
Mishel Soro bilan revansh jangi bo‘ladimi? Isroil Madrimov javob berdi
Xabaringiz bor, 2021 yil 17 dekabr kuni Toshkentda Matchroom kompaniyasi tomonidan tashkil qilingan professional boks kechasi bo‘lib o‘tdi. Unda super yarim o‘rta vazn toifasida janglar o‘tkazib kelayotgan Isroil Madrimov WBA yakuniy eliminator jangida Mishel Soro ustidan g‘alaba qozonib, majburiy da’vogar maqomini qo‘lga kiritgan edi. E’tiborli tomoni esa jangda Madrimov raqibga ketma-ket kuchli zarbalar yo‘llashi davomida hakam gongni eshitmay qolganligi natijasida to‘xtash ishorasi berilmadi. Ko‘plab kuchli zarbadan keyin, hakam texnik nokaut qayd etgani ko‘pchilikning e’tiroziga sabab bo‘ldi. Shundan so‘ng, Soroning jamoasi tashkilotga natijani bekor qilib, revansh uchun buyruq berishni so‘ragan. Hozirda jarayon qanday ketayotganligiga qiziqqan holda, Isroil Madrimovga bu borada murojaat qildik.
-Umuman faoliyatga oid qanday yangiliklar bor?
-Faoliyatimiz yaxshi davom etmoqda. Hozir mashg‘ulotlarga kirishganmiz. Sport formamizni saqlab turgan holatda asosan jismoniy tayyorgarlik ko‘rmoqdamiz. Hozircha asosiy maqsadimiz shu. Chunki Charlo va Kastano o‘rtasidagi mutlaq chempionlik jangi mart oyida bo‘lishi kerak. Shu jangni ham kutmoqdamiz.
- Mishel Soro apellyatsiya bergandi. Bu jarayon qanday kechmoqda?
- Mishel Soroga keladigan bo‘lsak, u apellatsiya bergan. Buni WBA tashkiloti hal qiladi. Biz chempionlik janggiga yoki revansh jangiga buyruq beriladimi, shuni kutmoqdamiz.
- Siz WBA chempionlik kamariga rasman da’vogarsiz. Kastano-Charlo revansh jangi g‘olibi bilan jang qilishingiz kerak aslida. Bu qanchalik amalga oshadigan ish. Yoki Soro bilan revansh bo‘lishi haqida gap-so‘zlar bormi?
- Revansh jangi bo‘lish ehtimoli yuqoriroq. Bir tomoni bu chempionlik kamari uchun jangdan keyin bo‘ladimi, yoki oldinmi bu hali noma’lum. Fikrimcha revansh jangi birinchi bo‘lishi ehtimoli bor. Chunki bu vaznda ikkita chempion mart oyida jang o‘tkazadigan bo‘lsa, WBA yo‘nalishi birinchi bizga revansh berishi mumkin. Hozirda shuni kutmoqdamiz.
Fikrlar