron Fayziyev Hayrulla Hamidov kabi sharhlovchilar yonida malaka oshirishga yuborish kerak