
Murod Otajonov: "Bir ochko qo‘lga kiritdik yoki ikki ochko yo‘qotdik, ochig‘i bilmayman"
O‘zbekiston Superligasi 6-turidan o‘rin olgan "Bunyodkor" - "Nasaf" bahsi yakunlandi. Unda tomonlar 1:1 hisobida durangga imzo chekdi.
Uchrashuvdan so‘ng tashkil etilgan matbuot anjumanida "Bunyodkor" bosh murabbiyi Murod Otajonov ishtirok etdi va quyidagi fikrlarni bildirib o‘tdi.
"Hammaga katta rahmat! O‘yin juda qizg‘in va jangovor tarzda kechdi. Qiyin bahs bo‘lishi aniq edi va shunaqa ham bo‘ldi. "Nasaf" kuchli jamoa ekanini isbotlay oldi. Bu kabi uchrashuvlar chempionatimiz saviyasini oshiradi. Yigitlarga ham o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Ular oxirigacha jang qilishdi va kerakli 1 ochkoni qo‘lga kiritishdi.
Futbolchilarimning xarakteri har xil. Ularni nazorat qilishga harakat qilamiz. Ammo futbolda hissiyotlar junbushga kelishi tabiiy holat, menimcha.
Ikkinchi raqam ostida o‘ynashimiz vaziyatga qarab tanlanadi. Dastlab birinchi taymda 3 markaziy himoyachi bilan harakat qildik, so‘ngra hujumkorlik bilan harakat qildik va 2 markaziy himoyachini qoldirdik.
Bir ochko qo‘lga kiritdik yoki ikki ochko yo‘qotdik, ochig‘i bilmayman. O‘yin stsenariysidan kelib chiqib, hammasi keskin o‘zgarib ketishi mumkin edi.
Fikrlar