Muhammadievga iste’fo haqidagi gaplar yoqmayapti, ammo natija qani?

  • 08.07.2020 13:25
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 4
  • Futbol

Coca-Cola Superliganing 8-turida “Buxoro” klubi yana mag‘lubiyatga uchradi. Bu safar Jizzaxda “So‘g‘diyona”dan mag‘lubiyatni qabul qilib oldi. Natijada buxoroliklarning g‘alabasiz o‘yinlari soni 8 taga etdi. Ya’ni, mavsum boshlanganidan beri shu ahvol. 2 ta durang va 6 ta mag‘lubiyat. To‘plar nisbati esa juda yomon – 4:20. Hozirgacha o‘z darvozasidan eng ko‘p gol o‘tkazgan jamoa bo‘lib turibdi.

Ko‘rinib turibdiki, “Buxoro”ning o‘yinida nuqsonlar to‘lib-toshib yotibdi. Bunday muvaffaqiyatsizlik qachongacha davom etarkin? Klubning bir qator o‘yinlarini kuzatar ekanmiz, afsuski, hammasi qayd etilayotgan natijalarga mos tushmoqda. To‘g‘ri, pandemiya tufayli “Buxoro” legionerlaridan foydalana olmayapti. Ammo klubning o‘zi xorijlik futbolchilarini uylariga ketishiga ruxsat bergan. Holbuki, chempionatimizda tanaffus yuzaga kelgan mahalda boshqa jamoalardagi legionerlar hech qaerga ketishmagandi. Shunday ekan, bu muammo “Buxoro”ning o‘ziga taalluqli va hadeb legionerlarining yo‘qligini ro‘kach qilmasa ham bo‘ladi.

Tan olish kerakki, ko‘pchilik “Buxoro”da ham o‘zgarish bo‘lishini kutmoqda. Avvaliga rahbariyat tizimida o‘zgarishlar yuz bergandi. Balki endi navbatdagi mag‘lubiyatdan so‘ng yana bosh murabbiy masalasi asosiy o‘ringa chiqib qolgandir. Aslida chempionatni ketma-ket uchta yirik hisobdagi mag‘lubiyat bilan boshlashganidan keyin Muhsin Muhammadievga 4-turdagi o‘yin oxirgi imkoniyat sifatida aytilgandi. Biroq keyinchalik koronavirus pandemiyasi sababli hammasi o‘zgarib ketdi va natijada chempionatimizda uch oylik tanaffus yuzaga keldi. Bu orada esa Muhammadiev Moskvaga ketdi. Oqibatda u “Buxoro” klubiga restartdan keyin qo‘shildi. Bungacha esa u “Buxoro”ning ayrim uchrashuvlarida ishtirok eta olmadi. Karantindan qaytganidan keyin jamoasi bilan yana ishga kirishgach ham vaziyat o‘nglanmayapti.

Bu yoqda esa mahalliy muxlislar jamoaning natijalaridan norozi va bosh murabbiyga e’tirozlar ko‘paymoqda. Qolaversa, o‘yinlardan keyingi matbuot anjumanlarida ham Muhammadievga iste’fo haqida savollar berilmoqda. Ammo murabbiyga bu holat yoqmayotganini uning javoblaridan payqash qiyin emas. Balki Muhsin Muslimovich  “Buxoro”dan bunday ahvolda ketishni istamayotgandir, ammo unday bo‘lsa g‘alaba qani, Muhammadiev?!

Mag‘lubiyatlar, g‘alabasiz o‘yinlar jamoa futbolchilarini ham tushkun kayfiyatga tushirib qo‘ygan. Muhammadiev esa negadir “Buxoro”ni qiyin vaziyatdan olib chiqib keta olmayapti. Agar klub shu tariqa o‘yinlarini davom ettiradigan bo‘lsa, u holda bosh murabbiyning klubdagi faoliyati uzoq davom etmasligini taxmin qilish qiyin kechmaydi.

Uzun-quloq gaplarga qaraganda, “Buxoro”da Muhammadievning o‘rnini Jamshid Saidov egallashi mumkinligi haqida ham eshitib turibmiz. Saidov esa yaqinda “Buxoro”da texnik direktor vazifasida ish boshlagan. Balki uning sobiq klubiga qaytgani bejiz emasdir. Qolaversa, ilgari klubda rahbar bo‘lib ishlagan Alisher Rustamov ham yana “Buxoro”ga qaytgan. E’tiborlisi, avval rahbar sifatida faoliyat yuritgan paytda Saidov murabbiylar shtabida bo‘lgan. Ko‘rib turganingizdek, voqealar rivoji go‘yoki biz kutgan jarayonga qarab ketayotgandek.

Shuningdek, bungacha “Surxon” hamda “Qizilqum” klublarida qisqa fursat rahbariyat tizimida ishlashga ulgurgan Hasan Ro‘ziev ham “Buxoro”da paydo bo‘lishi borasidagi gap-so‘zlar ham yo‘q emas. Hozircha Muhammadievning keyingi taqdiri borasida klub rasmiylari biror-bir munosabat bildirishgani yo‘q. Balki oltinchi mag‘lubiyatdan keyin tez orada qandaydir o‘zgarish bo‘lar, bu yog‘ini endi vaqt ko‘rsatadi. To‘g‘risi, Muhsin Muhammadiev boshchiligida joriy mavsumda “Buxoro”dan ko‘p narsa kutilayotgandi. Lekin u o‘zining murabbiylik salohiyatini to‘la-to‘kis namoyish eta olmayotgani ham ayni haqiqat.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Safar Nuriddinov
08/07/2020 16:37
Аллакачон.ковушини.олдигакуйиб.хайдашкеракэди.узюртибулмагандан кейин юрагиачимайди ойликкетаяпти одамларнинггапигаумуман ишийук бахоналар бирвагон бухорода канчайошуйинчи болалар бор уларнитугри уйнатса стадионнититратибюборади
Mirali Hcerali
08/07/2020 16:04
Хомяков якин кунларда бухоро жамоасини к,абул к,илиб олади
Расулжон Тоштемиров
08/07/2020 16:07
Ростданми
Расулжон Тоштемиров
08/07/2020 14:35
Бизга Бухоро керак Мухамамадев керак эмас бухорода мутахасис купку