Mirjalol Qosimov - 2:0 hisobini nega yomon ko‘rishi, “Qo‘qon-1912" jamoasiga qoyil qolgani va Tursunovning daxshatli goli haqida
AGMK - "Qo‘qon-1912" uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanining ikkinchi qismida mezbonlar ustozi Mirjalol Qosimov qatnashdi. Bu haqda "Qo‘qon-1912" klubi matbuot xizmati xabar berdi.
- O‘yin juda ham shiddatli va jangovar tarzda kechdi. Ushbu jamoalar turnir jadvalida ikkinchi va uchinchi o‘rinlarda borishayotgandi. Shu boisdan birinchi bo‘lib gol urgan jamoa g‘alaba qozonishi kerak edi. Ikkinchi bo‘limda omadimiz keldi. O‘yinni biroz kuchaytirdik va tezda birinchi golni urib oldik. Ikkinchi golda esa menimcha, Sanjar rostdan ham yil golini urdi. Shunday chiroyli goli bilan u jamoamizga g‘alaba keltirdi. 2:0 hisobini yomon ko‘raman. 1:0 paytida jamoa ehtiyotkorlikni kuchaytiradi. Shuningdek, "Qo‘qon-1912" jamoasiga ham qoyil qoldim, ular ikki to‘p farqi bo‘lishiga qaramasdan oxirigacha kurashishdi. Bunday o‘yinlar orqali nafaqat futbolchilar, balki muxlislar va o‘zbek futboli ham yutadi.
Futbol shunday narsaki, hujumchi chap qanot himoyasida chap qanot himoyachisi bo‘lib o‘ynashi kerak. Himoyachi esa hujumda hujumchi bo‘lib o‘ynay olishi lozim. Qachonki futbolchilar doimo bir-birining o‘rnini to‘ldirib yursa, futbol yanada chiroyli bo‘ladi.
Saydulloda sariq kartochka bor edi. Shu sababdan uni almashtirdim. Negaki, tezkor futbolchi katta tezlik bilan yugurib ketayotgan paytda yiqitilsa, ikkinchi sariq va bu qizilga aylanib ketishi mumkin edi.
Hozirgi zamonaviy futbolda g‘alabaga erishish juda qiyin. Undan tashqari, buning uchun katta mehnat qilish kerak. Shu orqali inson xursandchilikni o‘ziga taqdim qiladi.
Qo‘qonliklarning "Bunyodkor"ga qarshi o‘yinini biz ko‘rib chiqdik. Ular mehmonda o‘ynaganini inobatga olsak, Ashurmatov shogirdlari unchalik himoyaviy o‘ynagani yo‘q. So‘nggi daqiqalarda bo‘lgan avtogol esa futbolning bir qismi.
"Qo‘qon-1912"ning bugungi hujumkor o‘yini bizga syurpriz bo‘lmadi. Undan tashqari jamoa ikki nafar tayanch yarim himoyachi bilan o‘ynadi. O‘sha “Bunyodkor”ga qarshi bellashuvda ham ikkinchi bo‘lim davomida sxemalar o‘zgargandi. Bu futbolda tez-tez uchrab turadigan, murabbiyning falsafasi, - dedi Mirjalol Qosimov.



Fikrlar