Mirjalol Qosimov: "Yozda oʻyinchi olsak, faqat bir yoki ikkita, boʻlmasa shu tarkib bilan tugatamiz"
O‘zbekiston Kubogining ikkinchi turida OKMK klubi safarda “Qo‘qon-1912”ni 2:3 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. Ushbu uchrashuvdan so‘ng OKMK bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov matbuot anjumanida ishtirok etdi.
- Bizni guruhda qiziqarli jamoalar yig‘ilgandi. Bundan oldingi turda derbi bo‘lgandi. Qolaversa, bugungi o‘yindan ham o‘ziga xos qiziqarli o‘yin kutgandik. Gollar ko‘p bo‘ldi. Menimcha, muxlislarga yoqdi, deb o‘ylayman. O‘zinglar bilasizlar, Kubokda ikkinchi tur bahslari ko‘p narsani hal qiladi. Shuning uchun yigitlarimiz bor kuchlarini berishdi va chiroyli tarzda g‘alabaga erishdik. Oxirgi turda qo‘qonliklarni Bekobodda qiziqarli o‘yin kutyapti. Baribir hali guruhdan hech qaysi jamoalar keyingi bosqichga chiqishini naqd qilishmagan. Endi 20-sanada bo‘ladigan keyingi uchrashuvga tayyorgarlik ko‘ramiz. Bu ham qiziqarli bo‘ladi. Nimagaki, pro ligada o‘ynagan jamoa o‘zini ko‘rsatishga harakat qiladi. Birinchi turda ham buning guvohi bo‘ldik. Shundan keyin kichkina ta’tilga chiqamiz.
- “Qo‘qon-1912” darvozasiga kiritilgan uchala golda ham omad sizlar tomonida bo‘ldimi?
- Bu har bir sohada, faqat futbolda emas. Omad yonma-yon yurishi kerak. Futbolda shunaqa tendensiya bor: omad bo‘lmasa yarim metrdan ham bo‘sh darvozaga to‘pni yo‘l-lay olmaydi. Omad bo‘lsa ikkita rikoshet bilan ham to‘p darvoza ichidan joy oladi. Shu bois omad albatta kerak. Biroq futbol shunaqaki, oxirigacha kurashish kerak. Yigitlarimiz to‘xtab qolishmadi, oxirigacha kurashishdi. Darvozabon qaytargandan keyin ham ikki-uchta zarbadan so‘ng to‘p darvozani ichidan o‘rin oldi. Shu bois ham omad kerak.
- Yozgi transferda jamoaga yangi o‘yinchilar olinadimi?
- Agar olsak ham bitta yoki ikkita qo‘shishimiz mumkin. Shunda ham bizning o‘yinga va talabimizga javob beradigan bo‘lsa! Bo‘lmasa, shu tarkib bilan chempionatni oxirigacha yetkazib qo‘yamiz.
- Terma jamoada o‘ynagansiz va boshqargansiz. Jahon chempionatida terma jamoamizdan nima kutyapsiz?
- Bitta narsani aytishim mumkin: faqat omad! Ishonamiz, bu futbol. Muxlislarimizni xushnud etishadi, deb o‘ylayman. Oldimizga qo‘yilgan birinchi maqsad guruhdan chiqish va buni uddalashadi, deb o‘ylayman va omad tilab qolaman.
- OKMK Kubok o‘yinida ikkita turda 5 ta gol o‘tkazdi. Bu nima bilan bog‘liq?
- Juda ham ko‘p. “Metallurg” bilan o‘yinda ham oddiy vaziyatlarda va bugun ham birinchi o‘tkazgan golimiz oddiy vaziyatda bo‘ldi. Yoki standartdan o‘tkazilganda ham muvozanat yo‘qotildi. Ishlanyapti. Tagin ham gol uryapmiz. Har doim futbolda bu narsa foyda bermasligi mumkin. Oddiy vaziyatlarda xatoga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak. Shuncha mehnat arzimagan narsa bilan yuvilib ketishi mumkin. Bu bitta o‘yinchini emas, butun jamoaning mehnati. Buni hurmat qilish va qadrlash kerak. Ana o‘shanda o‘sish bo‘ladi.

Fikrlar