
Milliarder nega kamroq maoshga rozi bo‘lmoqda? Uni Manchesterda kutishmoqda!
SPORTS.uz sayyoramizning eng badavlat futbolchilaridan biri - Krishtianu Ronaldu borasida fikr yuritadi.
Uning MYuga nima keragi bor?
Yaqindagina Gleyzerlar oilasi va Vudvord Krishning imkoniyatlariga past baho bergan edi. Qariya, egoist va juda qimmat! Endi esa, vaziyat tubdan o‘zgarib ketdi. Gap shundaki, «Yuventus» rahbari Andre Anelli ishdan olindi.
U ketgach, Ronaldu o‘ylab o‘tirmay boshqa jamoaga yo‘l oladi. So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, Turin klubi tepasiga yangi rejalarga ega insonlar kelishi kutilmoqda. Ularning rejasida Krishga o‘rin yo‘q.
«Manchester Yunayted» esa, Superligada ishtirok etish maqsadini Ronalduning transferi bilan yuvib ketmoqchi. «Arsenal» singari og‘ir ahvolga tushib qolmaslik uchun yaxshi transferni amalga oshirish suv va havodek zarur. Ularni ko‘tarilib ketmasligi uchun ham Krish ortga qaytariladi.
Ronalduga buni nima keragi bor?
Hozir Turin klubida inqilob yuzaga kelish arafasida. Rahbariyat to‘liq almashib ketishi mumkin. Bundan tashqari, bir nechta futbolga oid voqealar ham bunga sabab. «Benevento»ga engiladigan klub Ronalduning osmonga qadar orzularini ro‘yobga chiqarishga qodir emas. Portugaliyalik chempionlik uchun yangi sarguzashtlarga o‘ch. A Seriyada esa, intriga «Yuve»ning qoqilganidan so‘ng boshlandi.
Konte «Inter»ga kelgach, barcha Turin klubi uchun og‘ir kunlar boshlanganini taxmin etgani aniq. «Manchester Yunayted» Sulsher boshqaruvida Angliyadagi ikkinchi kuch! EChL yo‘llanmasi naqd. APL bir necha barobar ko‘proq auditoriyaga ega. Ketish oldidan yana bir «oltin to‘p»ni qo‘lga kiritish uchun bu eng zo‘r imkoniyat!
«Yuve»ga bundan nima naf?
Ronaldu ko‘rpani o‘ziga tortibgina qolmay, pulni ham juda katta oladi. O‘tgan yili «Yuventus» ko‘rgan zarar 168 million evroni tashkil etdi. Qarzlar umumiy hisobda 742 milliondan ortib ketgan. Vaziyat qaltislashib bormoqda. Birgina Ronalduning transferi va maoshi bu qarzlarning 3/1 qismini tashkil etadi. Klub tarixidagi eng qimmat futbolchi esa, jamoa libosini muxlislar tomon uloqtirish bilan band.
«Yuventus»dan ko‘ra, uning personal muxlislari soni ko‘p. Jamoa «Portu»dan mag‘lub bo‘lganida, hamma «zebralar»ga emas, 7-raqam egasiga achindi. Qilingan sarmoya ish bermagach, Ronalduni sotib yuborish aqlli qaror. Boz ustiga, kelasi mavsumda Ronaldu erkin agentga aylanadi. Uning transferidan pul ishlab olish uchun so‘nggi imkoniyatni italiyaliklar qo‘ldan chiqarmasa kerak.
Sulsherga buni nima keragi bor?
Birinchi navbatda jamoaviy o‘yinni va vaziyatlardan foydalanishni yaxshilab olmoqchi. Krish qotil hujumchi. Norvegiyalikning qo‘l ostida ajoyib jamoa bor, lekin dunyo darajasidagi ijrochilar yo‘q. E’tibor qarating: EChLda «Leyptsig» MYuni guruhda qoldirib ketdi, «Lester»da ulg‘aygan futbolchi hozir jamoa sardori, Pol Pogba nima qilayotganini o‘zi ham bilmaydi. «Yunayted»ga tug‘ma etakchi hozir har qachongidanda muhim.
Hozir Ronalduning APLga qaytishi ishonib bo‘lmas voqeadek bir gap, lekin uning «Real»dan ketishi oldidan ham shunday bo‘lgan edi. Mendesh mijozini murakkab ahvolda qoldirmaydigan agentlardan. Umuman olganda, Sulsher o‘z jamoasi 5 bor «oltin to‘p»ni yutgan yigit bilan yanada kuchliroq bo‘lishini sezib turibdi.
Transferdan Ronalduning oilasi nima yutadi?
Krish farzandlarining ta’lim olishi uchun qo‘lidan kelgan barcha imkoniyatlarni yaratib berishga odatlangan. Buning uchun Angliyadan yaxshiroq variantni topish mushkul. Qo‘shimchasiga, keyingi manzil MLS bo‘ladi. Bolalari safar oldidan ingliz tilini o‘zlashtirib olishi uchun ham Angliyaga ko‘chib kelish foydali bo‘ladi.
Yo‘llangan o‘qituvchilar yaxshi, lekin tilni insonlar orasida o‘zlashtirish bir muncha qulayroq. Jorjina o‘zi uchun qulay bo‘lgan AQShga ko‘chib ketish oldidan bir necha yil Angliyada istiqomat qilishga qarshi emas. Ronalduning katta o‘g‘li ham ingliz futbolidan xabar topishi mumkin. U otasi singari super darajaga ko‘tarilishi uchun jismonan baquvvat bo‘lishi shart.Bu imkoniyatni «tumanli albion»dan boshqa erda hech kim yaratib bermaydi. Umuman olganda, transfer Ronalduning oilasi uchun ham ayni muddao!
Jahon futboli uchun bu transfer kerakmi?
Aslida, Italiya Krish uchun har tomondan qulay variant. Soliqlar kam, hayot tinch, ob-havo ideal. Shunga qaramay, o‘zgarishlar vaqti keldi. Krish shunchaki mavsum o‘tkazishga odatlanmagan. U o‘z faoliyatida sovrinsiz o‘tkazgan mavsumi bo‘lishi mumkinligi haqida o‘ylashni ham istamaydi. Uni Parijga taklif etishmoqda, lekin ularning shortlistida Leo Messi ham bor.
O‘z-o‘zidan qahramonimiz boshqa variant ustida ham ishlashi kerak. Ayni damda, «Manchester Yunayted»dan qulayroq taklif yo‘q. MLS yoki Arab klublariga yo‘l olishga erta. «Old Trafford»ga uning qaytishi kinolardagi stsenariydan ham a’lo darajada ko‘rinish oladi. Muxlislar oqimi, «Yunayted»ning brendi ham ancha yuqorilaydi.
Ronalduning tug‘ma chempion ekanligini inobatga olsak, «qizil iblislar»da yangi darajaga ko‘tarilish uchun barcha imkoniyat mavjud. Xo‘sh, bu transferdan muxlislar nima yutadi? Fikringizni albatta izohlarda qoldiring!
Fikrlar