“MYu” yil oxirida qay ko‘rinish hosil qilishi mumkin? (Erkinjon G‘aybullaev blogi)

  • 7 aprel, 2019, 18:10
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

“Manchester Yunayted” “Old Trafford”da ishga kirishganidan keyin yaxshi natijalarga erishib, klub xo‘jayinlarining to‘liq ishonchiga sazovor bo‘lgan Ole Gunnar Sulsher bilan katta-katta marralarni reja qilishi aniq.

Tecno

Ammo oldinda qilinadigan ishlar ko‘p. “PSJ” va “Vulverxempton”dan uchralgan mag‘lubiyat tarkibning zaif nuqtalarini ko‘rsatib qo‘ydi. Albatta bu muammolarni hal qilishning asosiy yo‘li transferlar orqali hal qilinadi.

Aytishlariga ko‘ra, klub yozda to‘rt futbolchi bilan o‘z safini to‘ldirmoqchi. Yangi kelgan futbolchilar va tarkibdagi mavjud vakillar bilan klubning yil oxiridagi tarkibi qay ko‘rinish kasb etishi mumkin?

“Orzu”

“Manchester Yunayted” o‘z tarkibini to‘rt futbolchi bilan to‘ldiradigan bo‘lsa, bu pozitsiyalar – o‘ng qanot himoyasi, o‘ng qanot vingeri, markaziy himoyachi va tayanch yarim himoyachisi bo‘lishi kerak. Kuchaytirilishi zarur bo‘lgan boshqa pozitsiyalar ham bor, ammo klub bu nuqtalarda kamida jahon darajasidagi futbolchilarga ehtiyoj sezmoqda.

“Orzu stsenariysi” avvalo grand jamoalardan bo‘layotgan qiziqishlarga qaramay tarkibda David De Xea va Pol Pogbani saqlab qolish bo‘lishi kerak. Keyin himoyada Viktor Lindelyof va Lyuk Shoular qatoriga 21 yoshli ingliz himoyachisi Aaron Van-Bissakani olib kelish bo‘ladi. Angliyalik himoyachi o‘zining iqtidorini “Kristal Pelas”da to‘liq namoyish qilmoqda. Van-Bissaka Eshli Yangga o‘rinbosar bo‘lishi va kelayotgan o‘nyillikda klubning bu nuqtadagi muammosini yopishi shart. Himoya markazidagi nuqtani Kalidu Kulibali egallashi zarur. “Napoli” ustozi Karlo Anchelotti yaqinda uning transferi imkonsiz ekanligini aytdi. Ammo orzu variantida buning imkoni bor, neapolliklarning esa transfer bahosi. Kulibalining transferi yangi dunyo rekordini o‘rnatsa ham ajablanmaslik kerak. U ayni vaqtda dunyoning eng zo‘rlaridan biri.

Yarim himoyada esa Pogba o‘ziga bo‘lgan ishonchni qaytarib olgan Fred bilan javlon uradi. Ammo maydon markazining muhim nuqtasida yangi vakil – Ivan Rakitich o‘ynaydi! U “qizil iblislar”ga yarim himoyani tartibga tushirishda juda asqotadi.

Oldingi chiziqda Reshford va Marsyallar harakat qiladi. “B reja”da esa ularga Lukaku yordam beradi. O‘ng qanot vingeri sifatida 18 yoshda ekanligiga qaramay butun Bundesligani o‘ziga qaratgan Jeydon Sancho bo‘ladi.

Sancho bu mavsumda ichki chempionatda 12 ta golli uzatmani amalga oshirgan. Faqatgina Messi bu borada undan oldinda. “Borussiya Dortmund” xo‘jayinlari angliyalik hujumchi sotuvga qo‘yilmasligini ta’kidlashdi. Ammo “MYu”ning moliyaviy qudrati va Premer Liganing ohanrabosi Jeydon Sanchoni ortga qaytishga ko‘ndira olar? Kim bilsin.

Haqiqat

Voqelikda bo‘lish doim yaxshi, ayniqsa Ser Aleks Fergyussondan keyingi davrda. Barcha gap-so‘zlarga qaramay, kelayotgan yozda ham katta transferlar amalga oshirilmasligi mumkin. Bunga bir necha faktorlar sabab bo‘lmoqda. Sulsherning klubga kelishi ortidan himoya chizig‘ining qayta jonlangani klub xo‘jayinlarini himoyani kuchaytirishga bo‘lgan ustuvorliklarini yo‘qolishiga olib kelishi mumkin. Birgina transfer yarim himoyada ro‘y berishi mumkin. Shundayam Ander Errera rostdan klubni tark etgan taqdirdagina sodir bo‘ladi.

“Qizil iblislar” 4-3-3 o‘yin sxemasida o‘ynashda davom etishi mumkin. Faqatgina o‘ng qanotda birgina kichik o‘zgarish sodir bo‘lsa kerak. Van-Bissaka keladigan bo‘lsa, Sanchoga ehtiyoj yo‘q, ammo “Chelsi”dan Xadson-Odoi “Old Trafford”ga kelishi ro‘y berishi mumkin. Angliyalik hujumchi o‘zini “Chelsi”da baxtli his qilmayapti.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!