Mirjalol Qosimov: Futbol shashka emas, o‘yin paytida janjalli holatlar bo‘lib turishi tabiiy holat

  • 30 sentabr, 2022, 22:12
  • Makhmudov Jamshidbek
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Bugun O‘zbekiston Superligasi 20-turi doirasidagi "So‘g‘diyona" - AGMK bahsi bo‘lib o‘tdi. O‘yindan keyin mehmonlar bosh murabbiy Mirjalol Qosimov o‘yin haqida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi:

"Bellashuv haqida gapiradigan bo‘lsam, biz kutgandek jangovor va keskin kurashlarga boy o‘yin bo‘ldi. Har ikki jamoa ham g‘alaba uchun maydonga tushgan edi. Biroq omad bizga kulib boqdi. "So‘g‘diyona" juda yaxshi shakllangan klub hisoblanadi. Tarkibda iqtidorli va tajribali futbolchilar etarlicha.

Tecno

Aytib o‘tish kerakki, bugun darvozabonimiz Botirali Ergashev juda yaxshi harakat qildi. Birinchi bo‘lim boshida bir qancha vaziyatlarda jamoasini yaqqol goldan saqlab qoldi. Biz esa o‘zimizda bo‘lgan imkoniyatlardan yaxshi foydalandik. Ikkinchi bo‘lim ham keskin kurashlarga boy bo‘ldi. Darvozamizga penalti belgilangan edi, ammo yana Botirali katta sahnaga chiqdi. Aytishim mumkinki, kim gol ursa, o‘sha jamoa g‘alaba qozonadi. 

Ushbu bahs tarixda qoldi. Endi keyingi o‘yinlarga tayyorgarlik ko‘rishimiz zarur. "So‘g‘diyona"ga esa O‘zbekiston kubogi yarim final bahsida omad tilayman. 

Oxirgi paytlarda Superligadagi o‘yinlar juda qiziqarli kechmoqda. Har bir jamoa maydonga faqat g‘alaba uchun harakat qilmoqda. Hech bir futbolchi yutqazgisi kelmaydi, shu bois, futbolchilar o‘yin paytida juda ko‘p tortishib qolmoqda. Bu futbol uchun normal holat hisoblanadi, menimcha. Oldin ham aytganman: futbol shashka emas. O‘yin paytida janjalli holatlar bo‘lib turishiga ko‘nikishimiz kerak", - dedi AGMK ustozi Mirjalol Qosimov. 

Ma’lumot o‘rnida, bugungi g‘alabadan keyin AGMK hisobidagi ochkolar soni 32taga etdi. Hozirda ular turnir jadvali 4-pog‘onasidan joy olgan.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!