
"Nasaf" etakchilik qilayotgan, "Navbahor" esa kira olmagan ro‘yxat. Superligamizning eng sermahsul jamoalari
Superligada hozircha 21 tur ortda qoldi. Intrigaga boy o‘tayotgan mavsum bizga avvalgilaridan ko‘proq emotsiyalarni taqdim etyapti. Teng kuchli 3-4 ta jamoa chempionlik uchun kurashayotgan bo‘lsa, quyi pog‘onalarda ham kurash avjida. Avvalgidek turnir jadvalida jarliklar yo‘q. Ayni dam jadval haqida so‘zlash niyatida emasman. Chin muxlislar qaysi jamoa nechanchi o‘rinda ekanligini yoddan biladi. Keling, Superligadagi ayrim raqamlarga nazar solamiz:
Superligamining eng sermahsul jamoalari:
5."So‘g‘diyona"
Turnir jadvalida: 5-o‘rin
Urilgan gollar: 27 ta
O‘tkazib yuborilgan gollar: 22 ta
Jizzaxliklar joriy mavsum birinchi davrada yaxshi o‘yinlar namoyish etib, bir qator chiroyli g‘alabalarni qo‘lga kiritdi. Biroq... Biroq so‘nggi turlarda ular qayd etayotgan natijalar juda salbiy, desam adashmagan bo‘laman. 15-turdan so‘ng 30 ochko to‘plashga erishgan "bo‘rilar" qolgan 6 o‘yinda atigi 3 ochko qo‘lga kiritdi. Darvoqe, jizzaxliklar O‘zbekiston kubogidagi yurishini yarim finalda to‘xtatdi. "Navbahor"ga qarshi o‘yinda ular ko‘p kuch sarflab, yakunda penaltilar seriyasida namanganliklarga imkoniyatni boy berdi. Jamoaning asosiy maqsadi Superliga turnir jadvalida kuchli to‘rtlikka kirish, nazdimda. Ammo hozirgi holatidan olib qarasak, mazkur missiyani uddalash ham qiyindek, go‘yo.
4. AGMK
Turnir jadvalida: 6-o‘rin
Urilgan gollar: 29 ta
O‘tkazib yuborilgan gollar: 19 ta
AGMK joriy mavsum avvalgisidek yaxshi natija ko‘rsata olmadi. O‘tgan mavsum 3-o‘rinni qo‘lga kiritgan klubning tobora kuchli uchlikka kira olmasligi oydinlashib bormoqda. Aslida, ular hamon o‘sha darajada. Biroq raqobat ularni ayab o‘tirmayapti. Shunday bo‘lsa-da, Mirjalol Qosimov shogirdlari urilgan gollar soni bo‘yicha Superligamizdagi 4-jamoa bo‘lib turibdi. Baribir olmaliqliklarda mutaxassis kuchli va o‘ziga yarasha nomlar bor.
3. "Qizilqum"
Turnir jadvalida: 4-o‘rin
Urilgan gollar: 30 ta
O‘tkazib yuborilgan gollar: 24 ta
Kombinatsion futbolning namoyondalari va anchagina hujumkor o‘yin ko‘rsatuvchi Lazarevich shogirdlari gol urish bobida ham chempionatimizning eng kuchli jamoalaridan biri hisoblanadi. Joriy mavsumda "Qizilqum" 21 ta bellashuvda 30 bor raqiblar darvozasini ishg‘ol qilgan. Jamoaning asosiy to‘purari esa Temurxo‘ja Abduxoliqov hisoblanadi. Oldingi chiziqqa gap bo‘lishi mumkin emas. Biroq mudofaada kamchiliklar bor. Agar shu muammo tuzatilsa, kelasi mavsum chempionlik uchun kurashib ko‘rsa ham bo‘ladi, nazdimda.
2. "Paxtakor"
Turnir jadvalida: 3-o‘rin
Urilgan gollar: 30 ta
O‘tkazib yuborilgan gollar: 16 ta
O‘ziga o‘xshamayotgan "sherlar", o‘ziga o‘xshamasa ham har doim kuchlilar qatorida. Ularning qulash nuqtasi qaysidir jamoalar uchun ko‘tarilish demakdir. O‘tgan mavsum 26 tur yakuniga ko‘ra, 51 bor raqiblar darvozasini ishg‘ol qilgan jamoa bu mavsum istasa ham ushbu ko‘rsatkichni takrorlay olmasa kerak. Shunday bo‘lsa-da, ular gol urish bo‘yicha eng yaxshi ikkinchi ko‘rsatkichni qayd etmoqda. Ularda hamon chempion bo‘lish imkoniyati mavjud. Shu bilan birga, sermahsullik bo‘yicha peshqadamdan farq u qadar katta emas.
1. "Nasaf"
Turnir jadvalida: 1-o‘rin
Urilgan gollar: 33 ta
O‘tkazib yuborilgan gollar: 11 ta
"Ajdarlar" joriy mavsum ayrim pallalarda tanqidlarga duch keldi. Biroq men bunda ma’no ko‘rmayapman. Ayni vaqtda Ro‘ziqul Berdiev shogirdlari Superligada etakchi. Shuningdek, sermahsullik bobida ham hozircha ularga etadigani yo‘q. Shunchaki, uzoq kutilgan chempionlikka bu mavsum qarshiliklar yaqin kelyapti. Kichkinagina qoqilish ham muxlislarning g‘azabiga sabab bo‘lyapti, ba’zan. Bu normal holat. Aytish kerakki, ular hozir Superligamizning eng yaxshi jamoasi. OChLdagi muvaffaqiyatli ishtirok ham buni isbotlay oladi. Biroq vaziyat tez o‘zgarishi mumkin. Va hatto "ajdarlar" eng sermahsul va eng yaxshi jamoa bo‘lib turgan payti ham chempionlikni qo‘ldan chiqarishi hech gap emas. Bunday pallalarda eng muhimi - stabillik.
Hali mavsum yakunlanishiga 5 tur bor. Qaysi klub chempion bo‘ladi, qay biri Superligani tark etadi - qolgan uchrashuvlarda bilib olamiz. Demak, so‘nggi turlar yonishi va yana ham sermahsul bo‘lishiga ishonsak bo‘ladi. Ko‘ramiz, jamoalarimiz ishonganimizni bizga taqdim eta olarmikan.
XUDAYQULOV Karim tayyorladi
Fikrlar