
"Navbahor" klubiga oid statistika
“Navbahor” klubi matbuot xizmati jamoaning joriy mavsumning 1-davrasida qayd etgan statistikasini taqdim etdi. Bu safar futbolchilarning kartochkalari statistikasiga to‘xtalishni lozim deb topdik.
Albatta, futbol jamoaviy sport turi sanalsada, yakkakurashlarga ham boydir. To‘p uchun kurashdagi bunday vaziyatlar esa odatda qo‘polliklarsiz o‘tmaydi. Shuningdek, ayrim paytlarda raqib hujumini bartaraf etish, bundan tashqari, asabni jilovlay olmaslik, qiziqqonlik ham futbolchilarning hakam tomonidan ogohlantirish olishlari, ayrim paytlarda esa hattoki, maydondan chetlatishlariga sabab bo‘ladi. Qisqasi, kartochkalar millionlar o‘yinining bir bo‘lagi hisoblanadi.
Superliganing 1-davrasida “lochinlar”ning 14 nafar futbolchisi hakamlar tomonidan sariq kartochkalar bilan "siylandi". Aytish lozimki, jamoaning hech qaysi a’zosi qizil kartochka olmadi.
Eng ko‘p ogohlantirish olgan futbolchi gruziyalik yarim himoyachi Elguja Grigalashvili. U hakamlar tomonidan 4 marta ogohlantirildi va buning natijasida Superliganing 13-turidan o‘rin olgan AGMK – “Navbahor” bahsini o‘tkazib yuborishga majbur bo‘ldi.
Keyingi o‘rinlarni esa 3 tadan sariq kartochka olgan holda tajribali himoyachilar – Davronbek Hoshimov hamda Boyan Tsiger, yarim himoyachi Jamshid Boltaboev va hujumchi Zoran Marushich egallab turishibdi.
Jamoa a’zolarining 1-davradagi kartochkalar bo‘yicha statiskasi esa quyidagicha:
Elguja Grigalashvili – 4 ta sariq
Davronbek Hoshimov, Boyan Tsiger, Jamshid Boltaboev, Zoran Marushich – 3 tadan sariq kartochka
Stanislav Andreev, Ehsoni Panshanbe, Jamshid Iskanderov – 2 tadan sariq kartochka
O‘tkir Yusupov, Rustamjon Ashurmatov, Yovan Jokich, Azimjon Ahmedov, Nurillo To‘xtasinov, Ibrohim G‘anixonov – bittadan sariq kartochka.
Fikrlar