
"Murabbiy bilan kelishmovchilik sababli ketgandim" - Anvar G‘ofurov yana "Neftchi"da! Bu qanday sodir bo‘ldi?
2020 yilgi chempionatni “Neftchi”da boshlab, “Metallurg”da yakunlagan Anvar G‘ofurov yana farg‘onaliklar safiga qaytib keldi. U klub bilan shartnoma imzolagach, “Neftchi” matbuot xizmatiga intervyu berdi.
Biz bu suhbatni biroz tahrirdan o‘tkazgan holda e’tiboringizga havola qilamiz.
- Anvarjon avvalambor, “Neftchi”safiga qaytganingiz bilan tabriklayman. Klubga qaytishingizga nima turtki berdi?
- Assalomu alaykum! Jonajon jamoamga qaytganimdan juda ham hursandman. Kelishim boisi, klubga bo‘lgan mehrim va jamoamiz bilan yangi mavsumda medallar uchun kurashish deb hisoblayman. Bundan tashqari, jamoamiz safida tajribali futbolchilar yig‘ilgan.
- O‘tgan mavsum birinchi davrasida “Neftchi”ni tark etgansiz. Bunga sabab nima bo‘lgan edi?
- Yaxshi savol berdingiz. O‘tgan mavsumda “Neftchi”ni tark etish niyatim yo‘q edi. Bu borada o‘zimga ham muxlislar ko‘p savol berishgan. To‘g‘risini aytaman, ketishimga sabab, o‘sha paytdagi murabbiy bilan oramizda ozgina kelishmovchilik bo‘lgandi va jamoani tark etishimga to‘g‘ri kelgan.
- “Neftchi” safida o‘ynamagan bo‘lsangiz ham baribir klubga befarq emassiz. O‘tgan mavsum davralar oralig‘idagi murabbiylar o‘zgarishi jamoaga qanday ta’sir qildi, deb o‘ylaysiz?
- Murabbiylar shtabi o‘zgarishi bilan “Neftchi”da ijobiy o‘zgarishlarni hamma ko‘rdi. Vitaliy Grigorevich Evropa futboli taktikalarini qo‘llaydigan mutaxassis xisoblanadi. Uning jamoaga kelishi o‘z samarasini berdi va klub Superligada qoldi. Umuman olganda, bosh murabbiyning taktikalari mening o‘yin amaliyotimga mos keladi, Xudo hoxlasa yangi mavsumda medallar uchun kurashamiz.
- Yangi mavsumda muxlislar uchun tilaklaringiz?
- Muxlislarimizga yangi mavsumda “Istiqlol” stadionga kelib qo‘llab-quvatlab turishsa, biz jonimizni berib maydonda ular uchun o‘ynab, mavsum yakunida ularni medallar bilan xushnud etishga harakat qilamiz va kirib kelayotgan yangi yilda barchaga sog‘lik-salomatlik, oilaviy baxt omad tilab qolaman!
Fikrlar