
"Moslashishim qanday o‘tishini bilmayman" yoxud o‘zbekistonlik futbolchi Xitoy Taypeyi chempionatiga qanday borib qolganini bilasizmi?
O‘zbekistonlik futbolchi Ahror O‘ktamov faoliyatini Xitoy Taypeyi chempionatida davom ettirishga qaror qildi.
Andijonlik himoyachi rasman mahalliy “Taynan Siti” jamoasi a’zosiga aylandi. Futbolchining oxirgi klubi Tojikistonning “Istaravshan” jamoasi edi. O‘ktamov yangi klubiga ko‘chib o‘tishi bo‘yicha Sports.uz muxbiriga intervyu berdi.
- Xabaringiz bor, o‘tgan yili ikkinchi davrada Tojikiston chempionatida to‘p surdim, - deya gap boshladi, O‘ktamov. - Shundan keyin bir-ikkita agentlar menga aloqaga chiqishdi. Orada menga boshqa davlatlardan ham takliflar bo‘lib turdi. Ammo Tojikiston chempionatining oxirlariga borib jarohat oldim. Natijada jarohatimni yaxshilab davolatib keyin boshqa takliflarni ko‘rib chiqishga qaror qilgandim. Faqat vaziyat bo‘yicha biroz kutib turish kerak bo‘ldi. Qishki yig‘inda “Andijon” jamoasining mashg‘ulotlarida ham qatnashdim. Biroq jarohatimning asoratlari bilingani sababli u erdan ketishga majbur bo‘ldim. Natijada yana bir oycha yaxshilab davolandim. Meni koreyalik agentim bor. U menga bir qator klublarning taklifi bo‘yicha ro‘yxatni berdi. Ularning orasidan Xitoy Taypeyi jamoasining taklifini qabul qilishga qaror qildim. Buning uchun uydagilar bilan ham maslahatlashdim. Yangi chaqiruvni qabul qilish va kuchimni sinab ko‘rish o‘zim uchun ham qiziq tuyuldi. Bundan tashqari, yangi klubim OFK Kubogida ishtirok etadi, bu ham taklifni qabul qilishimga turtki berdi. O‘tgan yili mamlakat chempioni bo‘lgan.
- Necha yilga shartnoma tuzdingiz va yana qaysi klublardan takliflar olgandingiz?
- Qolgan jamoalardan tushgan takliflar bo‘yicha klublar nomlarini sir tutmoqchiman. Chunki men rasman “Taynan siti” jamoasiga o‘tdim. Hozircha olti oylik kelishuvga erishdik. Shartnoma tuzib bo‘lganim sababli endi boshqa variantlar haqida gapirishning hojati yo‘q.
- O‘tgan yili 4 ta klubda o‘ynadingiz. Bu yil yangi jamoangiz bilan nega aynan 6 oylik shartnoma tuzdingiz? Bu qisqa-ku...
- Ha, o‘tgan mavsumda 4 ta jamoada o‘ynadim. Buni o‘ziga yarasha sabablari bor. Ayrimlari bilan shartnoma tuzib, ko‘p o‘tmay uni bekor qilishimizga ham to‘g‘ri kelgan. Yangi jamoam bilan nima uchun 6 oylik tuzildi? Buni o‘zim xohladim. Chunki bu uzoq mamlakat, birinchi marta keldim. Moslashishim qanday o‘tishini hali bilmayman. Shuning uchun har tomonlama hisobga olib 6 oylik shartnoma tuzdim. Keyin vaziyatga qarab bitimni uzaytirishimiz mumkin. Xudoga tavakkal qilib keldim. Niyatim yanada yaxshiroq chempionatlarda to‘p surish.
- Sizga qanday sharoitlarni yaratib berishdi?
- Yaratilgan sharoitlar bo‘yicha barchasi joyida. Hozir karantindaman. Xitoy Taypeyi hukumati qaroriga ko‘ra, mamlakatga kirgan har bir inson 10 kun davomida majburiy karantinga olinar ekan. Meni mehmonxonaga joylashtirishdi, 10 kun mobaynida shu erda bo‘laman.
- Yangi mamlakatda o‘zingizni har tomonlama legioner sifatida to‘p surishga tayyorman deb hisoblaysizmi?
- Albatta, tayyormiz. Bu yog‘ini vaqt ko‘rsatadi. Hamma vaqt o‘zimdan yaxshi taassurot qoldirishga harakat qilaman. O‘tgan yili Tojikistonda legioner bo‘lib ham o‘ynadim. Barcha yuk legionerlarga tushadi, buni biz yaxshi his qilib turamiz. Tojikistonda shu narsani boshimizdan o‘tkazdik.
- Yangi jamoangiz haqida yana qanday ma’lumotlarga ega bo‘ldingiz? Har xolda begona mamlakatga moslashish ham oson kechmaydi...
- Bungacha klub haqidagi ma’lumotlarni o‘zim qidirdim, topdim va surishtirdim. Agentimdan ham so‘radim. O‘zimga kerakli ma’lumotlarni olishga harakat qildim. Klubimdagilar ko‘nikishimga yordam berishadi. Yangi jamoamda men bilan 7 nafar legioner bor. Ularning orasida rossiyalik futbolchi ham to‘p suradi. U bilan ko‘proq muloqot qilib, moslashishga harakat qilaman. Rossiyalik legionerlar bir-ikki yildan beri Xitoy Taypeyi chempionatida o‘ynar ekan. Klub menejeri ham rossiyalik o‘yinchi seni moslashishingda ko‘proq yordam beradi, deb aytdi. Karantin tugab, klubimga qo‘shilganimda qolganlar bilan tanishaman.
- Xitoy Taypeyi chempionatining saviyasi u qadar baland emas. Legioner sifatida tajribangizni oshishiga bu chempionat qanchalik yordam beradi, deb o‘ylaysiz?
- Menimcha, unchalik past deb bo‘lmaydi. Bu erda yaxshi saviyadagi legionerlar bor. To‘g‘ri, O‘zbekiston chempionatidan past bo‘lishi mumkin. O‘zimiz uchun ham yanada rivojlanish uchun harakat qilamiz. Ochig‘i, bu erdagi chempionatning saviyasini to‘liq bilmayman. Harakat qilamiz, bu yog‘i Xudodan, boya aytdim, tavakkal qilib kelganman.
- Klubning bu yilgi vazifasi qanday? OFK Kubogida qaergacha bormoqchi?
- Birinchi o‘rindagi vazifa yana mamlakat chempionligini qo‘lga kiritish. OFK Kubogidagi dastlabki maqsadi guruh bosqichidan chiqib olish. U yog‘iga yangi-yangi maqsadlar qo‘yiladi. Guruhimizda Gonkong va Makao klublari bor. Yana biri pley-off orqali aniqlanadi.
Fikrlar