
"Muxlislarimiz xuddi uyimizda o‘ynayotgandek muhitni yuzaga keltirdilar, eng zo‘r o‘yinimiz oldinda" - Vodiy derbisida qahramonlik ko‘rsatgan "Andijon" darvozaboni yana nimalar dedi?
“Andijon” vodiy derbisida Farg‘onada “Neftchi”ga qarshi muhim uchrashuvda durang o‘ynadi. Ayniqsa, “Burgutlar” posboni Igor Litovka chinakam qahramonlik ko‘rsatdi. U bir necha bor jamoasini muqarrar gollardan saqlab qoldi.
Shu kuni chindan ham Litovka eng zo‘ri edi. Shu bois futbolchiga bir qator savollar bilan murojaat qildik.
- Igor, vodiy derbisidagi uchrashuvdan qanday taassurotlar oldingiz?
- Albatta, o‘yindan olgan taassurotlarimga ta’rif bera olmayman. Maydonda boshqacha, har qanday kishini to‘lqinlantirib yuboradigan muhit hukm surdi. Ayniqsa, bizni qo‘llash uchun bu erga etib kelgan muxlislarimiz xuddi uyimizda to‘p surayotgandek muhitni yuzaga keltira oldilar. Ha, barchamiz bu vodiy derbisi ekanligini his qildik. Bir so‘z bilan aytganda, ikkala klubning muxlislari bu oqshom stadionda qoyilmaqom muhitni yuzaga keltira oldilar. Bunday sharoitda boringni berib futbol o‘ynaging keladi xolos. Yuqorida muxlislarimizning qo‘llab-quvvatlashlari juda bo‘lakcha bo‘lganini bejiz aytib o‘tmadim. Shuningdek, o‘yinimizni televidenie orqali tomosha qilgan ishqibozlarimizga ham minnatdorchilik bildirmasdan o‘ta olmayman. Biz yutamizmi yoki yo‘q, doimo birga bo‘lishimiz kerak, deb hisoblayman.
- Siz o‘yinning eng yaxshi futbolchisiga aylandingiz. Bunday e’tirofni kutganmidingiz?
- Kimnidir alohida ajratib ko‘rsatish mushkul. Butun jamoa borini berib o‘ynadi. Biz bir jamoamiz. G‘alaba ham, mag‘lubiyat ham faqat jamoaniki bo‘ladi.
- Umuman, natija bellashuvga mos bo‘ldimi?
- Ha, natija o‘yinga mos bo‘ldi, deb o‘ylayman. Ehtimol, maydon egalari bizga nisbatan ko‘proq xavfli vaziyatlarni yuzaga keltirgan bo‘lishlari mumkin. Ammo bizda ham o‘yinning birinchi va ikkinchi bo‘limida gollar urish uchun juda yaxshi imkoniyatlar yuzaga keldi. Agar gol ursak maydon egalariga juda qiyin bo‘lar va mag‘lubiyatga uchratishimiz ham hech gap bo‘lmasdan qolardi. Bilasiz, “Neftchi” chempionat boshlanganidan beri hali kuragi erga tekkani yo‘q. Bu jamoaning yoqimli seriyasini to‘xtatgan raqib biz bo‘lsak ajoyib ish amalga oshardi. Umuman olganda, derbidagi natijani ijobiy deya baholashim mumkin.
- Siz o‘yinga qo‘shimcha kuchni qaerdan oldingiz? Chunki jamoani bir necha bor muqarrar gollardan saqlab qoldingiz?
- O‘zgacha muhit hukmronlik qilayotgan maydonga chiqish har qanday futbolchiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmasdan qolmaydi. O‘z navbatida bu muhit o‘yinchining kuchiga kuch qo‘shadi. Jamoamiz muxlislari uchun kurashdik. Axir ular ortimizdan bu erga bizni qo‘llab-quvvatlash uchun etib keldilar. Fursatdan foydalangan holda Farg‘onaga kelgan “Andijon”ning minglab muxlislariga katta rahmat aytaman.
- Keyingi uchrashuv ham vodiy derbisi nomi ostida o‘tadi va “Navbahor”ga qarshi muhim o‘yin bor. Bo‘lajak bahs oldidan nimalarni aytgan bo‘lardingiz?
- Navbatdagi bellashuv bugungisidan ham qiziqarli o‘tishiga hech qanday shubham yo‘q. Chunki “Navbahor” Osiyo Chempionlar ligasida o‘ynamoqda. O‘zaro bahsimiz oldidan ular tarkibida Neymar, Kulibali kabi jahon tanigan futbolchilari bo‘lgan “Al Hilol” bilan kuch sinashadilar. Derbida “Navbahor”ga haqiqiy jangni taqdim etishga harakat qilamiz. Boz ustiga o‘z maydonimizda to‘p suramiz. Uchrashuvgacha hali ancha bor. Shu bois bellashuvga puxta tayyorgarlik ko‘rishga ulguramiz. Navbatdagi vodiy derbisida jonkuyar ishqibozlarimizni xursand qilish uchun maksimum kuchimiz bilan to‘p surishga tayyorgarlik ko‘ramiz.
- Nima deb o‘ylaysiz, bu sizning eng yaxshi o‘yiningizmidi?
- O‘ylaymanki, mavsumdagi eng zo‘r o‘yinimiz hali oldinda. Chunki hisobimizda yana 8 ta o‘yin bor. Bu bellashuvlarni yaxshi saviyada o‘tkaza olamiz, deb hisoblayman.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar