
"Murabbiy sifatida hali hech kim emasman" yoxud Anvar Berdiev nega "Neftchi"ni emas, balki "Sho‘rtan"ni tanladi?
G‘uzorning “Sho‘rtan” klubida o‘zgarishlar yuz bergani to‘g‘risida saytimiz orqali xabar berdik. Bosh murabbiylikka Aleksey Evstafeev tayinlandi. Anvar Berdiev esa yordamchi murabbiy sifatida ish boshladi.
O‘tgan yili Berdiev “Turon”ni boshqarganini yaxshi eslasangiz kerak. Endilikda “Sho‘rtan”da faoliyatini boshladi. Lekin bu safar bosh murabbiy rolida emas.
- “Sho‘rtan”da yordamchi murabbiy sifatida ish boshladingiz. Klubdan tushgan taklifga rozi bo‘lishingiz uchun uzoq o‘ylamadingizmi?
- Avvalambor, “Sho‘rtan” rahbariyatiga meni taklif qilishgani uchun rahmat demoqchiman. Bu erga kelishimdan oldin “Neftchi” U-21 jamoasidan ham taklif tushgandi. “Neftchi” jamoasining yangi prezidenti Mansurjon Toshmatov bilan ham bu masalada 2-3 marta ko‘rishib gaplashdik. U erda Aziz Alijonov ishlayotgani uchun rozi bo‘lmadim. Ammo “Neftchi” men uchun jonajon klubim. Alijonovning o‘rniga borgim kelmadi. Klub rahbariga taklif uchun minnatdorchilik bildiraman. “Neftchi”ga omad tilayman. Oldingi mavqeiga qaytishiga va yana Osiyo Chempionlar ligasida ishtirok etishiga tilakdoshman. “Sho‘rtan”dagilar menga darhol aytishdiki, bosh murabbiylikka Evstafeevni chaqirganmiz, ammo sizni ham yordamingiz kerak, pro ligada ishlagansiz, deb aytishdi. Men hali hech kim emasman. Murabbiylik ishini yaqinda boshlaganman. Bosh murabbiylik qilish uchun pro litsenziya ham kerak. O‘tgan yili pro litsenziyasi uchun o‘qish boshlansa, unisini ham, bunisini ham teng olib boramiz. deb o‘ylagandik. Ammo bunday bo‘lmadi. Chin ko‘ngildan Evstafeevga yordam berib, ishni boshladik. Qo‘limdan kelganicha “Sho‘rtan”ga yordam berishga tayyorman.
- O‘tgan yili “Turon”ni boshqarib, ozmi-ko‘pmi jamoani Superligaga qaytishida o‘z hissangizni qo‘shdingiz. 2023 yilda yana pro ligadasiz va bu safar ikkinchi murabbiy rolida. Balki, ushbu holat siz uchun murabbiy sifatida biroz orqaga chekinishdir. Albatta, pro litsenziya yo‘qligi ham rol o‘ynayapti.
- Bunda hech qanaqa muammo ko‘rmayapman. Yaxshi futbol o‘ynaganmiz-u, biroq murabbiy tariqasida hali hech narsa qilganim yo‘q. Bu borada o‘rganishim kerak bo‘lgan narsalar ko‘p. Yordamchi murabbiy sifatida ishlab bosh murabbiydan o‘zimga kerakli bilimlarni olishga harakat qilaman.
- “Sho‘rtan” yillar davomida muammolar girdobida qolayotgandi. Oxirgi paytlarda klubda ijobiy o‘zgarishlar ko‘zga tashlanyapti. Nima deb o‘ylaysiz, “Sho‘rtan” qachon Superliga uchun tayyor bo‘la oladi?
- Yaqin yillar ichida menimcha “Sho‘rtan” Superligaga chiqish vazifasini qo‘yadi, deb o‘ylayman. Aytganingizdek, klub qarzdorlik girdobiga tushib qolgandi. “Sho‘rtan” haqida endi hamma yaxshi fikrda. Hech kimdan qarzdorligi qolmagan. Xudo xohlasa, yaqin yillar ichida “Sho‘rtan” avvalgi mavqeini tiklaydi, degan umiddaman.
- Aleksey Evstafeev bilan birinchi marta ishlayapsiz. O‘zaro til topishish qanday kechyapti?
- Evstafeevning futbolchilik davrini bilaman. Yaxshi o‘yinchi bo‘lgan. Murabbiy sifatida yoshlar terma jamoalarida ishlagan. Uning o‘ziga yarasha ish yo‘nalishi bor. Mening birinchi ishim – bu jamoa manfaati yo‘lida xizmat qilish. Birgalashib, jamoani avvalgi darajasiga qaytarsak bundan juda xursand bo‘laman.
- Tarkibda jiddiy o‘zgarishlar bo‘ladimi?
- O‘tgan yilgi tarkibdagi futbolchilar bor. Ko‘z ostimizga olib qo‘ygan o‘yinchilar ham mavjud. Baribir tarkibni kuchaytirishga harakat qilamiz.
- Chempionatga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha yig‘in rejasi qanday?
- Birinchi yig‘inimiz 28 yanvargacha G‘uzorda bo‘ladi. Bu erda barcha sharoitlar a’lo darajada. Qolgani yana rejaga qarab amalga oshadi.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar