
Mirzakamol Ne’matov: "Boksni tashlab, ishlashga majbur bo‘lganman"
Yurtimiz professional boksida ham ko‘plab iste’dod vakillari etishib chiqmoqda. Aksariyati xorij promouterlik kompaniyalari bilan shartnoma imzolab ulgurgan bo‘lsa, ko‘pchilik qismi mahalliy promouterlar ko‘magida faoliyat yuritmoqda.
Ana shunday mahoratli vakillarimizdan biri Mirzakamol Ne’matovdir. Ushbu bokschimiz ham professional faoliyatini boshlaganiga ko‘p bo‘lmagan bo‘lsa-da, asta-sekin g‘alabali yurishini davom ettiryapti.
Biz bugun mazkur bokschimiz bilan bo‘lgan suhbatni e’tiboringizga havola etamiz.
Sports.uz ma’lumotnomasi
Mirzakamol Ne’matov 1997 yil 11 may kuni Farg‘ona viloyati, Beshariq tumani, Rapqon qishlog‘ida tavallud topgan. Boks bilan 2009 yildan buyon shug‘ullanib keladi. Birinchi murabbiyi Zoirjon Usmonov. Havaskor boks bo‘yicha yoshlar o‘rtasida bir necha bor mamlakat chempionati g‘olib va sovrindorlari qatoridan joy olgan. Professional boksdagi natijasi 9-1, WPBF (Mintaqaviy) chempionlik kamari sohibi sanaladi. Menejeri hamda promouteri Umidjon O‘rinov va Jo‘rabek Cho‘lponov.
- Suhbatni boks olamiga kirib kelishingiz tarixi bilan boshlasak, odatda bolalarning yakkakurash bilan jiddiy shug‘ullanishiga qandaydir sabablar bo‘ladi?
- Avvalo, bu sport turiga o‘zimda qiziqish yuqori bo‘lgan. Qolaversa, bolalikda maktabda, ko‘chalarda juda ko‘p janjallashib kelardim. Shuning uchun buvim meni boks to‘garagiga borishimni va jiddiy tarzda shug‘ullanishim kerakligini aytgan. Shu bilan boksga qadam qo‘yganman. O‘shanda 5-sinf edim.
- Siz havaskor yo‘nalishda yoshlar o‘rtasida salmoqli natijalar qayd etgansiz, nega ushbu yo‘nalishda faoliyatingizni jiddiy olib bormagansiz?
- To‘g‘ri, havaskor boks bo‘yicha yoshlar o‘rtasida O‘zbekiston chempioni bo‘lganman. Xalqaro turnirlar g‘olib va sovrindori bo‘lganman. Biroq, yoshlar toifasida faoliyat yuritib, endi kattalarga o‘tadigan vaqt moliyaviy qiyinchiliklar yuzaga kelgan va boksni tashlab ishlashimga to‘g‘ri kelgan. Shuning uchun kattalar o‘rtasidagi musobaqalarda ishtirok eta olmagandim.
- Keling yoshlar o‘rtasidagi faoliyatingizga to‘xtalsak, o‘sha vaqt mamlakat chempionatlarida sizga jiddiy raqobatchi va noqulay raqib kimlar edi?
- Andijonlik Sultonmurod Omonov, Toshkent vakili Eldor Merjanov va qo‘qonlik Kozimbek Mardonov bo‘lgan. Ular orasida eng noqulayi Kozimbek Mardonov edi.
- Professional boksda faoliyatni boshlashingizga qanday voqelik asosiy sabab bo‘lgandi?
- Havaskor boksni to‘xtatganimdan so‘ng, 3-4 yil ishlab yurganman. O‘sha vaqtlar Toshkentda qurilish sohasida tadbirkorlik qiladigan qarindosh akamni oldiga borganman. Akam yana boksga qaytishimga sababchi bo‘lgan. Barchasini qilib beraman, sen shug‘ullan va yaxshi natijalar qayd etsang faqatgina xursand bo‘laman, degandan keyin professional faoliyatni boshlashga qaror qildim. O‘zim ham boshqa sohada biror natija qilishga, moliyaviy imkoniyatimni yaxshilashga u qadar ishonmadim. Chunki boks baribir o‘ziga tortaverardi.Onam ham Olimpiada chempionlarini ko‘rsa, seni ham shunday natijalarga erishishingni xohlardim, deb ko‘p aytardi. Ishlab yurganimda do‘stlarimga professional boksga o‘tib, nasib qilsa chempion bo‘laman derdim. Shular asosiy sabab bo‘lgan.
- Professional faoliyatingizdagi bitta mag‘lubiyatni asosiy omili nima bo‘lgandi?
- Mag‘lubiyatdan avvalgi jangimga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida sparring o‘tkazganmiz va o‘shanda qo‘lim singan kuchli zarbam sparring sherigimni boshiga tekkandi. Shunday bo‘lsa-da jangni rad qilmay qo‘lni avaylab, 10 raund ishlab, g‘alaba qozondim. Jangdan keyin yana qo‘limni ko‘rsatdim, muolajalar bo‘ldiku, navbatdagi jangim ham tez aniq bo‘ldi. Jarohat to‘liq tuzalmagandi. Yutib turgan joyimda kuchli zarba yo‘llab, eski jarohat yana qaytalandi va qo‘lim ishlamay qoldi. Shuning uchun jangni to‘xtatishga majbur bo‘lganmiz. Shu tariqa g‘alaba Manuk Dilanyanga yozilgan.
- Janglaringizda rang-baranglikni guvohi bo‘lamiz. Umuman qaysi bokschini ko‘proq kuzatasiz?
- Jahon boksida Saul Alvaresni janglarini qoldirmay ko‘rib boraman. O‘zimizdan esa Isroil Madrimovga havas qilib, ularni harakatlaridan ba’zi jihatlarni o‘zlashtirishga intilaman.
- Qiyin vaziyatlar yuzaga kelganda qanday omil sizga motivatsiya beradi?
- Ota-onam, akam qo‘llab-quvvatlaydi. Qishloqda o‘sganmiz qiyinchiliklar juda ko‘p bo‘lgan, ushbu vaziyatlar, qiyinchilikdan chiqib ketish xislari motivatsiya beradi.
- Yurtimizda Rapqon boks maktabi anchagina mashhurlikka erishgan. Buni murabbiy, hakam Rustam Majidov nomi bilan bog‘lashadi. Siz bu borada qanday fikrdasiz?
- Biz ham ushbu maktabda tarbiyalanganmiz. Rapqon qishlog‘ida boksni rivojlanishida Rustam aka Majidovni xizmatlari katta. Ko‘plab chempionlar etishib chiqqan. Hozirda ham ularning izdoshlari tarbiyalanmoqda.
- Hozirgi kundagi promouteringiz Jo‘rabek Cho‘lponov borasida qanday fikrdasiz? Ushbu inson jiddiy, chempionlik janglarini tashkil eta olishga qodirmi?
- Jo‘rabek Cho‘lponov yaxshi promouter bo‘lishi barobarida ajoyib inson. Albatta, katta janglar tashkil eta oladi. May oyida navbatdagi janglarimizni o‘tkazamiz. Ushbu kechani ham promouterimiz o‘tkazadi. Raqiblar oddiy bo‘lmaydi. Nasib qilsa, yaxshi natijalar qayd etamiz!
- Suhbat uchun rahmat.O‘ylaymizki, ajoyib natijalar bilan o‘zbekistonlik boks muxlislarini xursand qilishda davom etasiz.
- E’tibor uchun rahmat. Albatta, yurtdoshlarimizni qo‘llab-quvvatlashlari bilan yaxshi natijalarga erishamiz!
Fikrlar