
Mutaxassislar unga shunday ta’rif berishmoqda: Eldor Shomurodov o‘zbek futbolining reklamasi!
Dunyoning kuchli beshlik chempionatlaridan birida o‘zbekistonlik futbolchilar ham to‘p surishini xuddi jahon chempionatiga chiqishimiz singari orzu qilardik, to‘g‘rimi? Hamma narsa vaqti soati bilan deyishganidek, hamyurtimiz Eldor Shomurodov endi Italiya A seriyasida to‘p suradi.
To‘g‘ri, ancha yillar ilgari yana bir hamyurtimiz Ilyos Zeytullaev Italiyaning ko‘plab klublarida o‘ynagandi. Ammo keyinchalik uni “yo‘qotib” ham qo‘ydik. Lekin bu endi boshqa masala. Shomurodov esa Italiyaga tayyor, tajribali futbolchi sifatida ko‘chib o‘tdi. U o‘yin vaqti qachon kelishini kutib o‘tiradigan yoshda emas. “Jenoa” esa hamyurtimiz orqali hujumdagi kamchiliklarini bartaraf etishni ko‘zlab turibdi. Qolaversa, bu yangi raqobat ham deganidir. Eldorning faoliyatida yangi sahifa ochildi.
Umuman olganda, o‘zbekistonlik futbolchining Italiya A seriyasiga yo‘l olganining mazmun mohiyatiga chuqur nazar solsak, bu juda ko‘p narsani bildiradi. Ko‘rib turibsiz, saytimiz orqali ham berib boryapmizki, ko‘plab xalqaro ekspertlar, mutaxassislar Shomurodovning “Jenoa” bilan shartnoma imzolaganini faqat olqishlamoqdalar va bu borada o‘z fikrlarini bildirishmoqda. O‘zimizdagi mutaxassislar Shomurodov masalasida qanday munosabat bildirishyapti? Uning imkoniyatlarini qay tariqa baholamoqdalar? Shomurodov Italiya futboliga qanchalik mos tushadi? Ayrim mutaxassislarimiz ushbu masalalarda o‘zining fikr va mulohazalarini bildirishdi.
Usmon Toshev (Tojikiston terma jamoasi bosh murabbiyi):
- Eldor Shomurodov haqidagi yangilikni eshitib, o‘qib juda xursand bo‘ldim. Oddiy qilib aytganda, O‘zbekiston futbolini jahonga reklama qiladigan o‘yinchilarimiz ko‘paysa, futbolimizni yanada ko‘pchilik biladi va e’tibor qaratishni boshlaydi. Birinchi navbatda unga omad tilayman. Umid qilamanki, o‘zbek yigiti u erda o‘ynab ketadi. Shomurodovning o‘yiniga pandemiya ancha halaqit berdi. Shuning uchun ancha vaqt gol ura olmadi. Ungacha esa, Eldor o‘zining gollari bilan bizni o‘rgatib qo‘ygandi. Ammo u yana gol urishni boshladi. “Jenoa” esa uni har tomonlama tahlil qilgan. Shomurodovni nima uchun bemalol o‘ynab ketadi deyapman? Chunki u jiddiy yigit. Yurishidan, gapirishidan, o‘yinidagi harakatlaridan Eldorning oddiy, tarbiyali, kamtarin ekanligi seziladi. Bunaqa futbolchilar faqat o‘sadi. Albatta, Italiyada o‘zini yo‘qotib qo‘ymasligi va ortiqcha hayajonlanib qolmasligi lozim. O‘zbekistonda baribir urf-odatlarimiz o‘zgacha. Biroz uyalish, kamtarinlik, soddalik, hurmat qilish kabi xususiyatlar bizda bor. U erda esa faqat kurashish va o‘zini ko‘rsatish talab etiladi. Ammo Shomurodov professional. Karpin ham, sobiq jamoadoshlari ham, qolaversa, agentlari ham unga Italiyada o‘zini qanday tutish borasida maslahatlar berishgan. Asosiy tarkibdagi joyini topish uchun aslo uyalish kerak emas. Vaziyatning yana bir tomoni bor, ya’ni, yangi klubda Shomurodovni qanday qabul qilishadi? Unga qanchalik ishonch bildirishadi? Yangi jamoadoshlari esa Eldorni yangi muhitga moslashishiga yordam berishlari muhim. Evropa futbolini bilgan mutaxassis sifatida shuni aytishim mumkinki, u erlarda muhit yaxshi bo‘ladi. Murabbiy va futbolchilar professional, yangi jamoadoshini iliq qarshi oladilar, deb o‘ylayman. Shomurodov oddiy sharoitda ulg‘aygan bola, qattiq mehnat qildi va mana endi Evropaning kuchli beshlik chempionatlaridan biriga ketdi. Agar hamyurtimiz o‘zini ko‘rsatsa evropaliklarning yana boshqa o‘zbekistonlik futbolchilarga qiziqishi ortadi.
Yorqin Nazarov (“Bunyodkor-2” bosh murabbiyi):
- Eldor Shomurodovni Italiya A seriyasiga ko‘chib o‘tgani barcha o‘zbekistonliklarni xursand qildi. Bu yog‘iga ham unga faqat omad tilab qolaman. O‘ynab ketadimi, u erga mos tushadimi, degan savol ham bor. Menimcha, Shomurodovga o‘xshagan barcha xususiyatlarga ega bo‘lgan hujumchilar Italiya, Germaniya yoki kerak bo‘lsa Angliya chempionatiga ham mos tusha oladi. Hamyurtimiz “Jenoa”da o‘zini ko‘rsatishiga ishonyapman. U Evropa futbolida ko‘tarilish bosqichini aynan “Jenoa”dan boshladi. Yodingizda bo‘lsa, ancha yillar oldin Ilyos Zeytullaev degan futbolchimiz Evropa futbolida o‘zini ko‘rsatishni “Yuventus”dan boshlagandi. Ammo uning ishi yurishmasdan, keyinchalik futbolda ko‘rinmay ketdi. Shunga Shomurodovni o‘rtamiyona jamoadan boshlayotgani ham yaxshi bo‘ldi. Mazkur jamoada o‘z so‘zini aytib, yanada kuchliroq klublarga ketadi, deb o‘ylayman. Eldorni o‘zbekistonlik futbolchilar orasida birinchi raqamlisi, desa ham bo‘ladi. Agar to‘purarlar orasida yuradigan bo‘lsa, u erdagi agentlar va mutaxassislar o‘zbekistonlik boshqa futbolchilarni ham diqqat bilan kuzatishni boshlashadi. Shomurodov uchun juda xursandman.
Kamoliddin Murzoev (O‘zbekiston professional futbolchilar uyushmasi rahbari):
- Bu avvalo nafaqat Eldor, balki o‘zbek futboli uchun katta chorlov bo‘ldi. Umid qilamanki, hamyurtimiz Italiya futboliga tez moslashib ketadi va o‘zining ortidan yangi o‘zbek futbolchilariga yo‘l ochadi. Albatta, buning uchun undan katta mehnat, kuch va sabr talab etiladi. “Jenoa”ning hujum chizig‘ida Pandev, Destro, Pyatsa kabi kuchli o‘yinchilar bor. Bunday hujumchilar bilan raqobatlashish ham katta mashaqqat va zavq bag‘ishlashi turgan gap. Shomurodovga qanday maslahat bergan bo‘lardim? Avvalo, o‘ziga bo‘lgan ishonchi hech qachon so‘nmasin. O‘z oldiga yanada katta maqsadlarni qo‘ysa va mehnat qilishda davom etaversa, “Jenoa” unga tramplin vazifasini o‘tab beradi. Ronaldu, Ibragimovich kabi jahon yulduzlari bilan bir chempionatda to‘p surar ekansiz, futbol cho‘qqisiga yo‘l qaerda ekanini bilib olasiz va qaerga intilish kerakligini tushunib etasiz.
Fikrlar
тчи бугунча канча куч ва маблаг сарфлаган, ахир сарфланган пул бу халкни пули эмасми? Бунёдкор у учун 200 минг ишлаган буса, ростов 8 млн. Бунака футболчилар терма учун жонини бериб уйнаши керак деб уйлиман, керак булса легионерлар хакида канакадир конунгарчилик чикариш керак