Mundialning yana bir ishtirokchisi musobaqa uchun yakuniy qaydnomasini e’lon qildi
Jahon chempionati startiga sanoqli kunlar qolayotgan bir paytda, terma jamoalar musobaqada ishtirok etadigan tarkiblarini e’lon qilishda davom etmoqda. "Marea Roxa" (Qizil to‘lqin) laqabi bilan tanilgan Panama terma jamoasining bosh murabbiyi Tomas Kristiansen AQSh, Meksika va Kanada yashil maydonlarida bo‘lib o‘tadigan mundial uchun 26 nafar futbolchidan iborat yakuniy qaydnomani taqdim etdi.
Tarkibdan "Marsel" klubining sobiq, hozirda esa Turkiyaning "Beshiktosh" jamoasi sharafini himoya qilayotgan Amir Murillo ham joy oldi.
Turnir boshlanishidan avval Panama terma jamoasi ikkita o‘rtoqlik uchrashuvida kuch sinashadi: 31 may kuni Braziliyaga qarshi, to‘rt kundan keyin esa Dominikan Respublikasi bilan o‘yin belgilangan. Shundan so‘ng jamoa AQShga yo‘l oladi.
Panama guruh bosqichida ancha qiyin bo‘lgan "L" guruhidan joy olgan bo‘lib, dastlab 18 iyun kuni Ganaga qarshi maydonga tushadi. Guruhning qolgan ikki o‘yinida esa guruh favoriti — Xorvatiya (24 iyun) hamda Angliya (27 iyun) terma jamoalariga qarshi guruhdan chiqish uchun kurashadi.

Fikrlar