Husanov? Gvardiola talabi bilan “Siti” olti futbolchidan voz kechadi
O‘zbekiston milliy terma jamoasi markaziy himoyachisi Abduqodir Husanov “Manchester Siti” sharafini himoya qilayotgani bois, ushbu jamoa haqidagi ma’lumotlarni o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari e’tiboriga havola qilishni davom ettiramiz.
Ayni paytda Xosep Gvardiola boshchiligidagi “Manchester Siti” bir oydan keyin boshlanadigan Angliya Premer-ligasi o‘yinlariga puxta tayyorgarlik ko‘rmoqda. Jamoa oldiga yana chempionlikni qaytarib olish, Evropa Chempionlar ligasida bosh sovrin uchun kurashish vazifasi qo‘yilgan.
Nufuzli manba – The Athletic nashrining yozishicha, ispaniyalik mutaxassis tarkibni ixchamlashtirish masalasiga jiddiy e’tibor qaratmoqda. Xosep Gvardiola qo‘l ostidagi futbolchilar etarli darajada o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishi va zaxirada qolib ketmasligi uchun ortiqcha o‘yinchilarni qo‘yib yuborish g‘oyasini ilgari suryapti.
Manbaga ko‘ra, murabbiylar shtabi klubdan ketishi kerak bo‘lgan olti nafar charm to‘p ustasi ro‘yxatini tuzib chiqdi. Unga ko‘ra, Gvardiola himoyachilardan Jon Stounz, Niko O'Rayli, yarim himoyachilardan Mateo Kovachich, Ilkay Gyundog‘an, Klaudio Echeverri, hujumchilardan Oskar Bobb bilan xayrlashishga tayyor.
Klub sport direktori Ugo Viana ularni to‘liq sotib yuborishi yoki hech bo‘lmaganda ijaraga jo‘natishi talab etiladi.
Ekspertlarning ta’kidlashicha, o‘tgan mavsumni jarohat tufayli o‘tkazib yuborgan Oskar Bobb yozgi tayyorgarlik jarayonida murabbiylar shtabi ishonchini qozonishga harakat qilmoqda va Xosep Gvardiola yosh hujumchi masalasida fikrini o‘zgartirishi mumkin.
Shuningdek, yoshi o‘tib qolayotgan Jon Stounzning ketishi jamoaga taklif etilgan yosh o‘yinchilar, xususan, markaziy himoyachi pozitsiyasida ishonchli o‘ynay oladigan Abduqodir Husanovning asosiy tarkibdan muqim joy olishiga imkoniyat ochishi mumkinligi aytilyapti.
- Jon Stounz o‘tgan mavsum Angliya Premer-ligasida jami 11 ta uchrashuvda ishtirok etib, chempionatning katta qismini to‘piq va tizzasidan olgan jarohatlari tufayli o‘tkazib yubordi. Xosep Gvardiola bu yoz Stounz bilan xayrlashishga tayyor va uni potentsial transferlar ro‘yxatiga qo‘shdi.
“Manchester Siti” yanvar oyida o‘zbekistonlik himoyachi Abduqodir Husanov bilan shartnoma imzolagan edi. Bu omil klub yoshi o‘tib borayotgan Stounzdan voz kechishga tayyorgarlik ko‘rayotganidan dalolat beradi.
“Siti” yozda ham transfer bozoridagi faolligini susaytirgani yo‘q. Tarkibni yangilash va kuchaytirish maqsadida Tijani Reynders, Rayan Ayt-Nuri va Rayan Sherki olib kelindi. O‘z navbatida, Kayl Uoker “Byornli”ga sotib yuborildi, Kevin de Bryuyne esa, Italiyaning “Napoli” klubiga ko‘chib o‘tdi, - deb yozdi Spotti sayti.
Abduqodir Husanov Manchesterga kelganidan beri Angliya Premer-ligasi, mamlakat kubogi, Evropa Chempionlar ligasi va klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida jami 11 ta uchrashuv o‘tkazib, o‘z hisobiga bitta gol yozdirib qo‘ygan.



Fikrlar