
Murat Gassiev bilan jang qilgan o‘zbekistonlik bokschi xotiralaridan...
Professional boks olamida rossiyalik Murat Gassievning o‘z o‘rni bor. U yarim og‘ir vazn toifasida titullarga ega chiqishga ham ulgurdi.
Endilikda, og‘ir vaznda o‘z faoliyatini boshlagan. Bir so‘z bilan aytganda jahon profi boksining yulduzlaridan sanaladi.
Bu charmqo‘lqop ustasi haqida bejizga to‘xtalmadik. Chunki, u bilan ringda to‘qnash kelgan o‘zbekistonlik bokschilar ham bor.
Jumladan, havaskor boksda o‘smirlar va yoshlar o‘rtasida mamlakat chempioni, "Jakson" turniri chempioni, -81 kg vaznda kattalar o‘rtasida 2-o‘rin sohibi Farrux Madaminov keyinchalik professional boksda faoliyat yuritadi.
Garchi, omadli chiqmagan bo‘lsa-da, u kuchli bokschilarga qarshi jang qilishga muvaffaq bo‘ladi. Ulardan biri esa, Murat Gassievdir. Biz ushbu hamyurtimizdan rossiyalik bokschiga qarshi jang xotiralari bilan o‘rtoqlashishni so‘radik.
- Bu jang 2013 yil Rossiyaning Xanti-Mansiysk shahridagi professional boks kechasida bo‘lib o‘tgandi. To‘g‘risi, biz professional boksga professionallardek yondoshmaganmiz. O‘sha vaqtda bu yo‘nalishda mahoratingizni oshirish istagi bo‘lsa, faqat chetga Germaniya, AQSh xech yo‘g‘i Rossiyada faoliyat yuritish kerak edi. Qolaversa, ko‘p bora zahira bokschisi sifatida ringga ko‘tarilganmiz. Tayyorgarlik yaxshi bo‘lmasa ham shuncha gonorar beradi, desa ketaverganmiz.To‘g‘ri, bunga sharoit ham sababchi bo‘lgan.
Men o‘sha vaqtlar jangovar samboga ham qiziqishim oshib, ko‘proq e’tiborimni ushbu sportga qaratganman. Bu borada Respublika chempioni va sovrindori ham bo‘lgandim.
Xullas, o‘z imkoniyatimizga to‘g‘ri baho bermaganmiz, tayyorgarliklar yaxshi bo‘lmagan va yakunda professional boksda faoliyatimiz yorqin bo‘lmagan. To‘g‘ri ba’zi kuchli raqiblarini ham yutganman. Misol uchun, Denis Baxtovni mag‘lub etganman. Aksariyat yutuqli janglarimiz boxrec saytiga kiritilmagan. Bunga qiziqib ham ko‘rmagan ekanmiz.
Murat Gassiev bilan jangga 16 kg vazn tashlaganman. Birinchi raundni yomon boshlamagandim. Biroq, Gassiev bu jangda mendan bir emas, ikki bosh ustun edi. Qolaversa, vazn yo‘qotib, quvvat ham pand bergan. Albatta, bu bahona bo‘la olmaydi. Agar, yaxshi holatda bo‘lganimda ham Gassiev texnik jihatdan baribir ustun edi. Zarba kuchi juda og‘ir edi. Ishonch bilan ayta olamanki, uning zarbasi og‘ir vazn toifasidagi bokschilarning 90 foizidan og‘irroq.
Ochig‘i, 2-raundda jigarga dahshatli zarba o‘tkazganman va o‘nglana olmaganman. U darhaqiqat ulkan mahorat sohibi. Keyinchalik qanday natijalar qayd etganidan boks muxlislari yaxshi xabardor bo‘lsa kerak. Hozircha birgina Aleksandr Usik uni to‘xtata oldi.
O‘ylaymanki, u og‘ir vaznda ham yaxshi natijalar qayd etadi.
Fikrlar